O‘zbekiston | 23:06 / 03.04.2024
9096
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabi va Gulzor mahallasida bo‘ldi

Davlat rahbari maktabda va mahallada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Sumalak saylida ishtirok etdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni Toshkent shahridagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabini ko‘zdan kechirdi. 

Maktab o‘tgan yili respublika budjeti mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan. 250 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Joriy o‘quv yilida 1-sinfga 145 nafar o‘g‘il-qiz qabul qilingan. Bu yerda yoshlar 12 yo‘nalish bo‘yicha maktabdan tashqari ta’lim oladi. O‘quvchilar ijodiy imtihonlar asosida saralab olinadi. Ellikka yaqin o‘quv va kompyuter xonalari, tadbirlar zalida shinam sharoitlar yaratilgan. Kutubxonada 5 ming 500 dan ortiq o‘quv adabiyoti va notalar jamlangan. 

Prezident san’at ma’naviy boy avlodni tarbiyalashga xizmat qilishini, bunga mehrni bolalikdan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda umumiy ta’lim tizimi bilan musiqa ta’limi dasturlarini uyg‘unlashtirish muhimligi aytildi. San’at maktablari bilan oliygohlar, teatrlar va boshqa madaniyat muassasalarining hamkorligi tizimini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni Toshkentning Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasida bo‘ldi. 

Gulbozor Toshkentning tarixiy qismida, Chorsu bozori yonida joylashgan. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy turistlar ko‘p keladi. Ta’kidlanishicha, shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirildi. Ko‘cha va uylarda poytaxtning qadimgi ko‘rinishini saqlab qolgan holda qo‘shimcha sharoitlar yaratildi. 

Xususan, barcha kommunikatsiya tarmoqlari yer ostidan o‘tkazildi. Ko‘cha boshida tarixiy darvoza qayta tiklandi. O‘ymakor ustunli katta ayvon, unga yaqin joyda hovuz barpo etildi. Milliy kashtachilik va hunarmandchilik ustaxonalari, novvoyxona, milliy oshxonalar, zargarlik do‘konlari tashkil qilindi. «Non tarixi» va «Qadimgi Toshkentga sayohat» nomli ko‘rgazmalar ochildi. Uch yulduzli mehmonxona ham bunyod etilmoqda. 

Qayd qilinishicha, bu ko‘cha Shayxontohur tumanida tashkil etilayotgan «turizm halqasi»ning bir qismi bo‘ladi. 

Mahalla ahli davlat rahbariga hududdagi o‘zgarishlar, odamlar hayoti haqida so‘zlab berdi. Bu yerda 2 ming 670 nafar aholi yashaydi. Savdo, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish rivojlangani natijasida mahalla ishsizlikdan holi hududga aylangan. «Xavfsiz hudud» tizimi joriy etilgan. 

Prezident milliy kiyimlar va amaliy san’at mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi, ularni tayyorlayotgan hunarmand xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. 

Davlat rahbari mahalladagi sumalak saylida ishtirok etdi. Onaxonlar tinch-osoyishta yurtga bayramlar yarashishini, buning uchun Yaratganga behisob shukur qilishini aytishdi. Shavkat Mirziyoyev ularni muborak Ramazon kunlari bilan tabriklab, ezgu tilaklar izhor etdi. Xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab duolar qilindi. 

Mutasaddilarga «turizm halqasi»ni davom ettirib, sohada bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

– Zamonaviy majmualar hamma joyda bor. Biz xorijiy sayyohlarni buyuk tariximiz bilan ko‘proq jalb etishimiz mumkin. Shuning uchun bu yer kechayu kunduz faoliyat yuritadigan turistik markazga aylanishi kerak. Bunday etnografik maskanlarni ko‘paytirish, milliy qadriyatlarimizni namoyish etish, turli festivallar o‘tkazish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid