Jahon | 14:15 / 06.04.2024
9384
3 daqiqa o‘qiladi

Orskda to‘g‘on yorilishi oqibatida bir necha kishi halok bo‘ldi

Orenburg viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etildi. Orsk aholisini evakuatsiya qilish bir daqiqa ham to‘xtamayapti, deb xabar berdi Rossiya FVV. Kamida uch kishi halok bo‘lgan. 

Foto: RIA Novosti

Orenburg viloyatining ikkinchi yirik shahri - Orskda to‘g‘on yorilganidan keyin suv shaharning asosan xususiy sektor joylashgan eski qismiga oqishda davom etmoqda. Rossiya FVV ma’lumotlariga ko‘ra, 6 aprel, shanba kuni ertalab Orskda 2400 dan ortiq turar joy binolari va 3000 dan ortiq tomorqa suv ostida qolgan, 700 dan ortiq kishi, jumladan, 210 nafar bola evakuatsiya qilingan

«Aholini evakuatsiya qilish bir daqiqaga ham to‘xtamayapti. Qutqaruvchilar suv kemalari yordamida odamlarni olib chiqmoqda», deyiladi departamentning Telegram-kanalida. 

Uch kishining jasadi topildi 

Favqulodda xizmatlar RIA «Novosti»ga xabar berishicha, Orskning suv bosgan hududini patrul qilish chog‘ida uch kishining jasadi topilgan. 

Orsk - Orenburg viloyatidagi 200 mingga yaqin aholiga ega shahar. U Orenburgdan taxminan 300 km sharqda, Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan. Ural daryosi va unga quyiladigan Or daryosi shahar bo‘ylab oqib o‘tadi.

«Interfaks» agentligi aniqlik kiritishicha, Eski shahar mikrorayoni Orsk shahrining Sovetskiy tumanida, Ural daryosining chap qirg‘og‘ida, Or daryosi qo‘shilishidan sharqda joylashgan. Unda asosan bir, ikki va uch qavatli uylar (1930-yillardagi) va zamonaviy kottejlar qurilgan.

Orenburg viloyatidagi uylarning suv bosishi 

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Orenburg viloyatida 2,5 mingdan ortiq uy va 6900 ga yaqin tomorqa yerlari suv ostida qolgan. Qutqaruvchilar ofat hududidan 4200 dan ortiq kishini, jumladan 1019 nafar bolani evakuatsiya qildi. Qayd etilishicha, 427 nafar fuqaro, jumladan, 132 nafar bola vaqtinchalik joylashtirish markazlariga olib ketilgan.

«Toshqin eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bir qator hududlarda, ayniqsa Orskda to‘g‘on yorilishi tufayli vaziyat og‘ir», - deya Orenburg viloyati gubernatori Denis Paslerning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan xabarda.

Chelyabinsk viloyatida suv toshqini 

5 aprel oqshomida Chelyabinsk viloyatining Nagaybak tumanida rasmiylar suv toshqinlari fonida Fershampenuaz tuman markazini favqulodda evakuatsiya qilish haqida e’lon berdi. Bu haqda Ura.ru internet-nashri mintaqaviy «Vsxody» gazetasiga tayanib xabar qilmoqda. 

«5 aprel kuni viloyatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Ko‘priklardan birini sel oqizib ketgan, Parij qishlog‘ida gaz quvuri shikastlangan. Bredinskiy va Varna tumanlarida ham favqulodda holat joriy etilgan», - deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid