O‘zbekiston | 17:22 / 08.04.2024
9506
2 daqiqa o‘qiladi

Yakkabog‘da odamlarga noma’lum hayvon hujum qilgani aytildi

Mas’ullarga ko‘ra, bu oddiy daydi mushuk bo‘lib, jabr ko‘rgan fuqarolar tibbiy nazoratga olingan.

Kun.uz’ga bu haqda ma’lum qilgan fuqaro Guliston mahallasida silovsinga o‘xshash noma’lum hayvon bir nechta odamga hujum qilib, jarohat yetkazganini bildirdi. O‘sha hayvon quturish ehtimoli bilan tekshirilgani, odamlar esa ko‘chada yolg‘iz yurishga qo‘rqayotgani iddao qilindi.

Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, vahima ko‘tarishga asos yo‘q. O‘sha hayvon oddiy mushuk bo‘lib, to‘rt kishini tirnagan. Ularning sog‘lig‘i nazoratga olingan. Mushuk esa jarohatlanganlar tomonidan yo‘q qilingan.
Kun.uz holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi markazi boshlig‘i Ubaydulla Pirnazarovdan izoh oldik.
 
“Egasiz mushuk bir oilaning bir nechta vakiliga jarohat yetkazgani sababli bizga murojaat qilishdi. Qoidaga ko‘ra, hujum qilgan hayvonni tirik holda ko‘pi bilan o‘n kun saqlab turish orqali quturgan-quturmaganini bilamiz. Biroq jabr ko‘rganlar uni urib o‘ldirib qo‘yishibdi. Har ehtimolga qarshi undan namuna olib, laboratoriyaga jo‘natdik. Tashxis natijasi 25 kunda ma’lum bo‘ladi. 

Mushuk tirnagan fuqarolar esa tibbiy nazoratda, kerakli dori-darmonlarni qabul qilishyapti. Agar mushukni o‘ldirib qo‘yishmaganda, tekshiruv jarayoni ancha tez va oson bo‘lardi”, – dedi Ubaydulla Pirnazarov. 

Soha mutaxassisi o‘sha hayvonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani va u haqiqatan ham oddiy mushuk ekanini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid