O‘zbekiston | 16:14 / 30.04.2024
12899
8 daqiqa o‘qiladi

Takror qoida buzishlar ortidan halok bo‘layotgan odamlar – jarima ballarini hisoblash tizimini joriy etish nega kechikyapti?

2024 yil 15 aprel kuni Jizzax viloyatida aholi maskanida katta tezlikda harakatlangan “Lasetti” uch bolani urib yubordi. Oqibatda ular halok bo‘lishdi. Viloyat YHXB haydovchi 2023 yil dekabrdan buyon 11 marta tezlik qoidalarini buzganini ma’lum qildi. Agar jarima ballarini hisoblash tizimi vaqtida joriy qilinganda va bu haydovchining “pravasi” olib qo‘yilganda shu mudhish voqea balki yuz bermasmidi...

Bugun O‘zbekiston bo‘ylab yo‘l harakati xavfsizligi va yo‘l-patrul xizmatining minglab xodimlari kecha-yu kunduz ishlashyapti.

Ko‘plab joylarda radarlar o‘rnatilgan va ular haydovchilarning qoidabuzarligini qayd etyapti. Biroq yo‘l-transport hodisalari va yo‘llarda odamlarning o‘limi kamaymayapti.

Xo‘sh, nega bunday bo‘lyapti? Qayerda, qanday xatoga yo‘l qo‘yilyapti? Yo‘l-harakati xavfsizligi deb atalgan tizim nega samarali ishlay olmayapti?

Jarima ballarini hisoblash tizimi hanuzgacha ishga tushmadi

Yo‘l-harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan “otni kallasiday” jarimalar ham qoidabuzar haydovchilarni qo‘rqita olmayapti.

Xo‘sh, qoidabuzar haydovchilar jarimalarni pisand qilmayotgan bo‘lsa, ularni nima qo‘rqitishi mumkin? Albatta vaqtincha haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi.

Haydovchilarni faqat haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi qo‘rqitishi mumkinligini mutasaddilar ham tushunib turishibdi. Biroq negadir bu tartibni amaliyotga joriy qilish uzoq yillardan buyon paysalga solib kelinmoqda.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi joriy etish haqidagi ilk xabar 2018 yilda (!) chiqqandi.

O‘shanda Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirilgandi.

Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan yaratilgan loyiha yuzasidan muhokamalar 2018 yil 25 oktyabrda boshlanib, 2018 yil 9 noyabrda yakunlanishi belgilangandi.

Qarorga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi 2020 yil 1 yanvardan boshlab joriy qilinishi belgilangandi.

O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘pchilik IIVning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Biroq bu qaror loyihasi taqdiri noma’lumligicha qoldi.

Oradan bir necha oy o‘tgach, 2019 yil may oyida qaror loyihasi yana muhokama uchun regulation.gov.uz’ga joylandi. Biroq 2020 yilda tizim joriy qilinmadi.

2021 yil noyabr oyida qaror loyihasi uchinchi marta (!) muhokama uchun regulation.gov.uz’ga joylashtirildi. Shundan so‘ng mana, uch yil o‘tyapti hamki, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ballari asosida baholash tizimi hali ham ishga tushmadi.

2023 yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi haydovchilar tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini belgilovchi qonunni ko‘ra boshladi. Ammo qani u?

Ashaddiy qoidabuzarlar keskin ko‘paydi

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy qilish ortga surilar ekan, oqibatda qoidabuzar haydovchilar yo‘llarda xohlaganini qilyapti.

Masalan, Hundai Sonata mashinasida soxta davlat raqamlari bilan yurgan va qoidalarni buzib, 152 marta radarga tushgan haydovchi ushlandi. MIB tomonidan Namangan viloyatida 76 ta qoidabuzarligi bor haydovchidan 31 mln so‘m, Andijonda 96 ta qoidabuzarligi bor haydovchidan 42 mln so‘m jarima undirildi.

Yo‘l harakati qoidalarini 152 marta buzgan Hundai Sonata

Toshkentda 2 yil mobaynida 210 marta (!) qoidalarni buzgan bo‘lgan haydovchi, 118 marta buzgan “Matiz”, 55 marta buzgan Tracker-2 ushlandi.

Bular OAVda e’lon qilingan bir nechta holat. Rasmiy axborot berilmagan va MIB va YHXB idoralaridagi hujjatlarda qolib ketgani yana qancha, buning aniq hisobi yo‘q.

Davomli qoidabuzarlik ortidan sodir bo‘lgan ayanchli hodisa

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida aholi punktida qoidalarni buzib tez harakatlangan haydovchi uch nafar maktab o‘quvchisining o‘limiga sabab bo‘ldi.

2024 yil 15 aprel kuni tush paytida Baxmal tumanida yashovchi 26 yoshli haydovchi o‘ziga tegishli “Lasetti” mashinasi bilan G‘allaorol tumani Oqtom mahallasi hududida qoidalarga zid ravishda tezlikni oshirgan.

Shunda u mashina boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidan maktabga ketayotgan uch nafar o‘quvchini urib yuborgan. Oqibatda 5 va 7-sinfda o‘qiydigan o‘quvchilar og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

“Lasetti” bolalarni urib yuborgach, yo‘ldan ancha ichkarida bo‘lgan qoramol bilan to‘qnashib, uni ham bosib o‘ldirgan. So‘ng devorga urilib to‘xtagan. Hodisa guvohlarining so‘zlariga ko‘ra shu joyda “Lasetti” salonida bo‘lgan talaba qiz ham vafot etgan.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 26 yoshli haydovchi 2023 yil dekabr oyidan buyon 11 marta (!) tezlik qoidalarini buzgan.

Viloyat IIB YHXB tayyorlagan videoda haydovchi soatiga 70 km tezlikda yurish belgilangan aholi punkti ichida soatiga 100 km tezlikda harakatlanib kelganini aytgan. Biroq Kun.uz manbasiga ko‘ra haydovchi soatiga 160 km tezlikda harakatlanib kelgan.

Jarima ballarini hisoblash haqidagi dastlabki qarorda nimalar ko‘zda tutilgandi?

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy etish haqidagi dastlabki qarorda quyidagilar nazarda tutilgandi (batafsil bu yerda):

  • agar transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun yil mobaynida (1 yanvardan 31 dekabrga qadar) to‘plagan jarima ballarining umumiy miqdori 12 ballga yetsa yoki undan oshsa, u haydovchilik huquqidan mahrum etiladi;
  • 12 yoki undan yuqori jarima bali to‘plagan haydovchining xohishiga qarab unga qayta imtihon topshirish imkoni beriladi, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, yil yakuniga qadar uch jarima baliga teng limit beriladi;
  • 12 yoki undan ortiq ballga teng qoidabuzarlik sodir etgan, shuningdek qayta imtihonni topshira olmagan haydovchilar sud tomonidan o‘rnatilgan tartibda yil yakuniga qadar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi;

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy etish amaliyotga kiritilsa haydovchilar hozirgiday qoidalarni takror-takror buzishga jur’at qila olishmasdi.

Yo‘l harakati qoidalarini 118 marta buzgan Matiz

2023 yil noyabrda Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilgan qonunda yuqoridagi qoidalarga o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lishi mumkin. Buni endi qonun qabul qilinib, tizim amaliyotga joriy etilsa bilib olamiz.

P.S. Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi qachondan joriy qilinishi haqida IIV YHXBB axborot xizmatidan ma’lumot olish uchun qilgan harakatlarim besamar ketdi. Men bilan gaplashgan xodim qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayoni ketayotganini va bu haqda aniq ma’lumot olib berishini aytdi. Biroq va’da va’daligicha qolib ketdi...

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid