Jahon | 12:25 / 27.04.2024
13019
14 daqiqa o‘qiladi

“Jilovlanmagan asov yo‘rg‘a” – dunyoga mashhur Ford Mustang avtomobili tarixi

Dunyodagi aksariyat avtoishqibozlar Ford Mustang nomini eshitgandan bir entikib qo‘yishadi. Chunki bu avtomobil tashqi va ichki ko‘rinishi hamda dvigatel quvvatining kuchliligi bilan ko‘pchilikning ko‘nglidan joy olgan. Bu yil Ford Mustang ilk ishlab chiqarilganiga 60 yil bo‘ldi. U hanuzgacha ishlab chiqarilmoqda va ko‘pchilikning orzusidagi avtomobil bo‘lib qolmoqda.

Gap avtomobil sanoatidan ketar ekan, AQSh avtomobilsozlarini eslamasdan iloji yo‘q. 1890-yillarda Genri Ford okean ortida birinchi bo‘lib avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyani ochgan edi.

1900-yillar boshlarida esa AQShda avtomobillarni konveyer usulida ishlab chiqaruvchi bir nechta kompaniya ishlardi. Ularda o‘nlab turdagi avtomobillar tayyorlanardi.

1920-yillarda AQSh avtomobil bozorini uchta kompaniya - General Motors, Ford Motor Company va Chrysler Corporation egallab bo‘lgan edi. “Katta Detroyt uchligi” deb nomlangan bu kompaniyalar 1928-1932 yillarda AQShda yuz bergan moliyaviy va iqtisodiy inqirozdan ham amallab omon chiqqan edi.

Ford Motor Company tarixi

Ford Motor Company kompaniyasini 1903 yilda AQShning Detroyt shahrida Genri Ford tashkil etgan edi. Ford dastlab besh nafar investordan olgan 28 ming dollar bilan ish boshlaydi.

Genri Ford va uning avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodi
www.alamy.com

Kompaniyaning birinchi avtomobili “Model A” deb nomlanardi. Dastlabki yilda undan 1708 dona ishlab chiqarib sotishadi.

1904 yilda Ford Kanadada ham avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonasini ishga tushiradi. 1908 yilda kompaniya Yevropada birinchi bo‘lib Parijda o‘z savdo uyini tashkil etadi.

Kompaniyani mashhur qilgan model 1907-1929 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan Ford Model T avtomobili edi. Birgina 1909 yilda kompaniya undan 10 ming dona tayyorlab sotadi. Umumiy hisobda Ford Motor Company Ford Model T avtomobilidan 15 mln (!) dona ishlab chiqargan.

Ford Motor Company 1913 yildan boshlab avtomobillarni konveyer usulida ishlab chiqara boshlaydi. Natijada kompaniya tayyorlayotgan avtomobillar narxi sezilarli arzonlashadi.

Masalan, 1909 yilda 950 dollar sotilgan Ford Model T 1920 yillarda 250 dollargacha arzonlab ketadi. Natijada kompaniyaning savdo ko‘rsatkichlari keskin oshadi.

Kompaniya birinchi jahon urushi paytida avtomobillardan tashqari aviatsiya dvigatellari, tanklar va qurol-yaroqlar ishlab chiqaradi va yaxshi foyda ko‘radi.

1922 yilda kompaniya AQShdagi yana bir avtomobilsozlik kompaniyasi bo‘lgan Lincoln Motor Company’ni sotib oladi.

1926 yilda Ford Motor Company o‘zining eng ko‘p sotilgan Ford Model T avtomobilini ishlab chiqarishni to‘xtatadi va uning o‘rniga yanada zamonaviyroq bo‘lgan Ford Model A’ning yangilangan rusumini ishlab chiqara boshlaydi.

www.mafca.com

1928 yilda AQShda iqtisodiy va moliyaviy inqiroz boshlanganda kompaniya avvaliga Britaniyada, so‘ng Germaniya o‘z zavodlarini ochadi.

Shuningdek, SSSRda Ford Motor Company’ga tegishli bo‘lgan avtomobillarni GAZ-A va GAZ-AA nomlari ostida ishlab chiqarilishi bo‘yicha foydali shartnoma imzolaydi.

Salmoqli summa evaziga SSSRga zavod liniyalari va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi uskunalar yetkazib beriladi. Kompaniya xodimlari kelib uskunalarni o‘rnatib, zavodni ishga tushirib berib ketishadi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangach AQSh Mudofaa vazirligi Ford Motor Company’ga juda katta buyurtmalar beradi. Oqibatda kompaniya juda yaxshi foyda ko‘radi.

