Kechikkan Hindistondan shu yo‘ldagi O‘zbekiston uchun saboqlar (yakuniy qism, Kalkutta)
Kun.uz’ning Hindiston ekologiyasiga bag‘ishlangan o‘rganishlari dunyoning yana bir havosi eng ifloslangan yirik megapolisi – Kalkuttada davom etadi. Bu gal Dehli va Mumbaydan farqli o‘laroq, Kalkuttadagi tabiiy holat buzilishining boshqa omillariga ham to‘xtalamiz.
Bir necha haftadirki, Hindistondagi ekologik vaziyat bo‘yicha o‘rganishlarimizni ko‘p qismli maqolalarimiz orqali sizlar bilan bo‘lishib kelyapmiz. Turli shaharlardagi tabiiy holatning buzilishiga ko‘mirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari, tirbandliklarda karrasiga oshadigan avtomobil tutunlari, soxta, sifatsiz yonilg‘ilar, qurilishlardan ko‘tarilayotgan changlar, sement zavodlari, aholida chiqindi tashlash madaniyatining yo‘qligi, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan sanoat korxonalari chiqarayotgan karbonat angidrid, ishlov berilgan sigir go‘ngi yoqilg‘isi kabi biomassalar va hatto shovqindan ham zararlanish holatlari sabab bo‘layotganini raqamlar, tasvirlar orqali ko‘rsatib berdik.
Sanab o‘tilgan aksar omillar poytaxtimiz Toshkent va qolgan hududlardagi havo ifloslanishining kelib chiqishiga juda mos kelishini ham inkor qila olmaymiz, to‘g‘rimi? Hindistonning 3-yirik shahri Kalkutta ham bu sabablardan xoli emas. Bugun gapni cho‘zib, yana shu omillarga to‘xtalib o‘tirmoqchi emasmiz. Chunki Kalkuttada bularga qo‘shimcha tabiiy holatni buzib, atrof-muhitga zarar keltirayotgan boshqa ulushdorlar ham bor.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” – Kalkutta
Turli rusumdagi jimjimador bezatilgan bu eski avtobuslarning bunchalik ko‘pligini ko‘rib, go‘yo Hindistonning foydalanish muddati tugagan butun jamoat transportlari Kalkuttaga olib kelingandek tasavvur uyg‘onadi kishida. Bu shaharga “ochiq osmon ostidagi retro avtobuslar muzeyi” maqomini ham hech ikkilanmay berish mumkin.
Yoki “harakatdagi toza havo kushandalari” salbiy maqomini ham shu avtobuslar uchun qo‘llasa bo‘ladi. Chunki Kalkuttadagi minglab bunday eski avtobuslardan atrofga chiqayotgan zaharli gazlar yig‘ilib borib, butun shahar ekologiyasiga salbiy hissasini qo‘shayotganini yuqorida aytib o‘tdik. Albatta, faqat bu turdagi jamoat transportlarini aybdor qilish fikridan yiroqmiz. Ularga yana bir “ko‘makchi” bor. Bu – Ambassador taksilari.
1957 yildan 2014 yilgacha ishlab chiqarilgan Ambassador, ya’ni Elchi rusumli bunday avtoulovlarni Kalkuttaning har qadamida uchratish mumkin. Hindiston deganda ko‘chalari faqat rikshalar bilan to‘lgan shaharlar aks etadigan tasavvurlaringiz bu yerda avtobuslarga qo‘shimcha sariq rangli retro mashinalarga to‘la shahar taassurotlariga almashadi.
Chiroyli manzara. Ammo ular zamonaviy mashinalarga qaraganda ko‘proq yonilg‘i sarflaydi. Shu bilan birga, dizel yonilg‘isida harakatlangani, texnik eskirgani, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan texnik ko‘riklar va son jihatidan ko‘pligi hisobiga Ambassadorlar ham atrof-muhit ifloslanishi hissadorlaridan biridir.
Kalkutta ma’muriyati bu retro avtobus va Elchi taksilar shahar madaniyatining ajralmas qismi, o‘ziga xos imzosi sifatida sayyohlik jozibadorligini oshiradi deb hisoblaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, bu turdagi transportlardan bosqichma-bosqich voz kechilayotgani, ularning o‘rnida elektr avtobuslar yo‘lga qo‘yish, Ambassadorlarning ham ranglari yashilga bo‘yaladigan, elektr batareyali yangi avlod rusumlarini ishlab chiqarishni boshlash reja qilinmoqda.
