AQSh davlat kotibi Blinken Pekinga keldi
Entoni Blinken Xitoyga uch kunlik tashrifi doirasida XXR rahbariyati bilan muzokaralar olib boradi. Uning Si Jinping bilan uchrashuvi haqida hozircha xabar qilinmagan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 25 aprel, payshanba kuni Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida Pekinga yetib keldi va u yerda Xitoyning yuqori martabali rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda AFP.
Xitoy rahbariyati Blinkenning Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uchrashishi haqida hech qanday ma’lumot bermagan. Davlat kotibining o‘tgan yil iyun oyida oxirgi tashrifi chog‘ida bunday uchrashuv so‘nggi daqiqada e’lon qilingan edi, deb eslatadi AFP.
Amerika tomonining xabarlariga ko‘ra, muzokaralarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Tayvan atrofidagi keskinlik, shuningdek, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo aloqalari muhokama qilinadi. Bir kun avval Entoni Blinken Shanhayga tashrifi chog‘ida Vashington va Pekinni o‘zaro keskinliklarga qaramay, «kelishmovchiliklarga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga» chaqirdi.
AQSh Xitoyni Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblamoqda
Xitoyga tashrifi oldidan Entoni Blinken Pekinni Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi. Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy muhim qurol komponentlarini yetkazib berish orqali Kremlga yordam berishga katta hissa qo‘shgan.
Bundan tashqari, AQSh Pekinning Rossiya harbiy ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashini cheklash maqsadida Xitoy ayrim banklarini jahon moliya tizimidan uzib qo‘yishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarni ishlab chiqayotgani ma’lum bo‘ldi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbinning aytishicha, Xitoy AQShning Rossiya bilan normal savdo munosabatlariga oid «asossiz ayblovlariga qat’iy qarshi». «Biz Amerika tomonining o‘zi olovga moy sepib, lekin Xitoy tomonini ayblaganida ikkiyuzlamachilikka qarshi chiqamiz. Xitoyning boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan normal iqtisodiy va savdo almashish huquqi daxlsizdir», dedi diplomat.
Mavzuga oid
23:34 / 19.11.2024
Olimlar Oyning orqa tomonidan olingan tuproq namunalarini o‘rgandi
22:10 / 19.11.2024
Xitoy kosmik stansiyasida tajribadan o‘tgan zaytun danaklari Yerda unib chiqdi
19:03 / 19.11.2024
Honkongda 2019 yilgi norozilik namoyishlarining 45 nafar yetakchisiga hukm o‘qildi
18:56 / 19.11.2024