Urush tugagach kompaniya rivojlanishda davom etadi. Korxonalar va ishchilar soni ko‘payadi. Foyda salmog‘i ortadi.

2022 yilda Ford Motor Company avtomobil ishlab chiqarishda AQShda General Motors korporatsiyasidan so‘ng ikkinchi, jahonda esa Toyota, Volkswagen Group, Hyundai Motor Group, Stellantis va General Motors’dan so‘ng oltinchi o‘rinni egallaydi.

2023 yilda kompaniya 3,95 mln dona avtomobil sotgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egallagan. Kompaniyaning avtomobillari orasida 1960-yillarda ishlab chiqarilgan Ford Mustang juda mashhur. Kompaniya bu avtomobilni 60 yildan buyon hanuzgacha yangilangan ko‘rinishda ishlab chiqarmoqda.

www.wallpaperup.com

Ford Mustang tarixi

Ford Motor Company’ning muvaffaqiyatli loyihalaridan biri bo‘lgan Ford Mustang avtomobili loyihasi ilk bor 1962 yilda tayyorlangandi.

Bu avtomobil sport mashinalari rusumida bo‘lib, uning dastlabki varianti rodster (ikki o‘rindiqli avtomobillar shunday nomlanadi) turiga mansub edi.

1964 yil 9 mart kuni kompaniya konveyerlaridan dastlabki Ford Mustang chiqadi. Mashina dizayni juda chiroyli bo‘lib, o‘shanda u darhol avtoishqibozlarning e’tiborini tortadi.

1964 yil 17 aprel kuni Nyu-Yorkda jahon sanoat ko‘rgazmasi boshlanadi. Ford Motor Company o‘zining yangi avtomobilini ko‘rgazmada namoyish etgach, unga ko‘plab buyurtmalar tushadi.

auto.bigmir.net

Yil oxirigacha Ford Motor Company 263 ming dona Ford Mustang tayyorlab sotishga muvaffaq bo‘ladi. O‘sha paytda bu zo‘r ko‘rsatkich edi.

Keyinchalik kompaniya Ford Mustang avtomobillarining dizaynini zamonaviylashtirib, dvigatel quvvatini oshirib boraveradi.

1967 va 1969 yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarning ko‘rinishi dastlabkilaridan biroz farq qilardi.

Birinchi avlod. Ford Motor Company tomonidan ishlab chiqarilgan dastlabki Ford Mustang’lar birinchi avlod avtomobillari hisoblanadi. Ular 1964 yildan 1973 yilgacha ishlab chiqarilgan.

Avtomobilga 102 ot kuchiga ega bo‘lgan 2,8 litr hajmli dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, u soatiga 150 kilometrgacha tez yura olardi.

avtoindex.com

Mijozlarga Ford Mustang uch xil kuzovda – kupe, fastbek va kabriolet ko‘rinishida taklif etiladi. Avtomobil 2 368 dollardan (hozir 18 500 dollar bo‘ladi) sotuvga chiqarilgan.

Birinchi avlod mashinalari 1973 yilgacha ishlab chiqarilgan. 10 yil davomida kompaniya undan qariyb 3 mln dona sotishga muvaffaq bo‘ladi.

Ikkinchi avlod. 1973 yilda kompaniya Ford Mustang avtomobillarining ikkinchi avlodini ommaga taqdim etadi. U dastlabki modeldan kuzov va salondagi o‘zgarishlardan tashqari, dvigatel quvvatining oshirilgani bilan ancha farq qilardi.

avtoindex.com

Ikkinchi avlod mashinalari to‘rt xil dvigatel bilan jihozlangan holda ikki xil – ikki eshikli kupe va uch eshikli xetchbek ko‘rinishida ishlab chiqariladi.

Ushbu avtomobillardan 5 yilda 1,1 mln dona sotiladi. O‘sha paytlarda uning narxi 3 134 dollar bo‘lgan.

Uchinchi avlod. 1978 yilda kompaniya Ford Mustang avtomobillarining uchinchi avlodini ishlab chiqara boshlaydi. Bu rusumda avtomobil kuzovi avvalgi ovalsimon ko‘rinishdan qirrali qilib o‘zgartirilgandi.

