Jahon | 20:24 / 11.05.2024
5137
2 daqiqa o‘qiladi

Meksika-AQSh global migratsiyaning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda

Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) 2024 yilgi Jahon migratsiya hisobotini taqdim qildi.

Foto: Andres Leighton/AP/picture alliance

Global migratsiya yo‘nalishlarida sezilarli o‘zgarishlar, jumladan, ko‘chirilgan odamlar va xalqaro pul o‘tkazmalari miqdorining jiddiy o‘sishi kuzatildi. Bu haqda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) tomonidan taqdim etilgan 2024 yilgi Jahon migratsiya hisobotida aytiladi.

Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, Meksika-AQSh migratsiya yo‘lagi migrantlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Ikkinchi o‘rinni Suriya-Turkiya yo‘nalishi egallagan. Ukraina-Rossiya yo‘nalishi beshinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Mehnat migrantlarining eng ko‘p qismi Janubiy, Shimoliy va G‘arbiy Yevropada ish topmoqda. Ikkinchi o‘rin Shimoliy Amerikaga, uchinchisi arab mintaqasiga tegishli.

Hisobotda ta’kidlanishicha, xalqaro migratsiya inson taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishning drayveri bo‘lib qolmoqda, buni 2000 yildan 2022 yilgacha xalqaro pul o‘tkazmalarining yiliga 128 milliard AQSh dollaridan 831 milliard AQSh dollariga oshgani (650 foiz) tasdiqlaydi.

831 milliard dollar pul o‘tkazmasining 647 milliard dollarini migrantlar daromadi past va o‘rta bo‘lgan mamlakatlarga jo‘natgan. Bunday pul o‘tkazmalari ushbu mamlakatlar yalpi ichki mahsulotining salmoqli qismini tashkil etadi va global miqyosda ushbu mamlakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmidan ko‘pdir.

Garchi xalqaro migratsiya insoniyat rivojlanishini rag‘batlantirishda davom etayotgan bo‘lsa-da, muammolar hali hamon ko‘pligi qayd etilgan. Qurolli to‘qnashuvlar, zo‘ravonliklar, tabiiy ofatlar va boshqa sabablarga ko‘ra uy-joyini tark etganlar soni rekord darajadagi eng yuqori ko‘rsatkichga - 117 million kishiga yetgan.

Dunyodagi qochqinlar orasida Suriya fuqarolari ustunlik qiladi, ikkinchi o‘rinni ukrainaliklar va afg‘onlar egallab turibdi.

Mavzuga oid