Jahon | 18:03 / 04.05.2024
38667
13 daqiqa o‘qiladi

Har bir o‘zbekistonlik minishni orzu qilgan avtomobil - GAZ-24 “Volga” ham amerikaliklardan o‘g‘irlanganmi?

Bir paytlar GAZ-24 “Volga” deyilsa istalgan odam bir entikib qo‘yardi. U SSSRda ko‘pchilikning orzusidagi mashina bo‘lgan. Biroq o‘ta qimmatligi uchun uni sotib olishning o‘zi bo‘lmasdi. Bugunga kelib kichik “yuk mashinasi”ga aylangan afsonaviy avtomobil konsepsiyasi aslida amerikaliklardan o‘g‘irlanganini hamma ham bilavermasa kerak.

Foto: kommersant.ru

Sovet ittifoqi degan davlat yadro qurollari va kunora kosmosga raketa uchirib turgani bilan maqtanishi mumkin edi. Biroq avtomobil sanoati bilan emas.

1965 yilgacha mamlakatda ishlab chiqarilgan tuzukroq avtomobil ham bo‘lmagan. Ishlab chiqarilayotgan mashinalarning qariyb barchasi 40-50 yillar rusumlari edi.

Jumladan, Germaniyadan ko‘chirib kelingan Opel kompaniyasi liniyalarida “Moskvich”, amerikaliklardan o‘zlashtirilgan “Villis”, Fiat’dan (Fiat-600) “Zaparojyets”, 1930 yillarda amerikaliklar qurib bergan zavodda GAZ-21 mashinalari ishlab chiqarilardi.

G‘arbda esa, AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya shuningdek Yaponiya avtomobil sanoati tobora rivojlanib borardi. Bu davlatlarning har birida 4-5tadan yirik avtokompaniyalar bo‘lib, ular kamida 10-15talab rusumda avtomobil ishlab chiqarardi.

AQSh va G‘arbiy Yevropa davlatlarining istalgan yirik shahrida avtomobillar ko‘chalarni to‘ldirib harakatlanganda SSSRdagi shaharlarda avtomobillar oqimi juda past edi.

Foto: kommersant.ru

Shu sababli ham aksariyat ko‘chalarga svetofor o‘rnatish shart bo‘lmagan va avtomobillar harakatini militsionerlar tartibga solgan.

Sovet hukumati G‘arbdan orqada qolmaslik uchun zamonaviy avtomobil ishlab chiqarish kerakligini tushunib turardi. Biroq yangi mashina ishlab chiqarish uchun asos va poydevor yo‘q edi.

Shu sababli sovetlar yangi rusumdagi mashinalar ishlab chiqarish uchun xorijdan hamkor topishga yoki G‘arbda tayyorlanayotgan mashinalarni o‘zlashtirib ishlab chiqarishga majbur bo‘ladi.

1960-yillar o‘rtalaridan boshlab Germaniya, Fransiya, Italiyaning bir nechta avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Ularning zavodlariga borib ishlab chiqarish jarayoni kuzatildi, modellar o‘rganildi.

Yakunda Italiyaning «Fiat» kompaniyasi bilan hamkorlik qilish haqida kelishuv imzolanadi va SSSRda “Jiguli” mashinalarini ishlab chiqarish boshlanadi.

“Jiguli” va yangilangan “Moskvich” aholi ehtiyojlarini biroz qondirsa-da muammo hal bo‘lmaydi. Chunki hali SSSRdagi yuqori lavozimli partiya xodimlari, turli tashkilotlar rahbarlari va aholining biroz boy bo‘lgan qatlami uchun nisbatan yuqori klassdagi mashina ishlab chiqarish masalasi hal qilinmagandi.

Sovet konstruktorlari zo‘r berib xorijiy kompaniyalarda tayyorlanayotgan avtomobillarni o‘rgana boshlashadi. Oxir-oqibat ular amerikaliklar 1963 yildan boshlab ishlab chiqarayotgan Ford Falcon avtomobilini o‘zlashtirishga qaror qilishadi. Ammo buning uchun Ford’dan ruxsat olinmaydi va fuqarolarga SSSR konstruktorlari yangi mashina rusumini ishlab chiqqani aytiladi.

