Jahon | 22:40 / 18.04.2024
4002
2 daqiqa o‘qiladi

Argentina NATO global hamkori bo‘lish istagini bildirdi

Mamlakat o‘z harbiy kuchlarini NATO standartlariga mos ravishda modernizatsiya qilmoqchi va o‘qitmoqchi. 

Foto: Twitter/ Luis Petri

Argentina NATO global hamkori bo‘lmoqchi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Luis Petri Bryusselda NATO bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi. 

«Biz harbiy kuchlarimizni NATO standartlariga mos ravishda modernizatsiya qilish va o‘qitish imkonini beradigan aloqalarni tiklash ustida ishlashni davom ettiramiz», dedi Petri o‘z bayonotida. 

La Nacion nashriga ko‘ra, bu qadam Argentina harbiy attashesiga Bryusseldagi NATO qarorgohida ishlash va boshqa mamlakatlar bilan harbiy xizmatchilarni almashish imkoniyatiga ega bo‘lish orqali «klubning bir qismiga aylanish» uchun yo‘l ochadi. 

Hamkorlik doirasida mamlakatlar o‘zaro fikr almashishi, mudofaa institutlarini mustahkamlash bo‘yicha maslahatlar olishi, mashg‘ulotlarda ishtirok etishi va ilmiy loyihalarda hamkorlik qilishi mumkin. 

Kengroq qilib aytganda, NATO o‘z jarayonlari, tartiblari va tuzilmalarini qisman hamkorlarga ochib beradi. 

Shimoliy Atlantika alyansi hozir 32 davlatni o‘z ichiga oladi, ammo qo‘shimcha ravishda NATO dunyoning bir qator davlatlari bilan hamkorlik qiladi. 

Lotin Amerikasida faqat Kolumbiya NATO global hamkori maqomiga ega, bunga 2018 yilda erishgan. Boshqa global hamkorlari qatoriga Afg‘oniston, Avstraliya, Iroq, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Yangi Zelandiya, Pokiston va Yaponiya kiradi. 

2023 yil noyabr oyida «Erkinlik kelmoqda» libertarian alyansining vakili, iqtisodchi Xaviyer Miley Argentina prezidenti bo‘ldi. Saylovdan oldin u prezident sifatida Rossiya, Braziliya va Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirmasligini aytdi. Uning inauguratsiya marosimida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qatnashdi. Keyinchalik, Miley Ukrainada tinchlikka erishish uchun Lotin Amerikasi davlatlari bilan Argentinada sammit o‘tkazishni taklif qildi.

Mavzuga oid