“Qiz tug‘ganim uchun erim tashlab ketdi” – taqdir sinovlarida sinalayotgan ayol haqida hayotiy hikoya
“Qizimni to‘yini amal-taqal qilib o‘tkazdim. Mebelni qarzga olgandim, qariyb bir yil deganda qutuldim. Boshqalardan olgan qarzlarni ikki yil deganda amallab uzdim. Eng yomoni qiz uzatib ham turli ma’rakalardan qutulmadim. Avvaliga “Kuyov charlar”, bir yil o‘tib qizim farzandli bo‘lgach “Beshik to‘yi” kabi ma’rakalar ham meni qaddimni ancha bukib qo‘ydi”.
“Hayotiy hikoyalar” ruknida berilayotgan navbatdagi hikoyaning qahramoni hayot sinovlariga duch kelgan oddiy ayol. U uch nafar qiz farzand ko‘rgach eri tashlab ketgan.
Qizlari bilan yolg‘iz qolgan ayol taqdir sinovlarida yengilmaydi, biroq kun kechirish oson ham bo‘lmaydi. Bugun u ikki qizini uzatgan, faqat kenjasi bilan yashayapti. Biroq turli ahmoqona urf-odatlar deb, qiz uzatib ham tashvishlardan qutula olmayapti.
“Balog‘at yoshiga yaqinlashayotgan har bir qiz kelajakda o‘ziga munosib yigit bilan oila qurishni va u bilan baxtli hayot kechirishni xohlaydi.
Menda ham shunday bo‘lgan. Maktabni bitirganimdan so‘ng sovchilar kela boshladi. Ota-onam o‘zlari ma’qul deb bilgan yigitga rozilik bildirishdi.
Bo‘lajak kuyovni tanirdim, nazarimda tarbiyali, yaxshi yigit edi. Shu sababli rozi bo‘ldim. Rozi bo‘lmaslik chorasi ham yo‘q edi. Ko‘p o‘tmay to‘yimiz bo‘ldi. Hammasi yaxshi edi. Baxtdan sarmast edim. Biroq ko‘p o‘tmay barchasi o‘zgarib ketdi.
Bu orada homilador bo‘ldim va qiz farzand ko‘rdik. O‘shanda erim farzand ko‘rganiga, qaynota-qaynonam nabirali bo‘lishganiga juda xursand bo‘lishdi.
To‘ng‘ich farzandim uch yoshga yaqinlashganda yana homilador bo‘ldim. Yana qiz tug‘ildi. Shundan so‘ng erimning munosabati o‘zgardi. U avvalgiday mehr ko‘rsatmas, mendan ko‘ngli sovib borardi.
Ko‘p o‘tmay erim qo‘shni davlatga borib savdo bilan shug‘ullana boshladi. Uyga 3-4 oyda bir kelar va biz bilan bir haftacha turib ketardi.
Uyga kelgan paytlari o‘rtoqlaridan ortmas, ertalab chiqib ketsa yarim kechada qaytardi. Men ikkita qiz tug‘gan ayol unga yurak yutib e’tiborli bo‘lishini ayta olmasdim. Aniqrog‘i og‘zimni ham ocholmasdim.
Ya’ni ikkita qiz tug‘ganim uchun erim, qaynonam va qaynotam zimdan meni ayblar, bora-bora o‘zimni rostdan aybdor deb hisoblaydigan bo‘lib qoldim.
To‘ng‘ichim oltiga, ikkinchi qizim uch yoshga kirganda yana homilador bo‘ldim. Bu safar ham qiz tug‘ildi. O‘shanda erim kelgan payt edi, biroq tug‘uruqxonadan olib chiqish uchun bormadi. Qaynonam va qaynotam birga yashardik, meni ular olib kelishdi.
O‘shanda na erim, na qaynonam va qaynotam menga hech narsa deyishmadi. Lekin ularning sukunati va sovuq muomalasi meni yeb bitirayotgan edi.
Kunlarning birida erim safarga otlana boshladi. Xatti-harakatlaridan, qarashlaridan menga nimadir demoqchi bo‘layotganini sezib turardim. “E Xudo, javobimni berib, uydan haydab yubormasin” deb turardim. Agar shunday qilsa ota uyimga sig‘masdim va uchta bolam bilan ko‘chada qolishim aniq edi.
