Jamiyat | 22:29 / 30.04.2024
16695
8 daqiqa o‘qiladi

Biologik faol qo‘shimchalar zararsizmi?

Butun dunyoda biologik faol qo‘shimchalar odamlarning kunlik iste’mol mahsulotiga aylanib ulgurdi. Xo‘sh, bu qo‘shimchalarning tanaga ta’siri qanday, O‘zbekistonda sotilayotgan BFQ qanday tekshiruvlardan o‘tadi, ularni shifokor maslahatisiz olib ichish mumkinmi? Kun.uz yuqoridagi savollarga javob olish uchun soha mutaxassislariga mikrofon tutdi.

Biologik faol qo‘shimchalar dori emas

Biologik faol qo‘shimchalar minerallar, vitaminlar, ozuqaviy tolalar, o‘simlik ekstraktlari, to‘yinmagan yog‘li kislotalar, aminokislotalar va boshqalarni o‘z ichiga olgan tabiiy komplekslardir. Ular ovqatlanishdagi kamchiliklarni bartaraf etib, sog‘lom moddalar o‘zlashtirilishini kuchaytiradi va tananing ichki quvvatini yaxshilab, ko‘plab kasalliklar xavfini kamaytiradi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari BFQda farmakologik va nojo‘ya ta’sirning yo‘qligi va ular dori vositasi hisoblanmasligini ma’lum qilgan.

Nutritsiolog Guli Shayxovaga ko‘ra, ekologiya yomonlashib borayotgan paytda butun dunyoda BFQlarga ehtiyoj tobora ortyapti. “Ovqat bilan birga iste’mol qilinadigan biologik faol moddalar ma’lum bir maqsad bilan iste’mol qilinadi. Masalan, organizmda mikroelementlar, nutiyentlar, mineral moddalar, oqsillar bilan bog‘liq tanqislik holatlari bo‘ladi. Mana shu tanqislikni yo‘qotish uchun biologik faol moddalar iste’mol qilinadi”, – dedi mutaxassis.

BFQ zararsizmi?

Guli Shayxova aholiga biologik faol moddalarni iste’mol qilishga taqiq qo‘yilmagani, ekologik holatning yomonlashuvi, ovqatlanishning buzilishi sabab yuzaga keladigan turli xil alimentar kasalliklarning (ovqat yoki ovqat bilan bog‘liq kasalliklar) oldini olishda BFQdan foydalanish mumkinligini aytadi.

“Mineral moddalar yetishmasligi natijasida alimentar kasalliklar kelib chiqadi: kamqonlik, yod tanqisligi, semizlik holatlari, suyaklar mo‘rt bo‘lib qolishi, kattalarda osteoporoz, osteomalyatsiya kasalliklari. Bularning hammasi oziq-ovqat moddalari bilan, nutriyentlar bilan bog‘liq”, – deydi u.

Shifokor, shuningdek, har bir BFQ iste’molidan oldin uning tarkibi, qayerda ishlab chiqarilganiga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. “Har bir inson biologik faol qo‘shimchani iste’mol qilmoqchi ekan, uning tarkibini bilishi kerak. Qaysi o‘tlardan, o‘simliklardan yoki hayvonlardan, baliq mahsulotlaridan olingan — shularni bilishi kerak. Bizda prebiotiklar bor, juda ko‘p ishlab chiqariladi, ular organizm uchun juda foydali”, – dedi Guli Shayxova.

“Shifokor bilan maslahatlashish kerak”

JSST tavsiyasiga ko‘ra, har bir inson kuniga 400 gramm vitamin va minerallari bo‘lgan xom holatdagi sabzavot va ho‘l mevalarni iste’mol qilishi kerak. Guli Shayxova JSST tavsiyasiga amal qilishga vaqt yoki kundalik yumushlar xalaqit berishi mumkinligini aytib, aynan shuning uchun ham BFQga ehtiyoj seziladi, deydi.

Ba’zan JSST tavsiya qilgan mahsulotlar bilan ham organizm kerakli mineral moddalar, nutriyentlar bilan to‘yinmasligi mumkin. Shu sabab qo‘shimcha biologik faol moddalar ratsionga kiritilishi kerak. Bunday moddalar ko‘pincha bitta kapsulada jamlangan bo‘ladi. Va eng muhimi ularni soat 12:00 gacha ichish kerak. Chunki bu paytda organizm vitaminlarni yaxshi so‘rib oladi”, – deydi Shayxova.

