Jahon | 19:27 / 18.04.2024
10312
4 daqiqa o‘qiladi

Geosiyosiy ziddiyatlar: O‘zbekiston pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak?

Dunyoda yangi ko‘p qutblilik yoki bipolyar tizim shakllana boshlagan. Sovuq urush tugab, SSSR qulagach, xalqaro maydonda AQSh boshchiligidagi bir qutblilik hukmron edi. Lekin bugun Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va “global janub” yangi qutbni shakllantiryapti. Bu yangi vaziyat dunyo davlatlari uchun yangi imtihonlarni, yangi geosiyosiy vaziyatlarni va tanlovlarni taqozo qiladi.

Halqaro munosabatlarda davlatlarning hududiy yaxlitligi – muhim qadriyat. Uchta davlat yoki millat misolida geosiyosiy ziddiyatlarni ko‘rib chiqish mumkin. Bular – Ukraina, Ozarboyjon va Falastin.

Ukraina o‘zining hududiy yaxlitligi, geosiyosiy mustaqilligi va siyosiy erki uchun kurashmoqda. Rossiya Ukrainaning kattagina sharqiy hududlarini bosib olgan.

Ozarboyjon 2020-22 yillardagi harbiy operatsiyalar orqali o‘ziga tegishli Qorabog‘ hududlarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ozarboyjonning bu g‘alabasi – turkiy dunyoning, musulmon dunyosining muhim yutug‘i sifatida qabul qilindi.

Falastin davlati haliga qadar yo‘q. Lekin Falastin xalqi o‘z davlatchiligi, hududlari uchun kurashda davom etmoqda. 1947 yilda tashkil topgan Isroil yillar davomida Falastin hududlarini bosib olishda, falastinliklarga jabr-zulm qilishda davom etmoqda.

Ziddiyat nimada? Rossiya – Ukrainada agressor, lekin Yaqin Sharqda mazlum Falastin va falastinliklar tarafida. Chunki Isroilning asosiy homiysi – Rossiyaning opponenti bo‘lmish AQSh.

Ukraina o‘zining hududiy yaxlitligi uchun kurashar ekan, bir vaqtning o‘zida Yaqin Sharqda agressor Isroilni qo‘llaydi. Chunki Ukraina kollektiv g‘arbga yoqish uchun hududiy yaxlitlik qadriyatiga emas, geosiyosiy chiziqlarga ko‘proq e’tibor beradi.

Ozarboyjon-chi? Rasmiy Boku turkiy va musulmon davlatlari orasida Isroilga eng do‘stona munosabatdagi davlat hisoblanadi. Isroil Qorabog‘ning qaytarib olinishida Ozarboyjonga sezilarli ma’naviy va harbiy yordam berdi. Shuning uchun Ozarboyjon Falastinning hududiy yaxlitligini emas, o‘zining hududiy yaxlitligi uchun Isroildan minnatdor.

Ozarboyjonning eng yaqin hamkori – Turkiya. Bugungi Turkiya Isroilni yoqtirmaydi. Lekin Isroil bilan hamkorlik qilayotgan Ozarboyjonni tanqid ham qilmaydi. Ya’ni bu o‘rinda geosiyosiy siniqlik bor. Mantiqiy birlik yo‘q. Ya’ni, “mayli, Ozarboyjon o‘zining hududiy yaxlitligi uchun, Isroil bilan yaqinlashsa, bunga chidaymiz” degandek.

Ozarboyjondan boshqa barcha turkiy davlatlar, ko‘proq Falastin tarafda. Lekin Isroilga qarshi jiddiy qadamlar tashlay olmaydi. Sababi ma’lum – Isroilning homiysi AQSh va g‘arb davlatlari bilan hech kim to‘qnashishni istamaydi. Chunki possovet hududi uchun geosiyosiy muvozanat muhim. Hech kim Isroil va g‘arbni tanqid qilib, Rossiyaning ta’sir doirasiga yanada ko‘proq yutilishni istamaydi.

Ko‘rinib turibdiki, bitta hududiy yaxlitlik masalasida davlatlarning qarashlari, qadamlari turfa. Xo‘sh, mana fonda, O‘zbekiston xalqi va davlatchiligi o‘zining geosiyosiy oriyentirlarini qanday aniqlashi mumkin? Nima muhim – geosiyosiy chiziqlarmi yoki qadriyatlar?

Geosiyosiy, tashqi siyosiy pozitsiya ishlab chiqish – har qanday davlat uchun jiddiy, ba’zan o‘ta og‘ir masala. Lekin xalq, jamiyat, davlatning qarashlari aniq-tiniq bo‘lishi kerak. Real voqelik va kelajakni modellashtirish – millatning umrini, hayotiyligini belgilab beradi. Shuning uchun ham mavhumlik, majhullik, neytrallik – doim ish beravermaydi.

O‘zbekiston jamiyatining fundamental o‘zliklari aniq. Biz turkiy va musulmon dunyosining muhim qismimiz. Biz, o‘zimizning siyosiy va geosiyosiy mustaqilligimizni boshqa turkiy va musulmon xalqlarining strategik manfaatlari bilan hamohang, ziddiyatlarsiz tartibga solishimiz kerak. Va tizimga solingan ushbu pozitsiyalarni, O‘zbekiston xalqining uzoq muddatli manfaatlarini baralla yorita olishimiz, himoya qila olishimiz kerak.

Dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar ko‘payadi, kuchayadi, o‘tkirlashadi. Mana shu fonda, davlat va jamiyat birligi, jipsligi, va ayni paytda jamiyat erki va davlatning huquqiyligi hal qiluvchi omil bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid