Jamiyat | 15:08 / 03.05.2024
67271
4 daqiqa o‘qiladi

Bir oilaning uch a’zosi o‘ldirildi. Murdalar yoqib yuborilgan Sirdaryodagi mudhish qotillik tafsilotlari

Sirdaryo tumanida yong‘in sodir bo‘lgan uydan ikki ayol va bir bolaning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish uchun Ziyokor mahallasida bo‘lib, qurbonlarning qo‘shnilari va yaqinlari bilan suhbatda bo‘ldi. Tafsilotlarini eshitgan odam dahshatga tushadi.

Ma’lum bo‘lishicha, 27 aprelga o‘tar kechasi ro‘y bergan hodisada bir oilaning uch a’zosi – 1951 yilda tug‘ilgan ayol, uning 1985 yilda tug‘ilgan qizi va 2012 yilda tug‘ilgan nevarasi vafot etgan. (Voqea haqidagi birlamchi xabarda marhumlar ayol kishi va voyaga yetmagan ikki nafar bola ekani aytilgandi).

Marhumlarning o‘limi faqat olov ortidan kelib chiqmagan, yong‘indan keyin tekshirib ko‘rilganda uydan ikki ayol va voyaga yetmagan bolaning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan. Hozirda bu uyning darvozasi prokuratura tomonidan muhrlangan.

1. Foto: Kun.uz

Marhumlarning qo‘shnilari bu uyda janjal tez-tez bo‘lib turishini aytdi.

“Oilaviy yaxshi inson edilar. O‘sha kuni tez yordam kirib, odam olib chiqishmagach, demak, o‘libdi deb o‘yladik biz ham. Birinchi ona va bolani topishdi, oxirida ayolni topishdi, bir soatcha qidirishdi. Jasadi juda yomon ahvoldi ekan, deyishdi. Gumondor odam qo‘lga olingan, yaqin insoni, o‘sha ayol bilan gaplashib yurardi yaqin munosabatda, 6-7 yildan buyon taxminan. O‘sha odam qilgan, degan gap bo‘lyapti. Birinchi o‘ldirib, keyin uyni yoqib yuborgan. Kunduz kuni o‘ldirib, uyni kechasi yoqib yuborgan, deyishyapti. Bola maktabdan 17:30–18:00 atrofida kelgan, shundan keyin hech kim ko‘rmagan, darvozalari ham kun bo‘yi yopiq bo‘lgan”, – deydi marhumlarning qo‘shnisi Madina Abdurashidova.

Marhuma ayolning farzandlari bu mudhish xabarni eshitishi bilanoq xorijdan yetib kelgan. Kun.uz muxbiri ta’ziyali xonadonda bo‘lib, marhumlarning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

“Uch o‘g‘il, bitta qiz edik. O‘rtancha akam vafot etgan, katta akam Rossiyaga ketgan edi. Bir kuni singlim bilan videoqo‘ng‘iroqda gaplashganimda militsiya formasidagi kishi ko‘rindi, kim deb so‘radim, bir tanishim dedi, ehtiyot bo‘lib yur, dedim. Onamdan ham so‘radim, tanishi ekan, kelib turadi, deb qo‘ygandilar. Oradan vaqt o‘tdi, onam haligi odam singlimni tinch qo‘ymayapti, deb qoldilar. Uchastkavoyga ariza yozibdilar onam, lekin baribir qaytib kelaveribdi. Onamning oldida singlimga shapaloq urgan ekan, onamning o‘ziga ham tahdid qilibdi. Ikkalasining orasida gap bo‘lgandir, lekin jiyanimning, onamning aybi nima ekan?

Bu odam onangni, singlingni juda bezor qilib, qiynab yuborgandi, deyishdi qo‘shnilar. Menga aytsanglar bo‘lmasmidi, desam, birovning oilasiga qanday aralashamiz, deb aytmovdik, deyishdi”, – deydi marhumlarning qarindoshi Aydir Kamarov.

Eslatib o‘tamiz, prokuratura va ichki ishlar organlarining tezkor-tergov guruhi gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga olgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (O‘ta shafqatsizlik bilan ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) 2-qismi “a”, “j” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid