Jahon | 20:26 / 13.04.2024
6664
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh sobiq elchisi Kuba foydasiga 40 yil josuslik qilgani uchun 15 yilga qamaldi

Adliya vazirligi buni AQSh hukumatiga nisbatan eng katta ko‘lamli va uzoq davom etgan josusliklardan biri deb atadi.

Manuel Rosha Foto: AP

Boliviyadagi AQSh sobiq elchisi Viktor Manuel Rosha Kuba foydasiga yillar davomida josuslik qilgani uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Rosha Kuba hukumati manfaatlarini ilgari surish uchun ishlaganlikda ayblandi.

2000 yildan 2002 yilgacha ushbu lavozimda ishlagan 73 yoshli elchi noqonuniy xorijiy agent sifatida faoliyat yuritganlik uchun ikkita ayblovni, jumladan, tergov bilan kelishuv doirasida Kuba razvedkasi bilan o‘zaro aloqalarini tan oldi. Biroq, AQSh rasmiylarining aytishicha, ular Roshaning Kuba bilan hamkorligi ko‘lamini hech qachon to‘liq bilmasligi mumkin.

Ish materiallariga ko‘ra, Rosha o‘zi uchun maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lish va AQSh tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatini beradigan lavozimlarni qidirgan. Shunday qilib, Rosha 1981 yildan 2002 yilgacha Davlat departamentida ishlagan, shu jumladan 1994 yildan 1995 yilgacha Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi a’zosi sifatida.

Sobiq elchi yashirincha Kubaning hukmron Kommunistik partiyasini qo‘llab-quvvatlagan va qirq yildan ortiq vaqt davomida Vashingtonga qarshi razvedka ma’lumotlarini yig‘ishga yordam bergan, dedi prokurorlar. Adliya vazirligi buni AQSh hukumatiga nisbatan eng katta ko‘lamli va uzoq davom etgan josusliklardan biri deb atadi.

Rosha 2022 va 2023 yillarda FQB himoya ostidagi maxfiy agenti bilan uchrashuvlarda o‘zini fosh etmaslik qobiliyati bilan maqtangan va shu tarzda oshkor bo‘lgan.

Mavzuga oid