Jahon | 12:09 / 08.05.2024
3712
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus taktik yadro quroli «to‘satdan tekshirilishi»ni e’lon qildi

Aleksandr Lukashenko Belarusdagi taktik yadroviy qurollarni «to‘satdan tekshirish»ni buyurdi. Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi taktik yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qilgan edi.

Viktor Xrenin Foto: Belarus Mudofaa vazirligi

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko strategik bo‘lmagan yadroviy qurol tashuvchilarni «to‘satdan tekshirish» haqida buyruq berdi. Bu haqda 7 may, seshanba kuni Belarus Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik rahbari Viktor Xreninning so‘zlariga ko‘ra, «Iskander» operativ-taktik raketa tizimi bo‘linmasi va Su-25 samolyotlaridan iborat eskadrilya shay holatga keltiriladi. Xreninning ta’kidlashicha, «taktik yadroviy qurollar bilan zarbalarni rejalashtirish, tayyorlash va qo‘llashdan tortib, barcha faoliyat turlari» tekshiriladi.

Rossiya taktik yadro quroli bilan mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Bir kun avval Rossiya Mudofaa vazirligi ham xuddi shunday bayonot bilan chiqqan edi. Departament prezident Vladimir Putin topshirig‘iga binoan Ukraina chegarasi yaqinida taktik yadro qurollari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Rossiya rasmiylari yadro qurolidan foydalanish tahdidini qayta-qayta eslatib, Kiyevga G‘arb harbiy yordami yetkazilishining oldini olishga harakat qilmoqda. Bu safar Kreml taktik yadro quroli bilan manyovrlar o‘tkazish qarorini Rossiyaga qarshi «g‘arb rasmiylarining provokatsion bayonotlari va tahdidlari» bilan izohladi.

Mashqlar «yaqin kelajakda» o‘tkaziladi. Ularda Janubiy harbiy okrugning raketa tuzilmalari aviatsiya, shuningdek, dengiz floti kuchlari ishtirokida qatnashadi. Manyovrlar o‘tkaziladigan joy aniqlashtirilmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid