O‘zbekiston | 20:22 / 01.05.2024
8482
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘z energiya tizimlarini birlashtirish niyatida

Uch tomon «yashil» energiya ishlab chiqarish va uni Ozarboyjon orqali Yevropaga eksportini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Foto: TASS

Ozarboyjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro energetika tizimlarini bir-biriga ulash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Hujjat 1 may kuni Toshkentda uch davlat iqtisodiyot va energetika vazirlarining uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilindi. Bu haqda Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborovga tayanib Interfax xabar berdi. 

Jabborov ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hujjatning amalga oshirilishi uch tomonning «yashil» energiya ishlab chiqarish va uni Ozarboyjon orqali Yevropaga eksportini tashkil etish, energetika tizimlari integratsiyasi va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanishni ta’minlashda o‘zaro hamkorlik qilish imkonini berishi haqida yozdi. 

Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, hujjatga ko‘ra, ishtirokchilar Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab yuqori voltli kabel yotqizish orqali energiya tizimlarini ulash imkoniyatlarini o‘rganadi. 

Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satqaliyevning qayd etishicha, avvalroq Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab chuqur dengiz kabelini yotqizish bo‘yicha texnik shartlar loyihasi ishlab chiqilgan. 

«Texnik topshiriqlar doirasida xalqaro uzatish yo‘laklarini rivojlantirish (moliyalashtirish, daromadlar oqimi va egalik qilish) va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yashil energiyani sotish bo‘yicha taklif etilayotgan biznes modeli ishlab chiqiladi. Shunga asosan Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash bo‘yicha uch mamlakat energetika vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasi ishlab chiqildi», dedi Satqaliyev. 

Qozog‘iston Energetika vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugun ushbu loyihani amalga oshirishning asosiy yondashuvlari muhokama qilingan va kelishilgan.

Mavzuga oid