Yangi mashina loyihasi tayyorlanayotganda sovet konstruktorlari juda “dangasalik qilishadi” va yangi mashinaning ichki ko‘rinishini Ford Falcon’dan boricha ko‘chirib qo‘ya qolishadi.

O‘zlashtirilgan mashina “Volga” deb ataladi va uni Gorkiy (Nijniy Novgorod) shahridagi avtozavodda ishlab chiqarishga qaror qilishadi. Shu tariqa Ford Falcon mashinasi ozgina o‘zgarishlar bilan “GAZ-24 Volga”ga aylanadi.

Foto: smotra.ru

“GAZ-24 Volga”tarixi

“GAZ-24 Volga” mashinasining yig‘uv korxonalarini tashkil etish 1967 yilda boshlanadi. 1968 yilda 32 dona, 1969 yilda esa 215 dona mashina ishlab chiqariladi va sinovlardan o‘tkazish uchun SSSRning turli hududlariga yuboriladi.

1970 yil 15 iyuldan boshlab zavod GAZ-24 mashinasini ommaviy tarzda ishlab chiqara boshlaydi. 1972 yilda GAZ-24-02 nomi bilan mashinaning universal ko‘rinishdagi rusumi chiqariladi.

“GAZ-24 Volga”ni tayyorlash boshlangach uni birinchi navbatda vazirliklar, yuqori martabali partiya xodimlari, oblast va rayon ma’muriyatlari va boshqa tashkilotlarga sota boshlashadi.

Shuningdek, sovetlar Amerikadan ortda emasliklarini “ko‘rsatib qo‘yish uchun” GAZ-24 Volga mashinalaridan taksi sifatida foydalana boshlashadi. Navbati bilan mamlakatdagi barcha taksoparklarga bu mashinadan yuboriladi.

Bundan tashqari, GAZ-24 militsiya bo‘limlariga xizmat mashinasi sifatida tarqatiladi. Yana uning universel ko‘rinishdagi rusumi tez tibbiy yordam bo‘limlariga beriladi.

Foto: stock.adobe.com

O‘sha paytlarda kolxozlar raislari “Villis” prototipi bo‘lgan UAZ mashinalaridan foydalanishardi. 1980-yillardan keyin raislar ham kolxoz mablag‘lari hisobidan GAZ-24 sotib ola boshladi.

Mashinaga talab juda yuqori bo‘lgani uchun uni hatto o‘ziga to‘q odamlar sotib olishi amrimahol edi. Shu sababli 1970-yillarda SSSRda mashinafurushlar paydo bo‘ldi.

Ular turli yo‘llar bilan avtomobilni qo‘lga kiritar, so‘ng Kavkaz yoki Markaziy Osiyo respublikalariga olib kelib sotardi. O‘sha paytlarda mashina narxi 10 ming rubl bo‘lgan. Biroq mashinafurushlar uni 20-25 ming rubldan sotgan.

GAZ-24 avtomobillarining birinchi avlodi 1970-1974 yillarda, ikkinchi avlodi 1974-1985 yillarda, uchinchi avlod 1986-1992 yillarda ishlab chiqariladi.

Foto: shutterstock.com

Sovet ittifoqi deb atalgan davlat parchalanib ketgach boshqa ko‘plab korxonalar qatori Gorkiydagi avtozavod ham og‘ir vaziyatga tushib qoladi.

1992 yildan boshlab Rossiyaga jahon avtomobilsozlari ishlab chiqargan mashhur avtomobillarning yangilari va eskilari yoppasiga kirib kela boshlaydi.

Ishlab chiqarilganiga 20 yildan oshgan bo‘lsa ham jiddiy yangilanmagani bois xorijiy mashinalar bilan solishtirganda GAZ-24 juda g‘arib bo‘lib qoladi - unda haydovchilar va yo‘lovchilar uchun hech qanday qulaylik bo‘lmagan.

