“Bolalar formula yozmay, vazifa qilmay, mavzuni o‘rganyapti” – fizikani amaliyot bilan birlashtirgan o‘qituvchi
Muhammad Maftun 12 yildan beri o‘quvchi, abituriyent va talabalarga fizikadan dars berib keladi. Uning fizika fanini tushuntirish usuli ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ulgurdi. “Biz metodikani o‘zgartirgan holda o‘qitishni boshlaganimizdan so‘ng ko‘rsatkich 80 foizdan oshdi. Darsda 10 nafar bola qatnashsa, ulardan 8 nafari berilgan ma’lumotni eslab qola boshladi”, deydi u Kun.uz bilan suhbatda.
Muhammad Maftun ismli fizika o‘qituvchisining fizikani o‘rgatish usuli ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘la boshladi. U fizikani nazariy emas, amaliyot orqali o‘quvchilarga o‘rgatadi. U ayni damda Toshkent xalqaro kimyo universitetida termodinamik, elektromagnitizm fanlaridan dars beradi. Kun.uz Muhammad Maftun bilan suhbatda qanday qilib o‘quvchini fizikaga qiziqtirish mumkinligi va bugungi o‘qituvchilarning xatolari nimada ekani haqida suhbatlashdi.
Fizika fanini amaliy usulda o‘tishingiz ko‘pchilikning e’tiboriga tushyapti. Fanni hamma qatori emas, o‘ziga xos usulda o‘tish fikri qanday paydo bo‘ldi?
– 12 yildan beri bolalarga dars berib kelayotgan bo‘lsam, nega hozirgi bolalarning aniq fanlarga umuman qiziqishi yo‘q, nega bolalarda fizika-matematika fanlari oldingidek qiziq bo‘lmay qoldi, degan savollar miyamda aylanaverardi. Ularga javob topish uchun 1 yilcha bolalarda tajriba o‘tkazib, ularni kuzatib yurdim. O‘rganishlarimdan shunday xulosaga keldim: fanga qiziqish yo‘qligi bolalarning aybi emas, yoshlarni fanga qiziqtirish texnologiyasi eskirgan xolos. Masalan, bolalarni oshiq yoki chillak o‘yiniga chaqirsangiz, ularga bu emas, PubGI va Instagram qiziq. Yoki sizga atlas ko‘ylak kiying desam, kiymasligingiz mumkin. Zamonaviy kiyinishni xohlaysiz, to‘g‘rimi?! Menga ham chopon kiying deyishsa, kiyishni xohlamagan bo‘lar edim. Ya’ni kiyinishda ham evolyutsiya o‘zgargan, lekin dars o‘tish 30 yil oldingi bilan bir xil: o‘qituvchi darsga kiradi, mavzuni yozadi, konspekt qildiradi. Bu usul xuddi bugun birdan hammamiz chopon kiyamiz deganga o‘xshaydi. Ya’ni o‘qitish metodikasida evolyutsiya bo‘lmagan. Shuning uchun ham maktab, litsey hamma joyda aniq fanlarda, ayniqsa fizikada o‘zlashtirish 10-15 foizdan oshmay keladi. Aynan shu ko‘rsatkichni ko‘tarish uchun, dars o‘tish texnikasida evolyutsiya bo‘lishini xohladim. Shu sabab Muhandis D loyihasini boshlashga qaror qildik.
– Muhandis D loyihasi qanday loyiha?
– Muhandis D fizika, robototexnika va art muhandisligi fanlaridan faqat amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tiladi. O‘quvchilarning maktabdagi ko‘rsatkichlarini ko‘tarish uchun loyihani tashkil qildik. Biz metodikani o‘zgartirgan holda o‘qitishni boshlaganimizdan so‘ng ko‘rsatkich 80 foizdan oshdi. Darsda 10 nafar bola qatnashsa, ulardan 8 nafari berilgan ma’lumotni eslab qola boshladi. Eng qizig‘i ular formulalar yozmay, uyga vazifa qilmasdan, shunchaki darsga qiziqqani uchun eslab qoladi. O‘quvchilarim maktabida o‘tgan fizika fani mavzusini bilmasligi mumkin, lekin mening darsimda o‘tilgan mavzuni yaxshi eslab qolib javob bera oladi. Bu nima degani? Masalan, oshiq o‘ynashni xohlamayotgan bola, Instagramʼda 5 million obunachisi bor blogga oshiq o‘ynalayotgan videopostni ko‘rib qiziqadi. Ya’ni fizikadagi ma’lumotni ham bola qiziqadigan usulda berish kerak. Buning eng yaxshi yo‘li ko‘rsatish. Fizikani 100 foizi ma’lumot deb olsangiz, hayotda uning 45 foizi kerak bo‘ladi. Biz shu 45 foizni o‘rgatmoqchimiz.
– Nega maktablarda o‘quvchilarning fizika faniga qiziqishi kam, o‘zlashtirish past deb o‘ylaysiz?
