O‘zbekiston | 11:13 / 06.05.2024
13539
3 daqiqa o‘qiladi

1 yoshli qizaloq vafotidan keyin: Veolia Energy ish jarayoniga o‘zgartirish kiritishini ma’lum qildi

Toshkentda ko‘p yillik daraxtning qulashi sabab 1 yoshli qiz vafot etgandi. Voqea ortidan Veolia Energy kompaniyasi ish jarayonini o‘zgartirishni, jumladan, daraxtlar va boshqa ko‘p qavatli obektlar yaqinida kattaroq maydonni to‘sib qo‘yish, xavfli zona atrofida odamlarning kirishini cheklash uchun ishchi xodimlarni joylashtirishini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Chilonzor tumani 5-mavzesida 3 may kuni ko‘p yillik daraxtning qulashi oqibatida bir yoshli qizaloq vafot etgandi. Hududda poytaxtning issiqlik ta’minoti operatori – Veolia Energy kompaniyasi ta’mirlash ishlarini olib borayotgani, mas’ullarning ehtiyotsizligi sabab shu holat yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgandi.

Voqea ortidan kompaniya qizaloqning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ish jarayoniga o‘zgartirish kiritishini aytdi.

“Biz oilaga har qanday yordamni taqdim etishga tayyormiz. Bu fojiali yo‘qotish va hech bir so‘z bilan ifoda etib bo‘lmas musibat ekanligini anglaymiz. Qizaloq oilasiga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz.

Ayni damda kompaniyamiz keng qamrovli tekshiruv ishlarini olib bormoqda va mas’ul shaxslarga nisbatan choralar ko‘radi, shuningdek, ish jarayonlariga, shu jumladan ta’mirlash ishlariga o‘zgartirishlar kiritadi.

Ko‘rib chiqilayotgan imkoniyatlar:

- daraxtlar va boshqa ko‘p qavatli obektlar yaqinida ish olib borilganda, amaldagi me’yorlarda nazarda tutilganidan kattaroq maydonni to‘sib qo‘yish;

- xavfli zonaning perimetri atrofida odamlarning kirishini cheklash uchun ishchi xodimlarni joylashtirish”, – deyiladi izohda.

Bundan tashqari, kompaniya agar ishlar potensial xavfli obektlar, misol uchun, quruq daraxtlar, eskirgan inshootlar yaqinida amalga oshirilsa, tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish uchun maxsus xizmatlar jalb qilinishini (quruq daraxtlarning shoxlarini kesish, beqaror inshootlarni demontaj qilish, va boshqalar) qayd etgan.

“Yana bir bor hamdardligimizni izhor qilamiz. Bu o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishdir”,– deydi Veolia Energy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz hodisa sabablarini o‘rgangandi. Tahririyat e’lon qilgan materialdan so‘ng Bosh prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruvda suv quvurlarini ta’mirlayotgan ishchilar xavfsizlik choralariga rioya qilmasdan, maxsus texnika yordamida qazish ishlarini olib borgani, buning oqibatida bir tup daraxtning ildizi ochilgani hamda o‘z vaznini ko‘tara olmay yiqilgani aniqlangan.

Mavzuga oid