O‘zbekiston | 12:01 / 11.05.2024
18348
3 daqiqa o‘qiladi

Tuman darajasidagi to‘rt yuzga yaqin mas’ullar ishdan olindi

Aholi tomorqalaridan unumli foydalanishga qaratilgan Sayxunobod tajribasini ommalashtirishdagi sustkashligi uchun 382 nafar mas’ul ishdan olingan. Xususan, o‘rganish o‘tkazilgan 7 ta tumanda o‘nlab tomorqalarda ekin ekilmagani aniqlangan. Ayni paytda, bu boradagi ishlar natijasida aprel oyining o‘zida 365 ming aholi bandligi ta’minlangani aytilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 10 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish bo‘yicha Sayxunobod tajribasining joylardagi ijrosi muhokama qilindi.

Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu boradagi ishlar natijasida aprel oyining o‘zida 365 ming aholi bandligi ta’minlangan va tadbirkorlikka jalb qilingan. Banklar o‘z mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming kishining ishli bo‘lishiga sharoit yaratgan. Mahallalarda 70 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan. 465 ming gektar tomorqaga ekin ekilgan.

“Lekin ayrim hududlarda sustkashliklar ham bor. Masalan, o‘rganish o‘tkazilgan 7 ta tumanda o‘nlab tomorqalarda mahsulot ekilmagan.

Sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ullar ishdan olingani ma’lum qilindi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, prezident bandlik va aholi daromadi masalasi birlamchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlab, barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirgan.

Sayxunobod tajribasi bo‘yicha ishlarni tuman va mahalla kesimida sifatli tashkil etish, aholiga doimiy ish o‘rni va daromad manbai yaratish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yig‘ilish o‘tkazgan, bu yig‘ilishda “tomorqa va uy xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishda nafaqat Sayxunobod, balki butun mamlakatimiz uchun tub burilish yasashi” ta’kidlangan edi.

Bu tajribaga ko‘ra, tumandagi 19 ta mahallada hokim yordamchilari “1 sotix tomorqadan kamida 1–2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqishi belgilangan. Mahallalarga mini traktor va motokultivatorlar olib beriladi, hokim yordamchilari bu texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid