O‘zbekiston | 10:11 / 10.04.2024
11740
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida profilaktika inspektori pichoqlandi 

Toshkent tumanida oilaviy janjal bo‘yicha chaqiruv olgan profilaktika katta inspektori pichoqlandi. 56 yoshli fuqaro unga faol qarshilik ko‘rsatib, chap bel qismini jarohatlagan. Xodim IIV markaziy gospitaliga yotqizildi.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Toshkent tumanida 8 aprel kuni chaqiruvga asosan xizmat olib borayotgan IIB profilaktika katta inspektori pichoqlandi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB.

Qayd etilishicha, 8 aprel kuni soat 21:10 larda Toshkent tumani «Qorasaroy» MFYda yashovchi fuqaro Q.J. mast holda uyida janjal qilayotgani sababli, shoshilinch chaqiruvga asosan voqea joyiga yetib borgan tuman IIB profilaktika katta inspektori podpolkovnik Murod Xoliqov 56 yoshli fuqaroni tinchlantirayotganida u faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘lidagi pichoq bilan inspektorning chap bel qismiga urib jarohat yetkazgan.

Natijada, tungi xizmat vaqtida jarohat olgan profilaktika inspektori IIV Markaziy gospitaliga yotqizilgan. 

Fuqaro protsessual tartibda ushlangan va dastlabki tergovga qadar tekshiruv harakatlari prokuratura organlari tomonidan olib borilmoqda.

Mavzuga oid