Jahon | 10:00 / 27.04.2024
3302
3 daqiqa o‘qiladi

Shols Boku va Yerevanni murosaga chaqirdi

Germaniya va Ozarboyjon rahbarlari Berlindagi uchrashuvda inson huquqlari, Ukrainadagi urush, energiya manbalari hamda Yerevan va Boku o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishini muhokama qildi.

Foto: president.az

Germaniya kansleri Olaf Shols va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 26 aprel, juma kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Ozarboyjondagi inson huquqlari, Boku va Yerevan o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi hamda energiya manbalari masalalarini muhokama qildi.

Ilhom Aliyevning Berlinga tashrifi 2024 yil noyabr oyida Ozarboyjonda bo‘lib o‘tadigan BMTning iqlim bo‘yicha sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga oshirilmoqda. 

Shols: Ukrainadagi go‘sht qiymalagich to‘xtatilishi kerak 

Germaniya kansleri uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma anjumanda ta’kidlaganidek, muzokaralar mavzularidan biri Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va uning Janubiy Kavkaz uchun oqibatlari bo‘ldi. «Biz hammamiz bilamizki, Rossiya o‘zining hujumi bilan Ukrainadagi minglab oilalarga qayg‘u keltirmoqda», dedi Shols. 

Ilhom Aliyev 25 aprel, payshanba kuni Ukrainadagi urushni «katta fojia» deb atadi. Uning tushuntirishicha, Ozarboyjon Kiyevga insonparvarlik yordami bilan yordam beradi, biroq u yerga qurol yetkazib bermayapti.

Shols Ozarboyjonda inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi 

Germaniya kansleri, shuningdek, Ozarboyjonda inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi. «Germaniya hukumati butun dunyoda inson huquqlarini hurmat qilish tarafdori va bu Ozarboyjonga ham tegishli», - deya tushuntirdi u. Ilhom Aliyev, o‘z navbatida, mamlakatda senzura yo‘qligi, erkin internet borligini ta’kidladi. «Ozarboyjonda yuzlab ommaviy axborot vositalari bor», - deya qo‘shimcha qildi Aliyev. 

Shols Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi mumkinligini e’lon qildi 

Olaf Sholsning aytishicha, bugun Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini tuzish imkoniyatlari «har qachongidek yaxshi». U davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi aloqalarni va yaqinda chegarada demarkatsiya chizig‘i o‘rnatilganini olqishladi. «Germaniya har qanday uzoq muddatli tinch yechimini qo‘llab-quvvatlashga tayyor, har ikki tomon ham buni xohlashi lozim. Men ikki davlatni 2024 yil tinchlik yili bo‘lishi uchun jasorat topishga undamoqchiman», - dedi Shols. 

23 aprel, seshanba kuni Ilhom Aliyev, shuningdek, Yerevan va Boku o‘rtasida tinchlik kelishuviga «shu yilning kuz fasli o‘rtalarida» erishilishi mumkinligini aytdi. 

Mavzuga oid