Uchinchi avlod avtomobillari avvalgilaridan biroz uzun edi. Ular 118 dan 203 ot kuchiga ega bo‘lgan 2,3 litr hajmli dvigatellar bilan jihozlangan edi.

Kompaniya uchinchi avlod avtomobillarini 1993 yilgacha ishlab chiqargan va 15 yil davomida ulardan 2,6 mln dona sotilgan. Mazkur rusum Amerika bozorida bir muddat Mercury Capri nomi ostida sotilgan.

Pinterest

1987 yilda kompaniya uchinchi avlod avtomobillarini restayling qilib biroz o‘zgartiradi. 1990 yildan boshlab Ford Mustang avtomobillariga xavfsizlik yostiqchalari o‘rnatila boshlanadi.

1984 yilda Ford Mustang ishlab chiqarila boshlanganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan cheklangan miqdorda Ford Mustang GT350 avtomobili tayyorlanadi.

Xetchbek va kabriolet ko‘rinishida chiqarilgan 5 100 dona avtomobil tez fursatda sotilib ketadi. Cheklangan miqdorda bo‘lgani uchun Ford Mustang GT350 odatiy rusumlardan ancha qimmat narxlarda sotiladi.

To‘rtinchi avlod. 1993 yilda Ford Motor Company to‘rtinchi avlod avtomobillarini ommaga taqdim etadi. Bu rusumda kompaniya qirrali kuzovdan voz kechib, avtomobillarni yana avvalgiday chetlari ovalsimon kuzovda chiqara boshlaydi.

avtoindex.com

To‘rtinchi avlod mashinalari 3,8 dan 4,9 litr hajmli, 147 dn 193 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlanadi. Mustang GT, Mustang Cobra va Mustang Mach I rusumlari esa 4,6 litr hajmli, 218 dan 243 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar o‘rnatilgandi.

Bu rusum avtomobillarida salon unga tashqi shovqin o‘tmasligi uchun yanada kuchliroq jihozlanadi. 11 yilda to‘rtinchi avlod avtomobillaridan 1,6 mln dona sotiladi. O‘sha paytda uning narxi 10 810 dan 13 365 dollargacha bo‘lgan.

Beshinchi avlod. 2004 yilda Ford Mustang avtomobillarining beshinchi avlodi sotuvga chiqariladi. Bu rusum bir qarashdayoq avvalgilaridan ancha zamonaviy ko‘rinardi. Shuningdek, uning saloni ham zamonaviy tarzda jihozlanadi.

mustangforums.com

Beshinchi avlod avtomobillariga 4,0 litr hajmdagi 231 ot kuchiga ega va 4,6 litr hajmli 304 dan 450 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar o‘rnatilgandi. Maxsus buyurtmaga ko‘ra beshinchi avlod avtomobillari 5,4 va 5,8 litr hajmli, 672 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel bilan ham tayyorlab berilgan.

Beshinchi avlod avtomobillarining narxi 19 000 dollardan boshlangan. Ot kuchi oshib borgani sari uning narxi balandlashgan. Maxsus buyurtma bilan chiqarilganlari qimmatroqqa sotilgan.

Oltinchi avlod. 2014 yildan boshlab kompaniya oltinchi avlod avtomobillarini sotuvga chiqaradi. Hozircha bu rusumni ishlab chiqarish davom etmoqda.

Oltinchi avlod avtomobillarining oddiy variantiga 2,3 litr hajmli, 317 ot kuchiga ega bo‘lgan turbo dvigatel, yana bir variantiga esa 5.0 litr hajmli, 421 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan.

Oltinchi avlod Ford Mustang
www.ford.co.uk

Oltinchi avlod avtomobillari AQSh bozorida eng arzoni 25 ming dollardan boshlanadi. Yevropada esa 35 ming yevrodan (bojlar hisobga olingan holda) sotilmoqda.

Ford Motor Company’da ishlar yaxshimas

2023 yil fevralda Ford Motor Company yillik hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniya 2022 yilda 2 mlrd dollar zarar ko‘rgan. Undan avvalgi yillarda esa kompaniya salmoqli foyda bilan chiqqandi.

Oqibatda kompaniya 2023 yilda bir necha ming xodimni ishdan bo‘shatdi. Katta ehtimol bilan bu jarayon kelajakda davom etadi. Kompaniyaning moliyaviy direktori Jon Louyer 2022 yilda 100 ming dona avtomobil sotilmasdan qolib ketganini ma’lum qilgan.

