O‘zbekiston | 13:39 / 26.04.2024
94635
6 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Nig‘matilla Yo‘ldoshev «qidiruvda bo‘lgan shaxslar bilan gaplashib turgani» haqidagi videoga izoh berdi

Internetda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev qidiruvda bo‘lgan Sherali va Abduvali Abdullayevlar bilan gaplashib turgani haqidagi videoyozuv chiqarilgan. Bosh prokuratura ushbu video yuzasidan izoh taqdim etdi.

Foto: Videodan kadr

2024 yilning 2-4 yanvar kunlari bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev mehnat ta’tili davrida salomatligini tiklash maqsadida o‘z hisobidan Turkiyaga borib, tibbiyot klinikasida davolanish muolajalaridan o‘tgan. Turkiyada unga avvaldan tanishi bo‘lgan Azim Jo‘raboyev hamrohlik qilgan

Bosh prokuror Azim Jo‘raboyev bilan klinikada gaplashib turgan vaqtida, ularning oldiga asli familiyasi Sobirjanov (xabarda Sherali Abdullayev deb ko‘rsatilgan) bo‘lgan Sherali ismli shaxs kelib, o‘zini tanishtirgan. Shu vaqtda ular klinikaga kelishi sabablari haqida suhbatlashgan. Sherali Sobirjanov klinikaga farzandini davolanishga olib kelganini aytib, bosh prokurorni tanib qolgani uchun ular bilan hamsuhbat bo‘lishga yoniga kelganini tushuntirgan. Videoda Bosh prokuror yonida turgan ikki shaxsning biri Sherali Sobirjanov bo‘lsa, ikkinchisi Abduvali Abdullayev emas, balki Azim Jo‘raboyev bo‘lgan, deyiladi mahkama izohida. 

Ma’lumot berilishicha, Abduvali Abdullayev tomonidan 2018 yil 10 may kuni Baxmal Juice Maste MChJga bankdan 1,1 mln AQSh dollar kredit olinib, kredit qarzdorligining 633 ming AQSh dollari qasddan qoplanmaganligi oqibatida, garovdagi O’zengilulgurjisavdo MChJga tegishli mulk (ma’muriy bino) bank tasarrufiga o‘tib ketgani bois, jamiyat manfaatiga katta miqdorda zarar yetkazilgan. 

O’zengilulgurjisavdo MChJ ta’sischilarining arizasiga asosan 2021 yil 25 yanvar kuni A.Abdullayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida ayblanuvchi A.Abdullayevga Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari ayblanuvchi qayerda ekani noma’lum bo‘lgani sababli vaqtincha to‘xtatilgan. 

Ta’kidlanishicha, jinoyat ishi doirasida Abduvali Abdullayevning o‘g‘li - Rahmatilla Abdullayev ham ayblanuvchi (Jinoyat kodeksining 168-, 233-, 184-moddalari bilan ayblov xulosasi tuzilgan) sifatida jalb qilingan. 2022 yil 13 iyundagi Yakkasaroy tuman sudining hukmiga ko‘ra, R.Abdullayev Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan aybli deb topilgan va unga jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 168- va 233-moddalari bilan esa aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilingan.  

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 sentabrdagi ajrimi bilan yuqoridagi sud hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining apellyatsiya protesti va shikoyatlar qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 fevraldagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 sentabrdagi ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan (ish Toshkent shahar prokurorining protesti va fuqaroviy da’vogarning shikoyati asosida ko‘rilgan). 

Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 26 iyundagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi bekor qilinib, R.Abdullayev Jinoyat kodeksning 168- va 184-moddalari bilan aybli deb topilib, 4 yil 6 oy ozodlikni cheklash va bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 26 iyundagi hukmi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 24 apreldagi ajrimiga ko‘ra, Yakkasaroy tuman sudining 2022 yil 13 iyunda dastlab chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, Yakkasaroy tuman prokurorining R.Abdullayevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 233-moddasi 1-qismi va 184-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topib, jazo tayinlash haqidagi prokuror protesti va jabrlanuvchilarning shikoyatlari rad qilingan.

Hozirda Bosh prokuratura tomonidan yuqoridagi appelyatsiya ajrimiga nisbatan taftish tartibida prokuror protesti keltirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 

Sherali Sobirjanov esa, Orental Fresh Food MChJ rahbari lavozimida ishlab kelib, bankka soxta kontraktlarni taqdim etgan holda haqiqiy bozor narxi 494 ming 438 AQSh dollarlik muzlatgich va 430 ming 182 AQSh dollarlik quritish jihozlari uchun jami 1 mln 597 ming 630 AQSh dollarini Xitoy davlatiga to‘lab berib, 673 ming 010 AQSh dollarini talon-toroj qilgan.

Unga nisbatan 2019 yil 20 iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalar bilan sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruv e’lon qilingan.

Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining ish yurituvida bo‘lib, hozirda dastlabki tergov harakatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Mavzuga oid