O‘zbekiston | 11:20 / 27.03.2024
9408
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda arxeologik yodgorlik molxona qurish uchun buzib yuborilgani aniqlandi

Denov tumanidagi V-VII asrlarga oid Kattatepa arxeologik yodgorligi 876 m3 maydoni fuqarolar tomonidan molxona qurish uchun buzib yuborilib, yodgorlikka 23,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Foto: Bosh prokuratura

Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Nazorat tadbirlarida Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi V-VII asrlarga oid Kattatepa arxeologik yodgorligi 876 m3 maydoni fuqaro Z.H. va boshqalar tomonidan molxona qurish uchun buzib yuborilib, yodgorlikka 23,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Navoiy viloyatidagi Oqtepa-1 arxeologiya yodgorligining 193 m3 tuprog‘i 3 nafar fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan kovlab olinib, yodgorlikka 2,6 mlrd so‘mlik, Badaxshontepa arxeologiya yodgorligining 164 m3 hududi ekin maydoniga aylantirilgani natijasida 2,3 mlrd so‘mlik, Yomonqiyottepa yodgorligining 12 m3 maydoni kovlab olingani natijasida 163 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Namangan viloyati Uychi tumanida o‘rta asrlarga oid Tolmozortepa arxeologiya yodgorligining 0,48 gektar qismi fuqaro A.K. tomonidan texnika yordamida tekislanib, yodgorlikka 871 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi belgilangan.

Mavzuga oid