Jahon | 07:29 / 01.05.2024
4344
6 daqiqa o‘qiladi

Suv purkagichlar va kaltaklangan muxolifatchilar: Gurjistonda politsiya namoyishchilarni tarqatib yubordi

Tbilisida politsiya «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi namoyishni suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan holda tarqatdi. «Gurjiston xalqi tinch namoyish o‘tkazish huquqidan mahrum etildi», deb yozdi prezident Zurabishvili.

Foto: GIORGI ARJEVANIDZE/AFP

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili parlament yaqinida «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi norozilik namoyishining keskin tarqatilishini qoraladi. «Barcha mas’uliyat butunlay hukumat zimmasiga tushadi», - deb yozdi u 30 aprel, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida #notoRussianlaw - #RossiyaQonunigaYo‘q heshtegini qo‘shib.

30 aprel oqshomida Tbilisida politsiya maxsus kuchlar yordamida minglab odamlarning navbatdagi norozilik namoyishini suv purkagichlar va gazdan foydalanib tarqatishga kirishdi. Qonun loyihasini ko‘rib chiqish tartibini yakunlashga ulgurmagan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi deputatlari parlament binosidan bir soatdan ko‘proq chiqib keta olmadi. Paper Kartuli Telegram-kanaliga ko‘ra, namoyishchilar Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuniga o‘xshash bo‘lgan shov-shuvli qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan deputatlarni «sharmandalik yo‘lagi» bilan kutib olmoqchi bo‘lgan. 

Ijtimoiy tarmoqlardagi kadrlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari olomonga qarshi suv purkagichlardan foydalangan va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ballonchalarini uloqtirgan. Paper Kartuli nashri qo‘lga olinganlar haqida xabar bermoqda. 

Ertalab soat 4 ga kelib politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborishga urinishni to‘xtatdi va ko‘p o‘tmay Rustaveli shohko‘chasini tark etib, diqqatini parlament binosining yon eshiklarini qo‘riqlashga qaratdi. Qolgan namoyishchilar bino oldidagi bo‘sh joyni egallab, to‘siqlar bilan OAVdan ajralib, chiqindilarni yig‘ishga kirishgan. 

Agentliklarga ko‘ra, politsiya OAV vakillariga ham hujum qilgan. Xususan, AFP agentligi xabar berishicha, ularning fotografi matbuot vakili ekanligi aniq ko‘rsatilganiga qaramay, rezina tayoq bilan kaltaklangan.

Politsiya OAV vakillari va siyosatchilarni kaltakladi

Xavfsizlik kuchlari Gurjistonning eng yirik muxolifat partiyasi – «Birlashgan milliy harakat» rahbari Levan Xabeishvilini shafqatsizlarcha kaltakladi. Deputat X ijtimoiy tarmog‘ida ko‘zi shishgan va ko‘kargan joylar bilan tushgan suratini e’lon qildi. 

BMH ma’lumotlariga ko‘ra, politsiya Xabeishvilini «o‘g‘irlab ketgan» va kaltaklagan, siyosatchi hozirda kasalxonada. Uning tishi singan, yuz suyaklari sinishi tashxisi qo‘yilgan, deb yozadi News Georgia. «Bu maqsadli jazo harakati edi», dedi muxolifatchi «Pirveli» telekanaliga bergan intervyusida. 

1 may kuni kutilayotgan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunning ikkinchi o‘qishi tugagandan so‘ng yangi norozilik namoyishi bo‘lishi mumkin. Siyosiy sharhlovchi Gela Vasadzening Telegram’da xabar berishicha, mamlakat boshqa mintaqalaridan hokimiyat harakatlariga qarshi chiqqanlar Tbilisiga kelib, namoyishga qo‘shilishi ehtimoli mavjud.

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qarshi namoyishlar 

Gurjiston poytaxti Tbilisida 29 aprelga o‘tar kechasi parlament binosi yonida Rossiyaning «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonuni o‘xshashi bo‘lgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga qarshi bo‘lib o‘tgan minglab kishilarning namoyishida vaziyat keskinlashdi. Bir necha yuzlab politsiyachilar tayoq va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanib, namoyishchilarni qo‘lga olishni boshladi.

Foto: Irakli Gedenidze/REUTERS

Gurjistonda so‘nggi bir necha kun ichida muxolifat kuchlari parlament tomonidan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib, uni Gurjiston parlamentidan chaqirib olishni talab qilmoqda.

YeI Tbilisini bahsli qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirdi 

Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumatini «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda. Bu haqda Yevroparlament minbarida 23 aprel kuni bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich aytdi. «Bu qonun loyihasi Yevropa me’yorlari va qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligi aniq, agar u qabul qilinsa, Gurjistonning kelajakdagi Yevropa yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi», dedi Yevropa komissari.

Gurjiston parlamenti qonun loyihasini 17 aprel kuni birinchi o‘qishda qabul qildi. «Chet el agentlari» qonuniga ko‘ra, moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari xorijiy manfaatlarni olg‘a suruvchi tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Mavzuga oid