Jahon | 08:10 / 06.04.2024
4258
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya firmalarni Mariupolga mahsulot yetkazib bermaslik to‘g‘risida ogohlantirdi

Germaniya TIV ta’kidlashicha, nemis kompaniyalarining Mariupolni tiklashda ishtirok etishi «faqat Rossiya tashviqotiga xizmat qiladi». Iqtisodiyot vazirligi sanksiyalarni buzgan kompaniyalarni tekshirishga chaqirdi.

Foto: Picture Alliance

Germaniya tashqi ishlar vazirligi nemis kompaniyalarini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi chog‘ida rus qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan va egallab olingan Mariupol shahrini qayta tiklashda ishtirok etmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. Qurilish ishlari «faqat Rossiya tashviqotiga xizmat qiladi», dedi Germaniya TIV vakili 5 aprel, juma kuni. «Bu bilan shug‘ullanadigan har qanday kompaniya qanday xizmat ko‘rsatayotganini o‘zidan so‘rashi kerak», deya qo‘shimcha qildi vazirlik. Bundan tashqari, Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili prokuratura va mamlakat bojxona organlarini nemis kompaniyalari RF qo‘shinlari tomonidan egallab olingan va Rossiyaniki deb e’lon qilingan Ukraina shahriga o‘z mahsulotlarini yetkazib berish orqali sanksiyalarni buzgani yoki yo‘qligini tekshirishga chaqirgan.

Mariupoldagi qurilishlarda Knauf sementi va WBK Systems beton bloklari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi paytida rus qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan va egallab olingan Mariupol shahrini qayta tiklashda Germaniya kompaniyalari ishtirok etmoqda. Germaniyaning ARD ijtimoiy-huquqiy telekanalining 3 aprel kuni chop etilgan Monitor dasturi jurnalistlari surishtiruvida shunday xulosaga kelingan. 

Mariupoldagi ko‘plab qurilish maydonchalarida Knauf tomonidan ishlab chiqarilgan sement ishlatiladi, deya ta’kidlaydi jurnalistlar. ARD ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunga qadar Knauf Rossiyada 4000 xodim va milliardlab rubllik aylanmaga ega. Tahririyat tomonidan so‘ralganda, kompaniya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qoralashini va RFga qarshi YeI barcha sanksiyalariga rioya qilishini bildirdi. Rossiyada ishlab chiqarilgan Knauf mahsulotlari «faqat Rossiya bozori uchun» mo‘ljallangan, deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati. Tahririyat tomonidan berilgan savollarning keng ro‘yxatiga hech qanday javob olinmadi, deb ta’kidlaydi ARD. 

Bundan tashqari, Mariupoldagi qurilish maydonchalaridan olingan fotosuratlar va videolarda ARD jurnalistlari Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi Myunsterland mintaqasidan bo‘lgan WKB Systems nemis kompaniyasi nomi yozilgan yashil qadoqli plyonkadagi beton bloklarini payqadi. Kompaniyaning asosiy aksiyadori rossiyalik tadbirkor Viktor Budarindir. WKB Systems jurnalistlarning izohiga javob bermadi.  

Mavzuga oid