Shifokorga ko‘ra, har bitta biologik faol moddalar 1 oydan 3 oygacha mo‘ljallanadi. Bir paytning o‘zida bir nechta BFQ ichib yurmaslik kerak. “Masalan, vitamin D bilan birga Omega ichish mumkin. Bu yurak faoliyatiga ham ta’sir qiladi, suyak mo‘rtligining oldini oladi. Shuni yodda tutish kerakki, ma’lum bir BFQlarni iste’mol qilayotganda, boshqalarini to‘xtatib turish kerak. Chunki ular bir-biriga singa olmasligi va organizmdan ma’lum bir sharoitda axlat yoki peshob bilan chiqib ketishi mumkin”, – deydi nutritsiolog.

O‘zbekistonda BFQlar qanday tekshiriladi?

O‘zbekistonda sotilayotgan BFQlar qanchalik ishonchli ekani haqida aholida savol tug‘ilishi tabiiy. Respublikadagi BFQlar sotuvga chiqarilishidan oldin Sanepidqo‘mita tekshiruvidan o‘tadi. Bu haqda toksikologiya laboratoriyasi laboranti Nozigul Qodirova ma’lumot berdi.

Qodirovaning tushuntirishicha, ishlab chiqarilgan yangi mahsulot Sanepid qoshidagi toksikologiya laboratoriyasiga va O‘zbekistondagi boshqa laboratoriyalarga taqdim etiladi. Mahsulot ustida 28 kun davomida tekshiruv olib borilib, toksikologik gigiyenik tahlil xulosasi beriladi. “Bizda 6 ta yo‘nalish asosida tahlillar olib boriladi. BFQ 3 ta hayvonlarda sinaladi. Oq sichqon, kalamushlarda oshqozoniga va dengiz cho‘chqasining terisiga, quyonlarda ko‘zning shilliq qavatiga tomizib tekshirib ko‘riladi”, – deydi Qodirova.

BFQ qanday ro‘yxatdan o‘tkaziladi?

Ishlab chiqarilgan yoki tashqaridan olib kelingan mahsulotni ro‘yxatdan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 aprel kuni tasdiqlangan 131-sonli qaroriga muvofiq ruxsatnomalar orqali rasmiylashtiriladi. Jarayonni Sanepidqo‘mita mutaxassisi Abdubosit Abdurahmanov tushuntirib berdi.

Yangi olib kirilayotgan yoki yangi ishlab chiqarilgan BFQ mahsulotlariga tegishli bo‘lgan hujjatlar ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim qilinadi. Hujjatlar asosida bizning ekspertlari tomonidan mahsulotga tegishli xulosalar beriladi. Mahsulot ko‘rib chiqiladi. Uning tarkibidagi vitaminlar, mikroelementlar miqdori haqida taksikologik gigiyenik xulosa olish uchun boshqa bo‘limga yo‘llanma bilan yuboriladi. BFQ taksiko gigiyenik xulosalari qabul qilingandan so‘ng ekspert guruhining yig‘ilishda ko‘rib chiqilib, ruxsatnomalar rasmiylashtirib beriladi”, – dedi Abdurahmonov.

Xorijdan kelgan BFQlarni tekshirish kerak

Oxirgi vaqtlarda xorijdan O‘zbekistonga BFQ kirib kelishi ko‘paydi. Ularning ayrimlari tadbirkorlar tomonidan olib kelinib, Sanepidqo‘mita nazoratidan o‘tkazilsa, kam sonli olib kelinadiganlari o‘tkazilmaydi. Guli Shayxova har bir mijozga sotib olayotgan BFQlarini tekshiruvdan o‘tgan yoki o‘tmaganini so‘rab keyin xarid qilishni maslahat berdi.

Sanepidqo‘mita mutaxassisi esa fuqarolar qarindoshlari yoki boshqa ikkinchi shaxslar bilan xorijdan 10-25 ta BFQ jo‘natganda buni qo‘mita tekshirolmasligini, shuning uchun ularning hammasi ham ishonchli bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tdi. “Ijtimoiy tarmoqlar, dorixonalar yoki savdo tarmoqlari orqali sotib olayotgan BFQning avvalambor ro‘yxatdan o‘tganini fuqaro o‘zi tekshirib olsa bo‘ladi. Bizning sanepid.uz saytimizdagi ochiq ma’lumotlar bo‘limida BFQning ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida reyestri joylashtirilgan. Unda mahsulot nomi, ishlab chiqarish korxonasi, mahsulot qanaqa ko‘rinishda bo‘lishi haqida ma’lumotlar kiritilgan”, – dedi u.

Shuningdek, mutaxassis BFQlarni sotib olayotganda aldanib qolish holatlari kuzatilsa, Ichki ishlar organlari yoki Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishni eslatib o‘tdi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz
Tasvirchi va montaj ustlari – Abduqodir To‘lqinov, Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid