Iqtisodiyot | 20:38 / 26.04.2024
15286
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi oshdi, Rossiyaning ulushi kamaydi

2024 yilning 1-choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 8,6 foizga o‘sib, 2,5 mlrd dollarni tashkil qildi. Markaziy bank raisiga ko‘ra, pul o‘tkazmalari tarkibida Rossiyaning ulushi kamayib boryapti.

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

Joriy yil 1-choragida xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi oshdi. Bu haqda 25 aprel kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“1-chorakda pul o‘tkazmalari 2,5 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Qozog‘iston va Rossiyaning ulushi 84 foizgacha pasaydi, Rossiyaning ulushi 68 foizgacha pasaydi. Pul o‘tkazmalari o‘tgan yil birinchi chorakka nisbatan 8,6 foizga o‘sdi”, – dedi regulyator rahbari.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonga 11,4 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kirib kelgan. Bu – anomal o‘sish kuzatilgan 2022 yilga nisbatan 33 foizga kam, 2021 yilga nisbatan esa qariyb 42 foizga ko‘p. O‘tgan yili umumiy pul o‘tkazmalari 33 foizga kamaygan bo‘lsa, Rossiyadan o‘tkazmalar 39 foizga qisqargan. O‘z navbatida, boshqa davlatlardan keladigan pul o‘tkazmalari 15 foizga oshgan.

MBning fevral oyidagi prognoziga ko‘ra, 2024 yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 6-8 foiz atrofida o‘sishi kutilyapti.

“Pul o‘tkazmalari hajmi 2024 yilda xorijdagi ishchi kuchiga yuqori talab natijasida 6-8 foiz atrofida o‘sishi mumkin. Joriy yilda pul o‘tkazmalarining kirib kelishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar, iqtisodiyotdagi ish haqi miqdorlarining oshib borishi aholi daromadlari real o‘sishining 5-7 foiz atrofida shakllanishiga xizmat qiladi”, – deyilgan Markaziy bank sharhida.

Jahon banki kuni kecha e’lon qilingan prognozlariga ko‘ra esa, 2024 yilda pul o‘tkazmalari hajmi asosan Rossiyaga boradigan mehnat muhojirlari sonining qisqarishi kutilayotgani hisobiga kamayishi mumkin. Jahon banki ekspertlarining fikricha, pul o‘tkazmalarining kamayishi va importning ko‘payishi bilan joriy hisob taqchilligi biroz oshadi, lekin barqaror bo‘lib qoladi, chunki O‘zbekiston iqtisodiyotini isloh qilish jarayoni xorijiy moliyalashtirishni talab qiladi. Joriy hisob taqchilligi qisman investitsiyalar va qarzlar hisobiga qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati mehnat migratsiyasini diversifikatsiya qilish, bir qator xorijiy mamlakatlarga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshiryapti. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi avvalroq Germaniya va Janubiy Koreyaga bir necha o‘n ming ishchi yuborilishi haqida xabar bergandi. Aprel oyi boshida mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi choralar e’lon qilindi.

Mavzuga oid