Oxiri, erim uydan chiqayotganda “yorildi”:
“Men endi qaytib kelmayman. Javobingni berdim. Ixtiyor o‘zingda. Bu hovlidan ket demayman, yashayver. Lekin mendan hech narsa umid qilib yurma. Men qo‘shni davlatda uylanganman. Bolam ham bor. Ochig‘i bundan bu yog‘iga ro‘zg‘oringga yordam beramanmi yo‘qmi bilmayman. Hech narsa va’da qilmayman. Tenging chiqsa turmushga chiqaver”.
Bu gaplarni negadir juda xotirjamlik bilan eshitdim. Balki anchadan buyon erimning taxminan shunday deyishini kutib kelayotganim va bunga o‘zimni ruhan tayyorlaganim sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Erim qo‘shni davlatda yurar ekan, ro‘zg‘orga ancha-munchada pul yubormasdi. Tirikchiligimiz qaynonam va qaynotamning pensiya pullari hisobidan edi. Ota-onamdan yordam so‘ray desam, ular ham singillarimni uzatish, ukalarimni uylantirish tashvishlari tufayli o‘zlaridan ortishmasdi.
Ro‘zg‘orni qaynotam qilib kelardi. Bilishimcha erim qaynotam va qaynonamga ham pul jo‘natmasdi. Qaynotam ro‘zg‘orlikni pensiyasi hisobidan qilardi.
Ana shunday vaziyatda men qizlarimning kiyimi va boshqa xarajatlarga qaynotamdan va qaynonamdan pul so‘ray olmasdim. O‘zlari esa berishmasdi. Chunki ularda ham oshiqcha pul bo‘lmasdi.
Shu o‘rinda “Nega ular o‘g‘illarining qo‘shni davlatda yo‘q bo‘lib ketishiga, yaxshi daromad qilsa ham ota-onasiga, bolalariga yordam bermagani uchun indashmasdi?” degan savol tug‘ilishi aniq.
Buning sababi oddiy edi – ya’ni qaynonam va qaynotam bir nechta qizdan so‘ng “tilab olgan” o‘g‘ilni juda erka qilib o‘stirgan. Shu sababli unga inday olishmasdi.
Qizlarim ulg‘ayavergach xarajatlar ortib bordi. Shunda bekor o‘tirmay deb to‘nfurushlarning to‘nlarini tikib bera boshladim. Ular besh-o‘nta to‘nni astarlari va ichiga solinadigan paxta yoki vatinlari bilan olib kelib berishadi.
Qismlarini alohida qilib tikib beraman, o‘zlari olib ketib butun holga keltirishadi. Tikilgan har bir to‘nga hisoblab pul berishadi. Shu ham qizlarimning kam-ko‘stiga yarardi.
Shu tariqa bir necha yil o‘tib ketdi. Qizlarim birin-ketin maktabga chiqdi. O‘tgan yillar mobaynida erim avvaliga olti oy, bir yilda bir ota-onasini ko‘rgani kelardi. Shunda qizlariga ham nimadir olib kelar, biroq ularga mehr bermasdi. Keyinchalik ikki-uch yilda bir keladigan bo‘ldi.
Katta qizim maktabni bitirishi arafasida qaynonam va qaynotam oldinma-keyin vafot etishdi. O‘shanda erim ularning ma’rakalari o‘tguncha bel bog‘lab turdi. “Yigirma o‘tgach qaytib ketdi. Ota-onasining vafotidan so‘ng erim O‘zbekistonga umuman kelmadi.
Katta qizimga sovchilar kelganda ota-onam bilan maslahatlashib ularning biriga rozilik bildirdik. O‘zbekning nimasi ko‘p, turli urf-odatlari ko‘p. To‘ygacha bo‘lganlari ham meni ancha qiynab qo‘ydi. Ana shunday paytlarda tonggacha to‘n tikib chiqqan vaqtlarim bo‘ldi.
To‘g‘ri, ikkita qizim ham bu ishda menga yordamchi bo‘lishdi, biroq “qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi” deganiday birov beradigan pul hech narsa bo‘lmasdi.
Qudalar to‘yni o‘tkazaylik deb kelganda umuman chorasiz qoldim. Chunki bizga ham qiz tomon mebel qilishi, kuyovga sarpo qilishi kabi urf-odatlar kirib kelib bo‘lgandi.
O‘sha kunlarda birov uyga chaqirib keldi. Chiqsam qo‘shni davlatda erim yashaydigan shaharda ishlab yurgan hamqishlog‘imiz. U qo‘limga ming dollar pul berdi va “Yanga, akam bervordilar” dedi yerga qarab. Chunki ming dollar pul to‘yga urvoq bo‘lmasligini u ham bilib turgandi.
Erim nega birdan pul jo‘natib qolibdi deb hayron turganimda qaynotamning ukasi kelib qoldi. “Tunov kuni to‘yni qanday o‘tkazishga boshingiz qotib yurganini eshitib eringizni telefon raqamini topib qo‘ng‘iroq qildim. “Noinsof, qiz seniki, to‘yga pul yubor” deb urishib berdim”, dedi.
Gap orasida “Qancha jo‘natibdi o‘zi?” so‘rab qoldi. “Ming dollar” deganimni bilaman erimni so‘ka boshladi:
“Odam shunchalik ham vijdonsiz, noinsof bo‘ladimi? Men unga kamida 4-5 ming jo‘nat, xotining qiynalib qoldi” degandim. Qizlari otasi bo‘la turib tirik yetimday katta bo‘ldi. Tirnoqqa zorlar qancha. Mana, qo‘shni davlatda yashab qolib nima bo‘ldi? Bir fohishani topib uylangandi, u ham ikkita qiz tug‘di. U yoqdagi xotinini qiz tug‘ding deb tashlab keta olmaydi Mabodo shu ishni qilsa u ayol tuhmat qilib qamatib yuborishdan ham qaytmaydi. Qolaversa savdo do‘koni, uy, mashinasi, qisqasi bor-yo‘g‘i hammasi xotinining nomida ekan. Shu uchun yuribdi, ammaning buzog‘i bo‘lib. Qizmi, o‘g‘ilmi Xudoning bergani bo‘ladi. Shukr qilib yuravermaysanmi, nodon”.
Men o‘sha paytgacha erimning qo‘shni davlatdagi hayoti qanday kechayotganini bilmasdim. Faqat o‘sha yoqda uylanganini va topgan pulini o‘sha xotiniga sarflab yurganini bilardim xolos.
U yoqda ham ikkita qiz ko‘rganini eshitganimda ko‘nglimdan hech narsa o‘tmadi. Faqat bir gapni takrorlardim – Xudoning bergani bo‘ladi.
To‘yni amal-taqal qilib o‘tkazdim. Mebelni qarzga olgandim, qariyb bir yil deganda qutuldim. Boshqalardan olgan qarzlarni ikki yil deganda amallab uzdim.
Eng yomoni qiz uzatib ham turli ma’rakalardan qutulmadim. Avvaliga “Kuyov charlar”, bir yil o‘tib qizim farzandli bo‘lgach “Beshik to‘yi” kabi ma’rakalar ham meni qaddimni ancha bukib qo‘ydi.
Bu orada ikkinchi qizim ham maktabni bitirdi va unga ham sovchilar kela boshladi. Ikkinchi qizimning to‘yidan avvalgi va keyingi tashvishlar ham katta qizimni uzatgandagi yugur-yugurlar bilan bir xil bo‘ldi.
Ikkinchi qizimning to‘yiga erim ikki ming dollar jo‘natibdi. Birinchi qizimni uzatayotganimda qaynotamning ukasi “Ering shu ming dollarni xotinidan yashirincha jo‘natgan bo‘lsa kerak” degandi. Hoynahoy ikkinchi qizimning to‘yiga yuborgan ming dollarni ham shunday qilgan.
O‘shandan buyon yilda bir-ikki marta kimlardir “Eringiz berib yubordi” deb birida 200, birida 300 dollar olib kelib beradi, qizlarimga sarflayman.
Hayot tashvishlari juda ham ezib yuborganda bir narsa ko‘nglimga taskin beradi, yaxshiyam qaynotamdan qolgan uy – boshpanam bor. Agar erim tashlab ketganda uch qizim bilan boshpanasiz qolganimda holimiz nima kechardi, tasavvur ham qila olmayman.
Ikkinchi qizimni uzatganimdan so‘ng kenja qizim bilan qoldim. Bir-ikki yildan so‘ng uni ham uzatsam yolg‘iz qolib ketaman-ku deb hozirdan yuragimga vahima oralaydi. Mayli, o‘sha kun kelaversin-chi, bir gap bo‘lar”.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
16:48 / 05.03.2024
“Nohaq qarg‘ishlarim o‘zimga qaytdi” – ko‘zi ochligi tufayli hayotning achchiq sinovlarini boshidan o‘tkazgan inson haqida hayotiy hikoya
16:02 / 20.02.2024
“O‘z manfaati yo‘lida otasini ham botqoqqa botiradigan farzandlar bor ekan” – tergovchi hikoyasi
12:46 / 18.02.2024
“Oila qurganimizni uydagilarimiz bilmasdi” – Grin karta uchun qalbaki to‘y qilgan 2 yosh hikoyasi
17:59 / 13.02.2024