Germaniya tashqi ishlar vaziri Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirishga chaqirdi
Annalena Berbok Eronning Isroilga hujumi fonida Islom Respublikasiga qarshi jazo choralarini kengaytirish zarur deb hisoblaydi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Islom Respublikasining Isroilga hujumi munosabati bilan Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. Bu haqda u 14 aprel, yakshanba kuni ARD ijtimoiy-huquqiy telekanalidagi Brennpunkt dasturi efirida aytdi.
Germaniya diplomatiyasi rahbarining ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi allaqachon Tehronga Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib bergani uchun sanksiyalar kiritgan, biroq u jazo choralarini kengaytirish uchun «faol kampaniya olib bormoqda». «Biz uning (Eron) harakatlari qanchalik xavfli ekanini ko‘ryapmiz», dedi Berbok Eronning Isroilga hujumini izohlar ekan.
Jozep Borrel YeI tashqi ishlar vazirlari favqulodda yig‘ilishini chaqirdi
Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Eronning Isroilga hujumi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarini favqulodda yig‘ilishga chaqirdi. U 16 aprel kuni bo‘lib o‘tishi kerak. «Bizning maqsadimiz – vaziyatni yumshatish va mintaqa xavfsizligiga hissa qo‘shish», dedi Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari.
Yevropa Ittifoqi «Eronning uchuvchisiz uchoqlar va raketalar yordamida Isroilga qilgan hujumlarini keskin qoralaydi. Bu misli ko‘rilmagan keskinlashuv va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid», deb ta’kidladi Borrel. U barcha tomonlarni «maksimal vazminlik»ga chaqirdi.
Germaniya Eron hujumini qoraladi
Eronning «Bajarilgan va’da» operatsiyasi Suriyada ikki yuqori martabali eronlik zobitning o‘ldirilishiga javob bo‘ldi. 1 aprel kuni Isroilning Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirgan hujumi oqibatida 16 kishi, jumladan, eronlik ikki brigada generali halok bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyat Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urush xavfidan xavotirda.
G‘arb davlatlari Eronning harakatlarini keskin qoraladi. «Bu mas’uliyatsiz va asossiz hujum bilan Eron mintaqaviy urushni qo‘zg‘atish xavfini tug‘diradi», dedi Germaniya kansleri Olaf Shols va Germaniya Isroil bilan qat’iy turishiga ishontirdi. O‘z navbatida, Annalena Berbok «butun mintaqani tartibsizlik holatiga olib kelishi mumkin bo‘lgan» Eron hujumini keskin qoraladi.
Mavzuga oid
19:34
Germaniyada Tesla zavodi qurilishiga qarshilar daraxtlardan tushishni xohlamayapti
23:14 / 19.11.2024
Eron uranni boyitishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi - OAV
21:44 / 19.11.2024
Kanadada sobiq adliya vaziriga suiqasdning oldi olindi
19:09 / 19.11.2024