Shu sababli ularning soni pandemiyadan keyin keskin kamaytirilgan. 2 yil oldin 7000 tani tashkil qilgan Elchi taksilarni 2025 yilgacha yana 2500 taga kamaytirish maqsad qilingan.
Hukumat yaqin ikki yilda deyarli 1200 ta elektr avtobuslarini ishga tushirishga kirishgan bo‘lsa, ularning 400 tasi 2023 yilda allaqachon Kalkutta yo‘llarida harakatlanmoqda.
Shahar bo‘ylab har kuni 1,2 mlngacha transportlar harakatlansa-da, bu megapolis Hindistonning eng tirband shaharlari ro‘yxatining yuqori o‘rinlarida turmaydi. Bu yerda transport ifloslanishidagi eng katta ziyon sifatsiz yonilg‘ilar va texnik ko‘rikdan o‘tmaydigan eski dvigatellarning ko‘pligidan kelib chiqadi.
Buzilgan suv ekologiyasi
Hali biz tilga olmagan yana bir ekotizim buzg‘unchisi bor. Bu – suv ekologiyasining buzilishi. Okean bilan o‘ralgan Hindiston yarimoroli va 400 dan ortiq daryolariga ega Hindistonda suv ifloslanishi darajasi juda yuqori.
Bu fojiali vaziyat esa “daryolar mamlakati”dagi suv bo‘yida o‘tkaziladigan turli marosimlar, suv havzalariga yoqilgan mayitlar hokini to‘kish, chiqindi uloqtirish, shuningdek, qayta ishlanmagan oqova suvlari va sanoat chiqindilarining daryolarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab qo‘yilishi bilan bog‘liq.
Natijada suvdagi ekotizim izdan chiqib, suv o‘simlik va jonivorlar dunyosiga jiddiy zarar yetadi. Suvning odam organizmiga qaytib kelish aylanmasi natijasida esa havodagi zahar yetmaganidek, hindistonliklarning obi hayot orqali ham turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortadi.
Biz suratga olayotgan hududdan sal nariroqda xuddi shu suvi ifloslangan Hugli daryosi bo‘yida hindistonliklarning guruh bo‘lib cho‘milishayotganiga ham ko‘zimiz tushdi. Ekotizimi izdan chiqqan bunday suv havzalarida cho‘milish esa turli teri va ichak yo‘li kasalliklarini orttirib olish xavfini oshiradi.
Bir tasvirda butun Hindiston
Kalkuttadagi bu mavzedan shunchaki o‘tib ketolmaganimizning ekologiyadan ham boshqa bir sababi bor. Hindistondagi tabaqalashuv, tarixiylik va zamonaviylik, ilojsizlik va imkoniyat o‘rtasidagi tafovut aynan shu yerda bir rakursdan ko‘rinib turardi.
Daha ortidagi ko‘p qavatli uylarda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi elektr toki va LPG gazballonlari bilan qondirilsa, biz sayr qilib yurgan mahalla aholisi esa bu ehtiyoj uchun o‘tin va yoqiladigan turli biomassalardan foydalanadi.
Hamma yoqda dorga ilingan kiyim-kechaklar, daryo va mahallada ommaviy ravishda cho‘milayotgan odamlar, bozorda ibodat uchun sotilayotgan turli gullar va ularni u yoqdan bu yoqqa tashiyotgan odamlarni ko‘rib, anglash qiyin emaski, bugun kalkuttaliklar uchun qandaydir diniy marosim o‘tkaziladigan maxsus kun.
Hindistondagi ekologik inqirozda aholining antisanitar hayot tarzining ham ulushi bor. Bunday ahvolga esa mentalitetdan tashqari sharoitsizlik ham bir sababchi. Agar elektr va gaz ta’minoti qamrovi to‘laqonli qoplanganda, odamlar yonishga moyil istalgan narsani yoqaverib, atrofni dudga to‘ldirmasmidi... Nachora, yashash kerak.
Yashillikka haminqadar intilish
Shahardagi yashil hududlar qurilishlardan katta miqdorda jabr ko‘ryapti. Aholi esa shaharlashish ortidan daraxtlarning kesilib ketayotganidan norozi. Qurilayotgan yangi yerusti metro liniyasining ostki hududi turli daraxt, buta va gullar bilan to‘ldirilib, qisqarib borayotgan yashillikni haminqadar saqlab qolishga harakat qilinmoqda.
Metro ustunidagi bu gullarning nomi – xlorofitum. Uni xalq tilida “uy konditsioneri” yoki “tabiiy havo tozalagich” deyishadi. Biz xona uchun kislorod generatori sifatida biladigan bu tuvak gullari bugun Kalkutta uchun ham yashillik, ham havo tozalovchi vazifasini bajaryapti. Imkon qadar, albatta.
Kichik tajriba
Biz kuni bilan shahar bo‘ylab yurib, kichik bir tajriba o‘tkazdik:
Kalkuttadagi xiralik sababi ko‘proq changdanmi yoki tutundami – shuni bilish maqsadida yog‘langan qora rangli oyoq kiyimimiz kun oxiriga borib qanday holatga kelishiga qiziqdik. Ma’lum, daraxtlari kesib tashlangan bizning shaharlarda qora oyoq kiyimlar kiyib yurolmaysiz. Bir soatga borar-bormas, ular butunlay oppoq chang bilan qoplanadi.
Kalkuttada esa unchalik bo‘lmadi. Daryo bo‘yida loy bosganimizni hisobga olmaganda, oyoq kiyimimizning holati u qadar o‘zgarmaganini o‘zingiz ham ko‘rishingiz mumkin. Bu esa bir tarafdan shahardagi namlanish darajasining yuqoriligi bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tarafdan u yerdagi havo ifloslanishi asosan me’yoridan ortiq tutundan kelib chiqayotganiga ham bir ishora deyish mumkin.
G‘uborli atmosferaga faqat eski transportlar va aholi tomonidan yoqilayotgan uchoqlar emas, balki Kalkutta shahri atrofidagi uchta issiqlik elektr stansiyasi va ko‘plab sanoat korxonalaridan chiqayotgan zaharli tutunlar ham sabab bo‘lmoqda.
Xulosa
Hindiston ekologiyasiga bag‘ishlangan bugungi maqolamizda turli statistik raqamlar bilan boshingizni qotirmay, Kalkuttada hamma ko‘rganlarimizni sizlarga ko‘rsatdik.
Endi o‘zimizga qaytsak. Dunyoning havosi ifloslangan shaharlari eng ko‘p joylashgan Hindiston haqida bejizga ko‘p qismli dasturlar tayyorlamadik. Bugun bizning poytaxtimiz Toshkent shahri ham hind shaharlaridan qolishmagan holatda havosining xavflilik darajasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa tez-tez chiqib turibdi.
Bunga qish oylaridagi zaharli tutunlar sabab bo‘lgan bo‘lsa, endi bunga qo‘shimcha qurilishlar va shahar bo‘ylab o‘ta sifatsiz topshirilgan yo‘llar, uy-joylar hududidagi uvalanib ketgan sementlardan chiqadigan katta miqdordagi changlardan poytaxtliklar aziyat cheka boshlaydi. Ularni tutib qoladigan, qayta ishlaydigan daraxtlar esa juda kam.
Toshkentdagi aholi soni ortishi bilan ekologik muhit buzilayotganidan mantiqsiz yozg‘irganlar ham uchrab turibdi. To‘g‘ri, barcha dunyo shaharlari singari odam ko‘paygani sababli tirbandliklar ham biroz ko‘payishi mumkin. Bizning shahar transportlarining asosiy qismi metan gazida harakatlanishi hisobga olinsa, tirbandliklar va odam soni shahardagi ekoinqirozda birlamchi o‘rinlarda emas. E’tiborni asosiy sabablarga qaratish kerak.
Shaharlarni noto‘g‘ri tashkillashtirish, muqobil yo‘llarning yetishmasligi, jamoat transportining to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmasligi, sanoatda mumkin bo‘lmagan yoqilg‘ilardan foydalanish, chiqindi aylanmasi va qurilishlarni o‘z holiga tashlab qo‘yishlar davom etar ekan, odamlar chang va tutundan zaharlanaveradi. Daraxtlarning kesilishi esa boshqa katta muammo.
Umumiy aholisi butun O‘zbekiston aholisidan 1,5 baravar ko‘p bo‘lgan Dehli, Mumbay va Kalkutta shaharlaridagi havo ifloslanishi darajasiga birgina Toshkentning yetib olgani katta ekologik fojianing o‘zi aslida. Biz poytaxtimizni shu holga olib keldik.
Bu kechikkan Hindistondan shu yo‘lda borayotgan O‘zbekiston uchun saboqlar edi. O‘zimiz va kelajak uchun ekologiyani asraylik!
Sardorbek Usmoniy
Hindiston, Kalkutta
Mavzuga oid
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
16:43 / 17.11.2024
Hindiston birinchi gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
16:50 / 16.11.2024
Hindistonda havo ifloslanishi kuchayib ketganidan Toj Mahal ko‘rinmay qoldi
17:36 / 14.11.2024