O‘zbekiston | 15:34 / 26.03.2024
7941
12 daqiqa o‘qiladi

Sayxunobod tajribasi, oltin markazi va boshqalar - Namanganda nimalar kutilmoqda?

Namangan viloyatidagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi negizida 2 ta markaz tashkil etiladi. “Namangan-Pop-Chodak” yo‘nalishida har kunlik ekspress poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Sobiq “Karvon” bojxona maskani faoliyati tiklanadi. Qurilishi boshlangan yangi stansiyalar bitgach, viloyat o‘zining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 100 foiz qoplashi reja qilingan. Xitoylik investorlar Chustdagi mis koniga 200 mln dollar sarmoya kiritmoqchi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatining imkoniyatlarini ishga solish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda aytilishicha, viloyat eksportining 86 foizi to‘qimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga to‘g‘ri keladi. Mingbuloq va Kosonsoyda bir gektardan olinadigan daromad viloyat ko‘rsatkichidan 2 barobar kam. Aholiga berilgan 16 ming gektardan 3,5 ming gektari bo‘sh yotibdi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqo‘rg‘onda sanoatlashish darajasi past.

Sayxunobod tajribasi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani misolida Namangan viloyati Uychi tumanidagi 56 ta mahallada ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, tomorqadan 60-70 million so‘m daromad olish bo‘yicha namuna yaratish topshirildi.

Bunda, mahallalarda jami 4 mingta xonadonni tanlab olib, ularning daromadini oshirish choralari ko‘riladi. Keyingi bosqichda yana 4 mingtasiga moliyaviy, texnik, maslahat va boshqa ko‘rinishdagi amaliy yordam beriladi.

Shu tartibda, 35 ming xonadonga gulchilik, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay, kartoshka yetishtirishga ko‘maklashiladi. Bunga yetarli miqdorda kredit ajratish rejalashtirilgan.

Zargarlik

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i 78 million dollarlik eksport bo‘lyapti.

Prezident kecha tanishgan zargarlik korxonasini misol qilib, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat borligini ta’kidladi.

Shu bois, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinadi. Sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimi butunlay qayta ko‘rib chiqiladi.

Mutasaddilarga Turkiya tajribasi asosida Namanganda oltinni qayta ishlash va sotish bo‘yicha yirik markazni ishga tushirish topshirildi.

Yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish

Angren shahridan To‘raqo‘rg‘on tumanigacha 100 kilometrlik yo‘lda avtomobillar oqimi kuniga 10 mingdan oshadi. Bu yo‘lni ikki tomoni yil davomida jozibali. Lekin bu yerda odamlarni 2-3 soat ushlab qoladigan loyihalar kamligi qayd etildi.

Yo‘l bo‘yi servisi Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on tumanlari uchun drayver bo‘lishi, tadbirkorlar 2,5 trillion so‘m investitsiya kiritib, 10 ming aholini doimiy band qilishga tayyorligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga viloyat hokimligi huzurida alohida direksiya tashkil qilib, master-reja ishlab chiqish va yo‘l bo‘yidagi yerlarni auksionga chiqarish topshirildi.

Turizm va transport

Namangan viloyati maydonining 20 foizi tog‘lardan iborat. Bu – tog‘ turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat.

Ayniqsa, bunday loyihalarni Pop, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoqda amalga oshirish mumkin.

Germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tajribasi asosida bu tumanlarda tog‘ turizmini rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish va yil yakunigacha loyihalarni boshlash muhimligi ta’kidlandi.

Mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini keskin o‘sishi uchun transport sohasida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Transport vazirligiga bayram kunlari avia va temir yo‘l reyslari sonini 2 barobar oshirish, Namangan yoki Farg‘onaga uchish grafigini qayta ko‘rib chiqib, vodiyga har kuni bo‘ladigan avia reyslarni ko‘paytirish topshirildi.

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bog‘lovchi temir yo‘l reyslari, “Namangan-Pop-Chodak” yo‘nalishida har kuni ekspress yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Sanoat va investitsiya

Namangan sanoat zonalari bo‘yicha namuna bo‘lgani – so‘nggi yillarda viloyatda 72 ta kichik va yoshlar sanoat zonalari ishga tushgani qayd etildi. Shu bilan birga, Namangan shahri, Namangan, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlaridagi 16 ta sanoat zonasida qo‘shimcha loyiha joylashtirish imkoniyati bor.

Tadbirkorlar ham xorijiy va mahalliy sarmoya kiritish tashabbusi bilan chiqqan. Bunga qo‘shimcha ravishda mahalliy 7 ta yirik loyihaga Sanoat jamg‘armasidan 37 million dollar ajratish topshirildi.

Viloyatda 129 ta noruda konidan 29 tasiga sanoat kirib bormagan. Bu konlarda yangi loyiha qilaman, degan tadbirkor ko‘p. Jumladan, ular keramogranit va bazalt tola ishlab chiqarmoqchi. Bundan tashqari, Chustdagi “Alichelek” mis koniga Xitoylik investorlar 200 million dollar sarmoya kiritishga tayyor.

Eksport

Viloyatdan qo‘shni davlatlarga eksportning hozirgi ko‘rsatkichlari bor imkoniyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Qo‘shni davlatlarda savdo uylarini ochish bo‘yicha muzokara o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Viloyat sanoat mahsuloti va meva-sabzavoti asosan Toshkent va Andijon orqali eksport bo‘layotgani tannarxning o‘sishiga olib kelayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga Namangan xalqaro aeroportidagi bo‘sh maydonda yuk terminalini ishga tushirish, Namanganni Qamchiq dovoniga yaqin hududida logistika markazini tashkil etish, Nanay qishlog‘i hududidagi sobiq “Karvon” bojxona nazorat maskani faoliyatini tiklash topshirildi.

