O‘zbekiston | 19:14 / 28.03.2024
11039
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom regioni xalq hukumati raisi bilan uchrashdi 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 mart kuni Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom regioni (ShUAR) xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoyning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish, shu jumladan O‘zbekiston hududlari va ShUAR o‘rtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. 

O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va barcha sharoitda strategik sheriklik munosabatlaridagi bugungi yuksak daraja katta mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonning Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmining qariyb 10 foizi ShUAR hissasiga to‘g‘ri keladi. 

ShUAR yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikdagi investitsiya loyihalari portfeli 3,5 milliard dollarni tashkil etib, bugungi kunda “yashil” energetika va elektrotexnika, qurilish tarmog‘i va yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish, metallurgiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi. 

Davlat rahbari ShUAR bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi. Innovatsion texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, transport va logistika, bank-moliya sohasi, ta’lim, an’anaviy tibbiyot kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. 

O‘zbekiston har yili Urumchi shahrida o‘tkazib kelinayotgan «Ekspo Xitoy - Yevroosiyo» ko‘rgazmasida faol ishtirok etishi qayd etildi. 

Uchrashuvda gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. 

«O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy» temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.  

Mavzuga oid