Jahon | 15:04 / 02.04.2024
26748
6 daqiqa o‘qiladi

Dronlar ilk bor Tataristongacha yetib keldi. Bu haqda nimalar ma’lum?

Seshanba kuni tongda pilotsiz uchish apparatlari urush boshlanganidan buyon ilk bor Tatariston hududiga qadar yetib keldi va Yelabuga hamda Nijnekamskda joylashgan korxonalarga hujum qildi. Mahalliy rasmiylar Yelabugaga zarba oqibatida jarohatlanganlar borligini ma’lum qilgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda Ukrainaga hujum qilishda qo‘llanayotgan dronlar yig‘iladi.

Tatariston rahbarining matbuot xizmati hujum oqibatida «jiddiy vayrongarchiliklar yo‘qligi, korxonaning texnologik jarayoni buzilmagani»ni ma’lum qilgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tataristonning Nijnekamsk shahrida «Tatneft» kompaniyasining «Taneko» neftni qayta ishlash zavodidagi AVT-7 neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasiga dron hujum qilgan.

Agentlikning aniqlik kiritishicha,  zavodning jami yillik ishlab chiqarish quvvatining (17 million tonnadan ortiq - kuniga 340 ming barrel) yarmi ushbu qurilma hissasiga to‘g‘ri kelardi.

Avvalroq Nijnekamsk shahri mer Ramil Mullin pilotsiz uchish apparati neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilishga uringani, ammo radioelektron kurash vositasi tomonidan zararsizlantirilgani, hududda jarohatlanganlar va vayrongarchiliklar yo‘qligini aytgandi.

«Kommersant-Kazan» nashri manbasi esa pilotsiz apparat «Taneko» hududidagi to‘siqqa urilib, «parchalarga bo‘lingani» va yonib ketganini xabar qilgan. Manbaga ko‘ra, yana bir dron «qayergadir qulab tushgan».

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda zarba oqibatlari aks etgan kadrlar tarqalgan.

Joriy yil boshidan buyon ukrain dronlari ko‘p marta Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qildi, OAV ma’lumotiga ko‘ra, bu yonilg‘i ishlab chiqarish qisqarishiga olib kelgan.

Yelabugada dronlar «Alabuga» erkin iqtisodiy zona hududiga hujum qilgan. Hudud telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 5:45 da ikkita dron go‘yoki yotoqxona hududiga zarba bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, samolyot tipidagi dron sanoat binosiga sho‘ng‘igan, shundan keyin kuchli portlash ro‘y bergan.

Tatariston rahbarining matbuot xizmati respublika sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib xabar qilishicha, Yelabugadagi obektlarga dronlar hujumi oqibatida olti kishi jarohatlangan.

Xabar qilinishicha, jabrlanganlardan uch nafari shifokor ko‘rigidan keyin uyiga qo‘yib yuborilgan, yana uch nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Yagona navbatchi dispetcherlik xizmati esa RBK nashriga jarohatlanganlar soni 12 nafarga yetganini ma’lum qilgan, ularning barchasi «Alabuga Politex» kolleji talabalaridir.

Dronlar Ukrainaning Xarkiv va Sumi oblastlarining chegara hududidan uchirilgan bo‘lsa, Rossiyaning g‘arbiy hududlari ustidan Tataristongacha 1200 km masofani uchib o‘tgan bo‘ladi. Bu Ukraina qurolli kuchlari dronlari Tatariston hududiga ilk bor yetib kelishi hisoblanadi.

Yelabuga va dronlar

OAV ma’lumotiga ko‘ra, «Alabuga» erkin iqtisodiy zona hududida Rossiya muntazam ravishda Ukraina hududlariga hujum qilishda foydalanadigan Shahed tipidagi kamikadze dronlar ishlab chiqariladigan zavod joylashgan.

Yelabugadagi erkin iqtisodiy zona 2007 yilda ochilgan
Foto: ALABUGA.RU

«Protokol» nashri hamda «RZVRT» YouTube-kanal jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruvda tasdiqlanishicha, erkin iqtisodiy zonadagi zavodda kamikadze dronlarni yig‘ishga «Alabuga Politex» kolleji talabalari ham jalb etilgan.

Aynan dronlarni yig‘ish zavodiga hujum qilingani haqida «RBK-Ukraina» ham o‘z manbasiga asoslanib xabar qilgan. Nashr suhbatdoshi ma’lum qilishicha, «ishlab chiqarish quvvatida jiddiy vayrongarchilikka olib kelgan» hujum Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan.

2023 yil avgustida Amerika nashrlari, xususan Washington Post Yelabugada Eron modelidagi kamikadze dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgani haqida xabar qilgandi.

2023 fevralida Wall Street Journal gazeta AQShga ittifoqchi bo‘lgan davlatlardan birining shaxsi sir qolishini so‘ragan rasmiysiga tayanib, Moskva va Tehron Rossiyada Ukrainadagi urush uchun kamida 6 mingta dron ishlab chiqarishni rejalashtirgani haqida xabar tarqatgandi.

Dronlar va neftni qayta ishlash zavodlari

Ukrain nashrlari yil boshidan buyon Rossiyadagi sanoat obektlari, jumladan neftni qayta ishlash zavodlariga qilinayotgan hujumlar ortida Ukraina razvedka boshqarmasi turgani haqida xabar berib keladi.

Rossiyaning yil boshidan buyon Ukraina dronlari hujumiga uchragan neft va gaz obektlari joylashgan shaharlari

Kiyev rasman zarbalarga aloqadorligi haqida ma’lum qilmagan, ammo o‘tgan haftada prezident Volodimir Zelenskiy Washington Post nashriga bergan intervyusida AQSh hukumati bunday hujumlarga salbiy reaksiya bildirishini aytib o‘tgandi.

«Biz o‘zimizning dronlarimizdan foydalanmoqdamiz. Hech kim bizga buni qila olmasligimizni ayta olmaydi», — degandi Zelenskiy Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari o‘qqa tutilishini Ukrainada o‘z energetika infratuzilmalarini Rossiya zarbalaridan himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa vositalari yetarli emasligiga bog‘lagan holda.

Ukraina zarbalari g‘arb tomonidan import taqiqlari va narx cheklovlari qo‘yilganiga qaramay Moskva harbiy iqtisodiyotining yirik daromad manbayi bo‘lib qolayotgan Rossiya neft va gaz sanoatiga zarba bo‘lmoqda, degandi Amerikaning CNN telekompaniyasi dronlar hujumi haqida.

Ukraina dronlari dasturiga aloqador manba CNN bilan suhbatda aytishicha, katta masofaga harakatlanuvchi va kengroq imkoniyatlarga ega dronlar sun’iy intellekt yordamida uchirilmoqda, u dronlarga mo‘ljal olish hamda qarshi ta’sir choralarini chetlab o‘tishda yordam bermoqda.

Mavzuga oid