Qirg‘iz tomoni bilan kelishilgan holda “Uchqo‘rg‘on” bojxona postini ishga tushirishni jadallashtirish zarurligi qayd etildi. Chegara posti yaqinida Xitoylik hamkorlar bilan “Uchqo‘rg‘on-Kensay” logistika markazini barpo etish rejalashtirilgan.

Energetika

Namangan viloyati Norin va Sirdaryodan suv oladi, 2 ta magistral kanal va 9 ta suv ombori mavjud. Lekin Namanganning gidroenergetikadagi salohiyati ishga solinmagan edi. Kecha Norin daryosida GESlar kaskadi qurilishiga start berildi. Bu yerda 228 megavattli 6 ta stansiya yiliga 1 milliard kilovatt elektr chiqaradi. Kelgusi yilda Katta Andijon kanalida 51 megavattli “Qo‘g‘ay-1,2”, “Beshqo‘rg‘on-1,2” kichik GESlar kaskadi ham ishga tushadi.

Shu yili Popda 1 ming megavattli 2 ta quyosh elektr stansiyasi barpo qilinadi. Bu ham 2,2 milliard kilovatt elektr, degani.

Natijada viloyat o‘z ehtiyojini to‘liq qoplab, yiliga 2,5 milliard kilovatt elektr eksport qiladi.

Qishloq xo‘jaligi

Namanganda suv manbalari serob bo‘lgani bilan, suv tejovchi texnologiyalarni birinchi navbatda shu hududda joriy qilish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilda 60 ming gektarda suv tejovchi texnologiyani joriy qilish va 40 ming gektarni lazerli tekislash yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, viloyatdagi kanallarni betonlash, “Chorkesar”, “Zarkent” va “Isparon” suv omborlarini qurish, “Chust” va “M-2” kanalini ta’mirlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Meva-sabzavot eksportini ko‘paytirib, eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha vazifalar ham belgilab olindi. Dehqonlarga berilgan 18 ming gektarga karantin inspektorlari bog‘lanib, eksportbop mahsulotlar yetishtirish tashkil etiladi, 54 ming gektarning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavotning atigi 8 foizi, go‘shtning 28 foizi va sutning 9,5 foizi qayta ishlanadi. Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan bo‘lsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi mavjud emas. Mingbuloq, Norin, Chortoq va Popda meva-sabzavot va sut, Namangan va Chortoqda go‘shtni qayta ishlash quvvati yetishmaydi.

Yil yakunigacha meva-sabzavotni qayta ishlash yo‘nalishida 62 ta loyihani ishga tushirish, Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, Popda asal ishlab chiqarish bo‘yicha yirik korxonani tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Infratuzilma

Shahar va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, aholi zichligi katta bo‘lgan Namangan viloyatida uy-joy qurish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Ikki yil oldin 1 ming 203 gektarda 200 ming aholi uchun “Yangi Namangan” shahri qurilishi boshlangan. Joriy bosqichda 20 ming xonadonli turar-joy, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, shuningdek 68 gektarda Yangi O‘zbekiston bog‘i qurilishi boshlanadi.

Shuningdek, Chust va Pop tumanida 10 ming aholi uchun Yangi O‘zbekiston massivlari qurilishiga start beriladi.

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida Zarkent, Xojikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrida suv ta’minotini yaxshilash loyihasini jadallashtirishga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, Chust, Pop, Namangan va Mingbuloqda ichimlik va oqova suvini yaxshilashga 70 million dollar jalb qilinadi.

Yo‘llarni qurish, ta’mirlash va saqlashga xususiy sektorni yanada keng jalb qilish, bu borada aniq loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash

Viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi tarqoq holda 6 ta tuman va shaharda joylashgan. Oqibatda bemorlar bir shifoxonadan ikkinchisiga sarson bo‘lib, ortiqcha puli va vaqtini sarflayapti. Shu bois bu 16 ta markaz negizida 3,5 ming o‘ringa ega 2 ta – birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etiladi. Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi.

Avstriya bilan hamkorlikda Namangan shahrida zamonaviy gemodializ markazini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda infarkt va insult asorati oqibatida faol hayoti cheklangan aholini tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya bilan to‘liq qamrab olish muhimligi qayd etildi. Bu boradagi ishlarni yaxlit tizim asosida tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga insult va jarrohlik amaliyotidan so‘ng reabilitatsiya qilish bo‘yicha yagona milliy tizim yaratish, televideniye, radioda sog‘lom turmush, to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Ta’lim

Viloyatda 6 ta davlat va 3 ta xususiy oliygoh bor. Ular ichida yetakchi bo‘lgan Namangan universitetida o‘zgarish qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Universitetdagi 71 ta ta’lim yo‘nalishi 56 taga kamaytirilib, yangi adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlanadi. Ta’lim sifatini oshirish uchun o‘quv dasturlari yangilanadi.

Oliygohlardagi 65 ming talabadan 32 mingi boshqa viloyatdan kelib o‘qishini inobatga olib, oliygohlar atrofidagi 43 ta mahallada uy yotoqxonalarini tashkil etish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkorlarning takliflari tinglandi.

Mavzuga oid