O‘zbekiston | 18:39 / 19.04.2024
3051
4 daqiqa o‘qiladi

Qonun buzilishi sababli qiymati 14 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlari bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 9 ta holatda davlat xaridlarida qonun buzilishini aniqladi. 

Umumiy qiymati 14 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 9 ta davlat xaridida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Jumladan: 

- «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MChJ buyurtmachiligida 20 mart kuni Qashqadaryo viloyatida paxta maydonlarini tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish yuzasidan o‘tkazilgan 9,4 mlrd so‘mlik; 

- «Oqdaryo tuman yo‘llardan foydalanish» korxonasi buyurtmachiligida 28 mart kuni qurilish ishlarida foydalanish uchun tosh sotib olish yuzasidan o‘tkazilgan 2,5 mlrd so‘mlik; 

- Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti buyurtmachiligida 12 mart kuni 100 nafar talabaga ingliz tilini o‘rgatish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 150 mln so‘mlik davlat xaridlarida qonunchilik talablariga zid ravishda affillangan shaxslar g‘oliblikni qo‘lga kiritganligi ma’lum bo‘lgan. 

Shuningdek: 

- «Hududgazta’minot» AJ buyurtmachiligida 7 mart kuni soliq maslahati xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 1,2 mlrd so‘mlik; 

- «Farg‘onayo‘lko‘kalam» UK buyurtmachiligida 27 fevral kuni 4 turdagi daraxtlar ko‘chatlari xarid qilish yuzasidan o‘tkazilgan 289,5 mln so‘mlik; 

- Urganch davlat universiteti buyurtmachiligida 6 mart kuni suzish fanida foydalanish uchun suzish havzasi xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 260,6 mln so‘mlik; 

- Qo‘qon shahar hokimligi buyurtmachiligida 15 mart kuni respublika, viloyat va shahar miqyosida tashkil etiladigan tadbirlarga borib-kelishda yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 212 mln so‘mlik; 

- Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi buyurtmachiligida 12 mart kuni o‘tkazilgan hayvonlarning identifikatsiya raqami tashuvchilarining atributlariga qo‘yiladigan umumiy talablar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi milliy standartini ishlab chiqish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 120 mln so‘mlik; 

- «Namangan yo‘l qurilish-ta’mirlash» MChJ buyurtmachiligida 14 mart kuni obektda yo‘l qurish jarayonida suv tashish va sepish xizmatini ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan 120 mln so‘mlik davlat xaridlarida ishtirok etgan tadbirkorlarning hujjatlari Xarid komissiyasi raisi va a’zolari foydalangan qurilma (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklanganligi va shu tariqa manfaatlar to‘qnashuvi holatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. 

Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash bayonnomalarini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachilarga Agentlikning taqdimnomalari kiritilgan va to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. 

Agentlikning taqdimnomalariga binoan yuqoridagi davlat xaridlari bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilingan.

Mavzuga oid