O‘zbekiston | 18:31 / 30.03.2024
5722
2 daqiqa o‘qiladi

Sudyalarni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish tartibi o‘zgarmoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida ularga nafaqat o‘ta og‘ir, balki og‘ir jinoyat aybi qo‘yilganda ham ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish tartibi joriy etiladi.

Sudyalarga nisbatan og‘ir jinoyat aybi qo‘yilganda ham ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish mumkinligi belgilanmoqda. Tegishli o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonun Senatning yalpi majlisida qabul qilindi.

Sudlar to‘g‘risidagi qonunning 64-moddasiga muvofiq, sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlik aybi qo‘yilgan hollarda qo‘llanilishi mumkin.

Senat qabul qilgan qonun bilan bunday chora sudyaga nisbatan og‘ir jinoat sodir etganlik aybi qo‘yilgan hollarda ham qo‘llanilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Shuhrat Polvanov so‘zlariga ko‘ra, bu chora korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida joriy qilinyapti.

«Jinoyatlarni og‘ir yoki o‘ta og‘ir deb tasniflaydigan bo‘lsak, korrupsiyaviy jinoyatlar og‘ir jinoyatlar tarkibiga kiradi… Taklif etilayotgan norma sudyalar tomonidan og‘ir jinoyat sodir etganlikda, jumladan, korrupsiyaviy jinoyatlarni ham sodir etganlikda ayb qo‘yiladigan bo‘lsa, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni nazarda tutadi. Bunday tajriba xorijiy davlatlarda, jumladan, qo‘shni Qozog‘iston va Ukrainada mavjud. Bu normadan maqsad sudlar tomonidan adolatli qaror chiqarilishiga erishish va qonun ustuvorligini ta’minlash hisoblanadi», dedi u.

Mavzuga oid