Agar jahon bozorida garchi yangi bo‘lsa-da, bir yil avval ishlab chiqarilgan mashinalarga talab yo‘qligi inobatga olinsa, qolib ketgan mashinalar utilizatsiya qilinadi.

Ford pikaplari juda xaridorgir hisoblanadi
www.autonews.com

Shu tufayli kompaniya foyda o‘rniga zarar ko‘radi. Jon Louyerga ko‘ra kompaniya juda yuqori xarajatlar va tizimning yomon optimizatsiya qilinishi tufayli yana bir mlrd dollar zarar ko‘rgan.

Shuningdek, Xitoyning o‘z avtosanoati rivojlanib, Ford mashinalariga bo‘lgan talabning keskin tushib ketishi ham kompaniyaga salmoqli zarar keltirgan.

Bundan tashqari, xitoylik avtomobilsozlar nafaqat o‘z bozorlaridan, balki dunyo bozoridan ham G‘arb avtomobilsozlik kompaniyalarini siqib chiqarmoqda.

Oqibatda dunyo bo‘ylab G‘arb kompaniyalarida ishlab chiqarilgan avtomobillarining savdosi pasayib, Xitoy avtomobillari sotuv hajmi oshib bormoqda.

Turli mutaxassislarga ko‘ra, bundan buyog‘iga G‘arb va Xitoy avtomobilsozlik kompaniyalari o‘rtasidagi raqobat kuchayib boraveradi. Arzon ishchi kuchi va narxlarning birmuncha arzonligi hisobiga xitoyliklar yutib ketadi.

Ford Mondeo
www.autoblog.com

To‘g‘ri, hozircha Xitoyda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar sifat bo‘yicha G‘arb kompaniyalarida tayyorlanayotgan avtomobillar bilan bellasha olmaydi.

Biroq bundan atigi 5-6 yil avvalgi vaziyat bilan taqqoslaganda Xitoy avtosanoati keskin rivojlandi va sifat ham yangi darajaga chiqdi. Mutaxasisilar yana 4-5 yildan so‘ng Xitoy avtomobilsozlari hatto sifat bo‘yicha ham G‘arb avtomobilsozlarini quvib yetishini aytishmoqda.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, kelajakda Ford Motor Company va boshqa G‘arb kompaniyalariga oson bo‘lmaydi va ular ishlab chiqarishni qisqartirishda va xodimlarni ishdan bo‘shatishda davom etishadi.

Ford Mustang haqida qiziqarli ma’lumotlar

Ford Motor Company ikki kishilik sport avtomobili loyihasini tayyorlayotganda uning ishchi nomi Cougar bo‘lgan. Biroq Mercury kompaniyasi otni qamchilab qoladi va o‘zining yangi rusumdagi avtomobilini Cougar deb nomlaydi. Shundan so‘ng Ford o‘z avtomobilini Mustang deb o‘zgartirishga majbur bo‘ladi.

Ford Mustang dunyodagi televideniyeda reklama berish orqali sotilgan ilk avtomobil hisoblanadi.

Ford Mustang tijoriy avtomobillar orasida AQSh prezidenti buyurtma berib sotib olgan birinchi avtomobildir. Jon Kennedi vafotidan so‘ng uning o‘rniga AQSh prezidenti bo‘lgan Lindon Jonson 1964 yilda o‘z ranchosida foydalanish uchun Ford Mustang Convertible avtomobilini buyurtma qilib sotib oladi.

Ford Mustang Convertible
Bring a Trailer

Ford Mustang avtomobillari eskirib borgan sayin qimmatroq narxga baholanadi. Ulardan biri 2020 yilda 3,4 mln dollarga sotildi. 1968 yilda bu avtomobildan “Bullit” detektiv filmida bosh qahramon foydalangan.

Ford Mustang ilk ishlab chiqarilganida sotilishi bo‘yicha ikkita jahon rekordi o‘rnatgan. Avtomobil savdoga chiqarilgach 1 yil ichida (365 kunda) 418 ming dona, ikki yilda (24 oyda) 1 mln dona sotilgan. Jahondagi hech bir avtomobil bu ko‘rsatkichdan o‘tib keta olmagan.

Ford Mustang har doim arzon narxlarda sotilgan. Ilk savdoga chiqarilgan paytda uning narxi 2 368 dollar (hozirgi paytda bu summa 21 672 dollarga to‘g‘ri keladi) sotilgan. Hozirda esa bu avtomobilning eng arzonlari 27 ming dollardan boshlanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid