O‘zbekiston | 09:58 / 26.04.2024
6755
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston AQShning intellektual mulk huquqiga oid qora ro‘yxatidan chiqarildi

Bunga O‘zbekistondagi intellektual mulk huquqini himoya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq ijobiy o‘zgarishlar sabab bo‘lgani keltiriladi. Bu “qora” ro‘yxatga yana 7 ta davlat kiritilgan, ular orasida Xitoy ham bor.

AQSh savdo vakilligi idorasi intellektual mulkni himoya qilish va qo‘llash bo‘yicha 2024 yil uchun “Maxsus 301-hisoboti”ni e’lon qildi.

Hisobotda aytilishicha, idora O‘zbekistonni o‘zining kuzatuv ro‘yxatidan (Watch list) chiqardi. Sababi mamlakatda intellektual mulk huquqini himoya qilish va qo‘llash bilan bog‘liq uzoq muddatdan beri davom etib kelayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha barqaror o‘zgarishlar bo‘lyapti.

“Masalan, Bojxona kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, kontrafakt import va eksport mahsulotlarni olib qo‘yish, ularni ushlab turishga oid ex officio vakolati belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston intellektual mulk sohasiga yuqori darajada siyosiy e’tibor qaratib kelmoqda. O‘zbekiston "AQSh-Markaziy Osiyo” savdo va investitsiyalar bo‘yicha asosli kelishuv doirasida Intellektual mulk yo‘nalishida ishchi guruhini qo‘llab-quvvatlamoqda va uning ishlarida qatnashmoqda”, deyiladi hisobotda.

Ta’kidlanishicha, AQSh savdo vakilligi idorasining bu yilgi hisoboti 100 dan ortiq savdo hamkorlariga oid tadqiqotlar va ular bilan kengaytirilgan darajadagi hamkorlikdan so‘ng xulosaviy shaklda tayyorlangan.

Tashkilot O‘zbekiston bilan birga Dominikan Respublikasini ham kuzatuv ro‘yxatidan chiqardi.

Hisobotda qayd etilishicha, Rossiya-Ukraina urushi davom etayotgani sabab Ukrainani kuzatuv ro‘yxatidan chiqarish kechiktirildi.

Shuningdek, kuzatuv ro‘yxatiga 7 ta davlat joylashtirilgan. Ro‘yxatga kirgan davlatlar qatorida Xitoy ham bor. Agentlikning qayd etishicha, bunga sabab Xitoyda intellektual mulk qonunchiligini qo‘llash va himoya qilish borasida jiddiy xavflar mavjud. Shuningdek, Argentina, Chili, Hindiston, Indoneziya, Rossiya va Venesuela ham ro‘yxatga kiritildi.

Ma’lumot uchun: AQSh Tashqi savdo agentligining “Maxsus 301-hisoboti” dunyo miqyosida intellektual mulk qonunchiligini qo‘llash va uning himoyasini kuchaytirishga qaratilgan holatning global sharhi hisoblanadi. U boshqa mamlakatlardagi mualliflik huquqi, patentlar va savdo belgilari kabi intellektual mulk qonunlari tufayli Qo‘shma Shtatlar kompaniyalari va mahsulotlariga savdo to‘siqlarini belgilaydi.

Avvalroq O‘zbekistonda 5 ta qonun Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirilgani, o‘zgarishlarning katta qismi intellektual mulk sohasiga taalluqli ekani ma’lum qilingandi. Xususan, O‘zbekiston fuqarolari va norezidentlar uchun patent boji tenglashtirilgan.

Mavzuga oid