Buning ustiga, xorijdan keltirilayotgan eski mashinalarning narxi juda arzon edi. Odamlar “inomarka”larni xarid qila boshlagach GAZ-24 mashinasi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.

Buning ustiga, SSSR davrida aksariyat ishlab chiqarishlar kompleks tashkil etilmas, mamlakatning bir hududidagi zavodga boshqa chekkasidagi zavod ehtiyot qism yetkazib berardi.

Jumladan, GAZ-24 ni ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlar ham shunday edi. Qaysidir murvat Ukrainada tayyorlangan bo‘lsa, boshqasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan. SSSR parchalangandan so‘ng ular o‘rtasida aloqalar uziladi.

1992 yilda GAZ korxonalarida GAZ-31029, GAZ-3103, GAZ-3110 va yana boshqa bir nechta rusumdagi mashinalar ishlab chiqariladi. Biroq ular xorijdan kirib kelayotgan zamonaviy mashinalar bilan raqobatlasha olmaydi.

So‘nggi Volga bu tez yordam xizmati uchun tayyorlangan GAZ-310223 universal mashinasi edi. Shundan so‘ng bu rusumdagi mashinalar ishlab chiqarilmaydi tarixga aylanadi.

Umumiy hisobda 1970 yildan 2000-yillargacha GAZ-24 mashinasining turli modifikatsiyalaridan 1 mln 481 dona ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, Tolyattidagi VAZ korxonalarida birgina VAZ-2101 “Jiguli” mashinasidan 1970 yildan 1988 yilgacha qariyb 5 million dona tayyorlangan.

GAZ-24 ning turli rusumlari

GAZ-24. Bu mashina GAZ korxonasidan chiqarilgan ilk rusum hisoblanadi. Unga 85 va 95 ot kuchiga ega bo‘lgan ikki xil dvigatel o‘rnatilgan. Bu rusum 1969-1977 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan.

GAZ-24-01. Bu rusum ilk marta 1971 yilda ishlab chiqarilgan va asosan taksi faoliyati uchun mamlakatdagi taksoparklarga sotilgan. O‘shanda sovetlar Amerikadan ortda emasliklarini ko‘rsatish uchun mamlakatning juda katta qismida shaxsiy avtomobil bo‘lmagan vaziyatda qimmat mashinadan taksi sifatida foydalana boshlashadi. Bu rusum ham 85 va 95 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlangan.

Foto: yaplakal.com

GAZ-24-02. Bu rusum universal ko‘rinishda bo‘lib, u besh eshikli edi. Bu mashinadan taksi xizmatida, shuningdek, turli yuklarni tashishda foydalanishgan.

GAZ-24-03. Bu rusum GAZ-24-02 ning o‘zi bo‘lib, farqi undan faqat tez tibbiy yordam mashinasi sifatida foydalanishgan. GAZ-24-02 va GAZ-24-03 mashinalariga 95 ot kuchiga ega bo‘lgan sovet dvigatellari o‘rnatilgan.

GAZ-24-54. Bu rusumda rul chambaragi chap tomonda emas, o‘ng tomonda joylashgandi va u yo‘l harakati o‘ng tomonlama bo‘lgan mamlakatlarga eksport qilish uchun tayyorlangan.

GAZ-24-76. Bu rusum ham eksportga mo‘ljallangan edi. Sovet dvigatellari uzoq vaqtga chidamas, maksimum 100 ming km masofani bosib o‘tgandan so‘ng ta’mirtalab bo‘lib qolardi. Shu sababli GAZ-24-76ga Belgiyadan xarid qilingan Peugeot dvigatellari o‘rnatilgan.

GAZ-24-77. Bu rusum o‘zidan avvalgi GAZ-24-76 bilan bil xil bo‘lib, ularning farqi dvigatellarida edi. GAZ-24-77 mashinalariga ham Belgiyadan xarid qilingan Peugeot dvigatellari o‘rnatilgandi. Faqat ular benzinda emas, dizel yoqilg‘isida harakatlanardi.

O‘sha paytda italiyaliklar VAZ bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelayotgan edi. Shu sababli GAZdagilar ham Italiya kompaniyasi bilan kelishuv imzolashadi va hamkorlikda yangi rusum ishlab chiqarishadi.

