Iqtisodiyot | 18:31 / 23.04.2024
6435
4 daqiqa o‘qiladi

Gaz va neft qazib olish hamda benzin ishlab chiqarish sezilarli kamaydi

Birinchi chorakda gaz qazib olish 5,9 foizga, neft qazib olish 8,4 foizga, ko‘mir qazib olish 2 foizga, benzin ishlab chiqarish 6,5 foizga qisqardi. Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 2,5 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 0,8 foizga oshdi.

Foto: Energetika vazirligi

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-mart oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 11,6 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 725 mln kub (2022 yilning yanvar-mart oylarida 12,3 mlrd kub metr bo‘lgan) yoki 5,9 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-mart oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub).

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargan.

2017-2023 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish hajmining o‘zgarishi (Statistika agentligi ma’lumotlari):

  • 2017 yil – 56 mlrd 417,6 mln kub metr;
  • 2018 yil – 60 mlrd 396,5 mln kub metr;
  • 2019 yil – 60 mlrd 537,5 mln kub metr;
  • 2020 yil – 49 mlrd 736,2 mln kub metr;
  • 2021 yil – 53 mlrd 802 mln kub metr;
  • 2022 yil – 51 mlrd 678,4 mln kub metr;
  • 2023 yil – 46 mlrd 710,3 mln kub metr.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish muttasil ravishda qisqarib bormoqda. Xususan, 2019–2023 yillar oralig‘ida bu qisqarish 22,8 foizni tashkil qilgan. Mahalliy ishlab chiqarishning kamayishi Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi hisobiga qoplanyapti.

Birinchi chorakda ko‘mir qazib olish 969 tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,2 tonna yoki 2 foizga qisqargan.

Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 195,5 ming tonnadan 179,1 ming tonnaga kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 319,5 ming tonnadan 326,3 ming tonnaga oshgan.

Dastlabki 3 oylikda elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,8 foizga yoki 171 mln kWh’ga oshgan. Xususan, 2023 yilning yanvar-mart oylarida 19,92 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 20,09 mlrd kWhʼga yetgan.

Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 206 ming tonnadan 211 ming tonnaga (+2,5 foiz) ko‘paygan bo‘lsa, benzin ishlab chiqarish 385 ming tonnadan 360 ming tonnaga (-6,5 foiz) qisqargan.

Yengil avtomobillar ishlab chiqarish

2024 yilning yanvar-mart oylarida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar soni (maxsus yengil avtomobillardan tashqari) 84 ming 745 donani tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (54 ming 205 dona) 36 foizga ko‘paygan.

  • Cobalt – 28 356 dona (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish – 59,5 foiz);
  • Damas – 18 996 dona (o‘sish – 1,7 foiz);
  • Tracker – 12 025 dona (o‘sish – 7,2 barobar);
  • Lacetti-Gentra – 8 811 dona (pasayish – 20,9 foiz);
  • Onix – 8 338 dona (o‘sish – 14,9 barobar);
  • Kia – 4 980 dona;
  • Chery – 2 990 dona;
  • Haval – 205 dona;
  • Exeed – 38 dona;
  • Maxsus yengil avtomobillar – 6 317 dona.

Mavzuga oid