Iqtisodiyot | 11:32 / 26.04.2024
4399
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat kompaniyalari uchun valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi qattiqlashtirilgan

Davlat kompaniyalari uchun valuta operatsiyalarini faqat asosiy hisobraqamiga ega bo‘lgan banklar orqali amalga oshirishga doir cheklov kiritilgan.

Foto: Reuters

O‘zbekistonda davlat kompaniyalari uchun valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi qattiqlashtirilgan. Bu haqda 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bu yangilik emas. Sentyabrda ham mazkur masalani ko‘targan edik, chunki bu nafaqat valuta nuqtai nazaridan, balki davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalarning tashqi iqtisodiy operatsiyalari ustidan to‘g‘ri valuta nazorati olib borish nuqtai nazaridan ham zarur. Bu yo‘nalishda shunday hujjat bor va banklar unga binoan ishlamoqda», — deya ta’kidladi Nurmurodov.

Spot suhbatlashgan bank sohasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining davlat kompaniyalari bo‘yicha qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, aprel oyidan boshlab ularga valuta operatsiyalarini faqat asosiy hisobraqamiga ega bo‘lgan banklar orqali amalga oshirishga ruxsat berilgan. Markaziy bank tegishli hujjatni barcha banklarga yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2023 yilning 18 sentabridan boshlab tijorat banklari uchun valuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirgani jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi. Shundan keyin regulyator yangi cheklovni bekor qildi. Tanqidlarga uchragan loyihaga ko‘ra, Markaziy bankning talabi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar valuta operatsiyalarini faqat asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankda amalga oshira olishi belgilangandi. MB raisi Mamarizo Nurmurodov valuta operatsiyalari bo‘yicha qarorini sanksiyaviy komplayens bilan izohlagandi.

Avvalroq, tadbirkorlik sub’yektlari va chet el fuqarolarining xorij valutasini sotib olishda bankka taqdim etadigan ma’lumotlari kengaytirilishi kutilayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid