Iqtisodiyot | 14:22 / 30.03.2024
12410
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yilda budjet xarajatlari daromadlardan 5 mlrd dollarga oshib ketgan

O‘tgan yili O‘zbekistonda konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari daromadlardan 59 trln so‘m yoki 5 mlrd dollardan ko‘proqqa oshib ketgani ma’lum bo‘ldi. Davlat xarajatlarining keskin oshishi va daromadlarning mutanosib tarzda o‘smagani oqibatida budjet taqchilligi rejadagidan salkam 2 barobarga oshib ketib, YaIMga nisbatan 5,5 foizga yetgan.

2023 yilda O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari – 321 trln so‘mni, xarajatlari esa – 380 trln so‘mni tashkil etgan.

Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 59 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotning 5,5 foizi miqdorida bo‘lgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

59 trln so‘mlik defitsit – Markaziy bankning o‘tgan yil uchun hisoblangan AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha kursi (11 741 so‘m)ga muvofiq, 5 mlrd 25 mln dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, oxirgi 5 yillikda konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti quyidagicha bo‘lgan:

  • 2019 yilda – 13,2 trln so‘m;
  • 2020 yilda – 26,1 trln so‘m;
  • 2021 yilda – 40,8 trln so‘m;
  • 2022 yilda – 35,2 trln so‘m;
  • 2023 yilda – 59 trln so‘m.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 5,5 foizga ko‘tarilgandi. Yillik tashqi qarz limiti esa 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha oshirilgandi.

Avvalroq, 2024 yilning ikki oyidagi davlat budjeti defitsiti 13 trln so‘mga yetgani xabar qilingandi. Joriy yil uchun davlat budjeti haqidagi qonunga ko‘ra, budjet daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlar esa 280,7 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan. Ya’ni joriy yildagi davlat budjeti 10,3 trln so‘mlik defitsit bilan tasdiqlangan. Konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti esa 52,6 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz darajasida chegaralangan.

Mavzuga oid