– Maktab darsliklarida fizika fanidan amaliy qismi, laboratoriya darslari bor. Lekin laboratoriya ishlari eskirgan. Ko‘p joylarda o‘tilmaydi ham. Va eng yomon jihat ko‘p fizika o‘qituvchilarining o‘zi darsni qiziqarli qilib o‘tolmaydi. Chunki bakalavriatni bitirib maktabga borgan o‘qituvchi bolani fanga qiziqtira olmaydi. Aynan fizika faniga qiziqtirish uchun o‘qituvchi kamida 3 yil ishlagan bo‘lishi kerak. Qo‘liga svarka ushlagan, stanok ko‘rgan, kesgan, chizgan bo‘lishi kerak. Ana shunda bolaga fizikani tushuntira oladi. O‘zim Italiyada o‘qiganman, Yaponiyada malaka oshirganman. Bizning sistema bilan ularniki solishtirganda bizniki zo‘r, lekin uni yetkazib berishda muammo bor. Bilim faqat kitobda qolib ketyapti. Bolalarga faqat kitobni o‘qiyvermasdan hayotni kuzatishni maslahat berar edim. Kitobdagi bitta asosiy mavzuni olib turib, o‘zingizga bu nimaga deb savol beringlar.
– Loyihada kimlar ishtirok etishi mumkin?
– Loyiha 3 yil oldin boshlangan va hozir 4-bitiruvchilarimiz o‘qiyapti. Muhandis D 3 ta qismdan iborat. Muhandis kids – maktab o‘quvchilarini muhandislikka qiziqtirish uchun mo‘ljallangan. Muhandis Junior – 9-11-sinfgacha bo‘lib, abituriyentlarni ham o‘z ichiga oladi. Asosiy maqsadi keyingi bo‘ladigan muhandislikka chuqurroq kirish. 3-qismi bu oliygoh talabalarini qabul qilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amaliyotdagi ishni o‘rgatish. Loyihamizda ixtiyoriy maktab, universitet talabalari istagan joydan tekinga kelib o‘qishlari mumkin. Aynan maktab darsligidan chetga chiqmasdan faqat o‘sha mavzularni amaliy qiziqtirish orqali o‘zlashtirishni ko‘tarishga urg‘u beramiz. Talabalar institutni bitirganidan keyin ishxonaga borsa, hech narsani bilmay o‘tiradi. Ular faqat kitob o‘qigan, ishxonaga borsa, yana noldan o‘rganadi. Ana shu narsada Muhandis D loyihasi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Loyiha universitetdagi talabalarni amaliyotga to‘g‘ridan to‘g‘ri tayyorlaydi.
– O‘zbekistonda fizika faniga qiziquvchilar maqtanarli darajada ko‘p emas deb o‘ylayman. Shu fikrga munosabatingiz qanday?
– O‘zbekiston mustaqilligidan oldin ishlab chiqarish juda ko‘p bo‘lgan. Bunga ixtisoslashgan texnikumlar, zavodlar bo‘lgan. Mustaqillikdan keyin bu narsa keskin qisqarib ketdi. Shunga e’tibor ham pasaydi. Lekin oxirgi 2 yilda muhandislikka qayta e’tibor berilmoqda. Texnoparklar qurilyapti, stanoklar olib kirildi. Xitoy va Germaniyachalik bo‘lmasak ham, muhandislikda o‘sish bo‘lyapti. Sababi iqtisodiyotni ushlab turadigan narsa bu ishlab chiqarish, muhandislik hisoblanadi. Faqat savdo-sotiq bilan ish bitmaydi. Fizikani yaxshi o‘rgangan odam muhandis bo‘la olmasligi mumkin emas. Hozir 5 ta xususiy maktab bilan shartnoma tuzdik. Ularning fizika standartiga qo‘shimcha 9 oylik xizmat ko‘rsatishga kelishib oldik. Ya’ni maktabga borib, haftada 2-3 marta fizika, robototexnika va art muhandisligi fanidan qo‘shimcha dars o‘tib beramiz. Shu yo‘l bilan muhandislikka qiziqishni ko‘paytishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
– Ota-onalar farzandini fanga, biror sohaga yo‘naltirishdan oldin nimalarga e’tibor qaratganlari ma’qul?
– Ota-ona bolasini qo‘lidan ushlab, har xil sohalarni ko‘rsatib chiqishi kerak. Bir kun bozorga, bir kun muzeyga, bir kun konsertga olib tushib bolani qiziqishni aniqlab olishi kerak. Va shundan keyin yo‘naltirish kerak. Sen fizikani, ingliz tilini o‘qiysan deb bolaga shart qo‘yish xato. Bola ko‘p narsani o‘zi ko‘rishi kerak, o‘ziga ko‘p savol berishi kerak. Bundan foyda nima, bu nima degan savolni beraversa, aniq maqsadga, yo‘nalishga ega bo‘lib boraveradi.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:30
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
12:41 / 10.11.2024
Toshkentda litsey o‘qituvchisi o‘quvchini do‘pposladi
20:43 / 09.11.2024