Toshkent shahar hokimligi bir qancha loyihalar konsepsiyasiga 825 mln so‘m ajratdi
Chilonzor va Shayxontohur tumanlari uchun 6 ta qurilish va rekonstruksiya loyihalari amalga oshiriladi. Loyiha konsepsiyasini “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi ishlab chiqadi, shahar hokimligi kompaniyaga 824,8 mln so‘m ajratadi. Loyihalar doirasida Chorsu va Eski Jo‘va bozorlarini qayta ta’mirlash ham ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning shu yil 28 martdagi qaroriga ko‘ra, Chilonzor va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borish uchun loyiha konsepsiyalari ishlab chiqiladi.
Buning uchun mahalliy budjetining zaxira jamg‘armasi hisobidan 824,8 mln so‘m ajratilishi belgilangan. Konsepsiyani ishlab chiqish vazifasi hokimlik huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga berilgan.
Qayd etilishicha, qaror prezidentning 2023 yil may oyida shu ikki tumanga qilgan tashrifida berilgan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan qabul qilingan.
Jami loyiha soni 6 ta bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
- “Turizm halqasi”ni barpo etishda piyodalar va veloyo‘laklar, ochiq turdagi avtoturargohlar hamda sug‘orish va irrigatsiya infratuzilmasi qurishga – 213,6 mln so‘m;
- Sarxumdon mahallasi hududidagi temirchilik ustaxonalarini rekonstruksiya qilishga – 138,7 mln so‘m;
- Samarqand darvoza mahallasi Uchlola ko‘chasida barpo etilgan yopiq suv havzasi va sport majmuasiga – 177 mln so‘m;
- Mahallalar hududlarida aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish va xizmat ko‘rsatish maqsadida mikro bog‘lar hamda sayilgohlar tashkil etishga – 149 mln so‘m;
- Chorsu va Eski Jo‘va dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi loyiha takliflari ishlab chiqishga – 119,5 mln so‘m;
- Shayxontohur tumanidagi Yangiobod mahallasini obod hududga aylantirish loyiha takliflarini ishlab chiqishga – 27 mln so‘m yo‘naltiriladi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil iyun oyida Toshkentda 20 km uzunlikda “Turizm halqasi” barpo etilishi, Chorsu bozori rekonstruksiya qilinishi aytilgandi.
Mavzuga oid
13:29 / 07.11.2024
O‘zbekiston va Xitoy aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda
14:30 / 02.11.2024
DXSh loyihalarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi
14:20 / 07.10.2024
Koreya O‘zbekistonda innovatsion loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildiryapti
07:07 / 23.08.2024