O‘zbekiston | 20:21 / 18.04.2024
9180
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari 2024 yil yozi uchun Amudaryo va Sirdaryo suvini taqsimlab oldi

Hozircha mintaqa davlatlari tomonidan dalalarni sug‘orish uchun qancha suv olinishi, Orol dengiziga qancha suv yetkazilishi haqida ma’lumot e’lon qilinmadi. 

Foto: Boris Ushmaykin

Qozog‘istonda Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2023-2024 yillar vegetatsiya mavsumida suv omborlari limitlari va ish rejimlaridan foydalanish yakunlari muhokama qilindi. 

Eng muhim masala Sirdaryo va Amudaryo havzalarida 2024 yilgi vegetatsiya davri uchun mamlakatlarning suv olish limiti va suv omborlari kaskadining prognoz ish rejimini tasdiqlash bo‘ldi. 

Hozircha komissiya rasmiy saytida mintaqa davlatlari tomonidan dalalarni sug‘orish uchun qancha suv olinishi, Orol dengiziga qancha suv yetkazilishi haqida ma’lumot yo‘q.

Har yili limitga ko‘ra Amudaryo havzasidan suv olish 56 milliard kub metrni tashkil etadi, shundan 40 milliard kub metrga yaqin suv vegetatsiya davrida – apreldan oktyabrgacha to‘g‘ri keladi. Kelishuvga ko‘ra, o‘tgan yillarda vegetatsiya davrida Tojikistonga 6,9 milliard kub metr, O‘zbekistonga 16 milliard, Turkmanistonga 15,5 milliard kub metr suv yetkazib berilgan.

Sirdaryo havzasidan har yili suv olish limiti esa taxminan 11,9 milliard kub metrni tashkil etadi, shundan Tojikistonga 1,9 milliard kub metr, O‘zbekistonga 8,8 milliard, Qozog‘istonga 920 million, Qirg‘izistonga 270 million kub metr suvni yozgi vegetatsiya davrida olish mumkin.

2024 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida sug‘oriladigan yerlar maydoni:

  • O‘zbekiston – 4,3 mln gektar;
  • Qozog‘iston - 2,5 million gektar;
  • Turkmaniston - 1,9 million gektar;
  • Qirg‘iziston - 1 million gektar;
  • Tojikiston - 0,68 million gektar.

Mavzuga oid