O‘zbekiston | 12:01 / 07.05.2024
22146
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Abdurauf Qorjovov vafot etdi

U 1992-2019 yillar davomida O‘zbekiston teleradiokompaniyasida turli lavozimlarda ishlagan, xususan “O‘zbekiston 24” teleradiokanali bosh muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Foto: yuz.uz

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdurauf Qorjovov 68 yoshida vafot etdi.

Abdurauf Qorjovov 1956 yil 21 sentabrda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tavallud topgan. 1981 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan.

U o‘z faoliyatini “O‘zbekiston ovozi” (“Sovet O‘zbekistoni”) gazetasida musahhih, muxbirlikdan boshladi. 1992-2019 yillar davomida O‘zbekiston teleradiokompaniyasining o‘z muxbiri, bosh muharrir o‘rinbosari, bosh muharrir, direktor o‘rinbosari, “O‘zbekiston 24” teleradiokanali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. 

Abdurauf Qorjovovning “Yo‘llar va manzillar”, “Tabiatning mo‘jizaviy ehsonlari” kitoblari, hammualliflikdagi “Sahro bo‘m-bo‘sh emas”, “Yurt farzandlari”, “Xitoy O‘zbekistonliklar nigohida” kabi ocherklar to‘plamlari nashr etilgan.

U 1994 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga munosib ko‘rilgan. Shuningdek, “O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi” va boshqa ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan.

Abdurauf Qorjovov 2020 yildan buyon “Yangi O‘zbekiston” gazetasi tahririyatida katta muharrir, bo‘lim mudiri, iqtisodiy sharhlovchi vazifalarida ishlab kelayotgan edi. 

Mavzuga oid