GAZ-24-Fiat rusumidan 8 yilda bor-yo‘g‘i 15 ming dona tayyorlangan va ular yuqori martabali partiya xodimlariga xizmat mashinalari sifatida berilgan.

Foto: Gazeta.ru

Sovetlar GAZ-24 ni ommalashtirish uchun 1970-yillarning ikkinchi yarmida mashinani Mercedes-Benz, BMW va Yevropada tayyorlangan Ford Granada dvigatellari bilan jihozlangan holda ham tayyorlashadi. Biroq xorijiy dvigatellar mashinalarning tannarxini oshirib yuborgani uchun ular ham ommalashmaydi.

GAZ-24 ning texnik xarakteristikasi

· Uzunligi – 4 735 millimetr;

· Eni – 1 800 millimetr;

· Balandligi – 1 490 millimetr;

· Og‘irligi – 1 420 kg;

· Dvigatel quvvati – 85-95 ot kuchiga teng;

· Turi – mexanik, to‘rt uzatish qutili;

· O‘rindiqlar soni – 5 ta;

· Yoqilg‘i sig‘imi – 55 litr;

· Yoqilg‘i sarfi – har 100 kilometrga 12-15 litr

Volga O‘zbekistonda

SSSR davrida Rossiya, Ukraina, Kavkaz va Boltiqbo‘yi respublikalari bilan taqqoslaganda O‘zbekiston aholisida mashina kam edi. Buning asosiy sababi o‘zbekistonliklarning daromadi boshqalarga qaraganda ancha past bo‘lgan.

To‘g‘ri, maoshlar uncha katta farq qilmagan. Biroq Rossiya yo Ukrainada 100 rubl maosh oladigan odam oilasida 3-4 kishi bo‘lsa, o‘zbekistonlik o‘shancha maosh bilan 7-10 kishilik oilani tebratishi kerak edi.

Foto: Dzen

Odamlarning daromadi past, topgani ro‘zg‘ordan ortmagani uchun mahallalarda 4-5 tadan mashina bo‘lardi xolos. U paytlarda nafaqat O‘zbekistonda, balki ittifoqning boshqa joylarida ham “mashina bozor” deb ataladigan bozorlar bo‘lmagan. Kimdir mashina sotib olish uchun pul yig‘sa ham yillar davomida kutishga majbur edi. Yoki minilgan mashinalarni esa faqat tanish-bilishlardan olardi.

1980-yillargacha o‘zbekistonliklar orasida GAZ-24 Volga sotib olish darajasiga yetgan kishilar kam edi. Boshqa tomondan bu mashinani sotib olishga yetgulik puli bor odamlar ham Volga sotib olishdan qo‘rqardi.

Chunki oddiy ishchilarning maoshi 100-150 rubl bo‘lib turgan paytda kimdir Volga olsa, KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) xodimlari chaqirib qimmat mashina uchun 15-20 ming rubl pulni qayerdan, qanday qilib topding deb savol berib qolishlari mumkin edi.

Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi “paxta ishi” doirasida bo‘lib o‘tgan repressiv tergov jarayonlari tugab, uning vahimali shamollari bosila boshlagach odamlar biroz yengil nafas olishadi va puli borlar Volga sotib ola boshlashadi. O‘sha paytlarda o‘zbekistonliklar Volga mashinalarni magazindan sotib ololmasdi.

Foto: PlatesMania.com

Ularni O‘zbekistonga kavkazliklar yoki ukrainaliklar olib kelib sotib ketardi.

GAZ-24 va GAZ-31 Volgalar 1990-yillar oxirigacha biroz obro‘li mashina bo‘lib turdi. So‘ng ular urfdan qoldi. Natijada O‘zbekistondagi juda ko‘p Volgalar kuzovlari o‘zgartirilgan holda “yuk tashuvchi” avtomobillarga aylandi.

Xozirgi yosh avlod bu avtomobilni o‘z davrida uzoq yillar “afsonaviy” bo‘lganini bilmaydi xatto.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid