Jahon | 18:38 / 10.04.2024
11186
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 4 mingga yaqin turar joy toshqinlar tufayli suv ostida qoldi

Suv toshqinlari boshlanganidan buyon 100 mingga yaqin kishi qutqarildi. 3 mingga yaqin kishi xavfsiz joyga ko‘chirilgani haqida ma’lumot berildi.

Qozog‘istonda 4 mingga yaqin turar joy va hovli toshqinlar tufayli suv ostida qoldi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul xodimi Yerasil Saypash ma’lum qildi.

«Atirau, Aqto‘be, Aqmola, Qostanay, Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida 3 444 ta uy va 336 ta hovli maydonlari suv ostida qolgani aniqlangan. Suv ostida 105 ta avtomobil yo‘li, jumladan 8 ta ko‘prik va 97 ta yo‘l qoplamasi qolgan. Transport aloqasi mavjud bo‘lmagan 69 ta aholi punkti nazoratga olindi», dedi Yerasil Saypash.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Respublika va tezkor shtablar faoliyatini davom ettirmoqda. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish uchun barcha kuch va vositalar safarbar etilgan.

«Suv toshqin boshlanganidan buyon 96 472 kishi, jumladan 31 640 nafar bola qutqarib olindi. 2823 kishi, jumladan, 865 nafar bola xavfsiz joyga olib ketildi. Vaqtinchalik joylashtirish markazlariga 7 605 kishi, jumladan, 3 474 nafar bola joylashtirildi», dedi Saypash.

Uning ta’kidlashicha, qariyb 83 ming bosh qoramol xavfsiz joyga haydalgan.

«Jabrlangan hududlarga 167 935 kg gumanitar yordam yetkazildi. Birlashgan kuchlar yordamida 8,5 million kub metrdan ortiq erigan qor suvi olib tashlandi. 1,3 million qop va 1,1 million tonna inert material yotqizildi. 2750 ta turar-joy va 1816 hovlidan suv chiqarildi. Avariya-qutqaruv ishlariga kechayu kunduz 24 295 kishi, 2655 ta texnika, 469 ta suv nasosi va 139 ta suzuvchi, 10 ta havo transporti safarbar etildi», dedi boshqarma vakili.

Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi toshqinlar so‘nggi 80 yildagi eng katta tabiiy ofat bo‘lganini aytgan edi.

Mavzuga oid