O‘zbekiston | 07:39 / 01.05.2024
1527
3 daqiqa o‘qiladi

Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga qarshi choralar kuchaytirilmoqda

Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati Milliy gvardiya bo‘linmalari bilan bir qatorda ichki ishlar organlariga ham berilmoqda.

Foto: Senat.uz

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, 2021–2023 yillarda 239 ta holatda mamlakat hududiga qiymati qariyb 2 mlrd so‘mlik 300 mingdan ortiq pirotexnika buyumlarini noqonuniy olib kirish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar va reydlar davomida 42 milliondan ortiq pirotexnika buyumlari olib qo‘yilgan.

Bugungi kunda mamlakatda pirotexnika buyumlarining qonunga xilof ravishdagi muomalasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasida javobgarlik choralari belgilangan bo‘lsa-da, mazkur moddaning dispozitsiyasida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasini tashkil etuvchi ijtimoiy xavfli qilmish uchun bir xil javobgarlik belgilangan, ya’ni pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanish, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda saqlash, ishlab chiqarish, tayyorlash yoxud O‘zbekiston hududiga olib kirish yoki olib chiqish yoxud o‘tkazish uchun bir xil jarima belgilangan.

Mazkur toifa huquqbuzarlik sodir etilganda xavfli qilmishni keltirib chiqargan oqibatlar hisobga olingan holda jazo tayinlanmasligi bunday huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘z samarasini bermayapti.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasida belgilangan huquqbuzarlik belgilarining har birini alohida qismlarga ajratgan holda har bir qilmish uchun alohida sanksiyalar belgilanmoqda, ya’ni mazkur moddaning birinchi qismida pirotexnika buyumlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun, ikkinchi qismida ularni noqonuniy ishlab chiqarganlik, tayyorlaganlik, saqlaganlik, tashiganlik, jo‘natganlik, olib chiqqanlik uchun, uchinchi qismida esa pirotexnika buyumlarini o‘tkazganlik va O‘zbekiston hududiga olib kirganlik uchun javobgarlik belgilanib, javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Bundan tashqari, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarida ichki ishlar organlari tomonidan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid holatlarni aniqlash, ularni olib qo‘yish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish vazifalari yuklanganligi bois qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritilib, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati Milliy gvardiya bo‘linmalari bilan bir qatorda ichki ishlar organlariga ham berilmoqda.

Mavzuga oid