O‘zbekiston | 17:55 / 03.04.2024
3105
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Butunjahon autizmdan xabardorlik kuni munosabati bilan aksiya o‘tkazildi

Yilda bir marta – 2 aprel kuni nishonlanadigan Butunjahon autizmdan xabardorlik kuni odamlar o‘rtasida autistik spektrning buzilishi (ASB), xabardorlikni oshirish, ASB bo‘lgan bemorlar, ularning oilalari huquqlarini himoya qilishga yordam berishga qaratilgan tashabbus hisoblanadi.

Toshkentdagi Navro‘z istirohat bog‘ida Butunjahon autizmdan xabardorlik kuniga bag‘ishlangan aksiya bo‘lib o‘tdi. “Neyroinklyuziv dunyoda teng imkoniyatlar” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbir keng jamoatchilik e’tiborini bolalarda uchraydigan autizm muammosiga qaratish, xastalikka erta tashxis qo‘yish maqsadida tashkil qilindi.

Tadbirga 20 ga yaqin yomg‘ir bolalari va ularning ota-onalari qamrab olindi. Ular kulolchilik studiyasida loydan turli xil mahsulotlar yasashdi, gips figuralarini dekorativ bo‘yash mashg‘ulotlarida qatnashdi. Shuningdek, mutaxassislar bilan birgalikda mevali kokteyllarni tayyorlashdi. Bolalarning ota-onalari neyropsixolog va defektologlardan bepul maslahatlar oldi.

Butunjahon autizmdan xabardorlik kuni 2008 yildan buyon har yili 2 aprel sanasida nishonlanadi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning barcha mintaqalarida autizmli bolalar mavjudligi xavotirini anglatish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, autizmga chalingan bolalar soni har yili 13 foizga oshmoqda. 1980 yillarda mutaxassislar har 1000 kishiga bitta holatni qayd etgan bo‘lsa, bugungi kunda autizmning tarqalishi yuzdan bitta holatga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekistonda bu sindrom ilk marta 2010 yilda qayd etilgan bo‘lib, ushbu xastalikka chalinish holatlari mamlakatda ham yildan yilga ortmoqda.

Neyropsixolog Shahnoza Usmonovaning ta’kidlashicha, autizm nasldan naslga o‘tadigan xastalik emas, uning kelib chiqish sabablari haligacha to‘liq aniqlanmagan. Sindrom bolaning ijtimoiy hayotga moslasha olmasligi bilan namoyon bo‘ladi. Unga chalingan bolalar reallikni boshqacha ko‘radi, boshqacha eshitadi. Ularning xatti-harakatlarida g‘ayritabiiylik seziladi, gap-so‘zlarida noaniqlik bo‘ladi. Asab tizimidagi buzilishlar tufayli bola yon-atrofdagi voqealarga mutlaqo befarq yoki uning aksi o‘laroq o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoladi. Ismini aytib chaqirganda qaramaydi. Onasining yuz harakatlariga hech qanday emotsiya bildirmaydi.

Logoped-defektolog Dinora Toshpo‘latovaning so‘zlariga ko‘ra, autizmni davolash uchun bolalarning gapirish qobiliyatini yaxshilash maqsadida logoped bilan mashg‘ulotlar olib borish, bola bilan turli xil o‘yinlar o‘ynash, kompyuterda so‘zlarni yozib o‘rgatish, so‘zlashish uchun rasmli kartochkalardan foydalanish talab etiladi.

Farzandlarini aksiyaga olib kelgan ota-onalarning fikricha, bu kabi tadbirlar bolalarning ijtimoiy ko‘nikmalarini oshirish, ularning dunyosini boshqalarga tanitish va tushuntirish platformasi vazifasini o‘taydi. Hamjihatlikdagi amaliy mashg‘ulotlar bolalarga o‘zlarining fizik va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyatini taqdim qiladi, shu bilan birga, o‘z-o‘zini ifoda etishiga va tengdoshlari bilan muloqot qilishini osonlashtirishga yordam beradi.

Mavzuga oid