Jahon | 08:11 / 11.04.2024
3540
3 daqiqa o‘qiladi

Shryoder Navalniyning intervyusi tufayli Bild’ga qarshi sudda yutqazdi

2020 yilda Aleksey Navalniy Bild gazetasiga bergan intervyusida Germaniya sobiq kanslerini «yashirin to‘lovlar» oladigan «Putinning aytganini qiluvchi shaxs» deb atagan. Endi sud bu bayonotlarni tarqatishga ruxsat berdi.

Gerhard Shryoder Foto: Sean Gallup / Getty Images

Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoder rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy bilan intervyuni 2020 yilda nashr etgani uchun Germaniyaning Bild gazetasiga qarshi sudda yutqazdi. Hamburg sudi qarori 10 aprel, chorshanba kuni Shryoder o‘zining 80 yoshini nishonlaganidan ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldi. 

«Shunday ekan, bu aniq: Putinning asosiy raqibi Aleksey Navalniy Putin do‘sti Shryoder haqida bergan intervyusida aytgan gaplarini Bild nashri e’lon qilishga haqli», — deb yozadi gazeta. 

Navalniy bilan suhbat 

2020 yilning 7 oktyabrida gazetada chop etilgan uzun intervyusida «Novichok» bilan zaharlanganidan keyin Berlinda reabilitatsiyadan o‘tgan Aleksey Navalniy sobiq kanslerni keskin tanqid qilganidan so‘ng Gerhard Shryoder Bild tabloidiga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi.

«Shryoder Yevropadagi eng qudratli davlatning kansleri edi. Endi esa u Putinning aytganini qiluvchi shaxs», - dedi Navalniy. U, shuningdek, shaxsiy fikricha, «Rosneft» va «Gazprom»ni ko‘p yillik o‘rganishga asoslanib, Shryoder Rossiya Federatsiyasida yashirin to‘lovlarni olishi mumkinligini aytdi. «Menda oq va qora rangda yozilgan hujjat yo‘q: mana, janob Shryoder, sizning portfelingiz pulga to‘la. Lekin Shryoder maxfiy to‘lovlarni olishiga shubham yo‘q», - deya ta’kidladi muxolifatchi. 

Gerhard Shryoder, o‘z navbatida, maxfiy to‘lovlar haqidagi parchani xato deb atadi va bu vaziyatda u advokatlar yordamiga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytdi, chunki Bild gazetasi bu ayblovlarni undan izoh so‘ramasdan e’lon qildi. Da’vo arizasida u Navalniyning bayonotlarini tarqatishni sud tomonidan taqiqlashni talab qildi. Endi, sudda yutqazib, Shryoder apellyatsiya bermadi va shuning uchun barcha sud xarajatlarini qoplashga majbur bo‘ladi. 

Germaniya sobiq kansleri Kreml manfaatlari lobbichisi sifatida 

Gerhard Shröder 1998 yildan 2005 yilgacha Germaniya kansleri lavozimida ishlagan va «qizil-yashil» deb nomlangan koalitsiya hukumatini boshqargan. 2005 yilgi saylovlarda mag‘lub bo‘lgach va iste’foga chiqqanidan so‘ng u Vladimir Putinning taklifini qabul qildi va 2006 yildan Nord Stream AG aksiyadorlar qo‘mitasini, 2017 yildan esa «Rosneft» direktorlar kengashini boshqarib kelmoqda. Shryoder bu lavozimni 2022 yilning may oyida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan ko‘p o‘tmay tark etgan. 

Mavzuga oid