Ularning oldida Lamborghini’lar ham cho‘t emas – Pagani dunyoning qimmat avtomobillarini tayyorlaydimi?
Italiyani qimmat avtomobillar vatani deb atasa ham bo‘ladi. Chunki dunyoga mashhur sport avtomobillari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning asosiy qismi shu davlatda tashkil etilgan. Ular orasida ommaga uncha ham tanish bo‘lmagan Pagani Automobili S.p.A. kompaniyasi ham bor. Bu kompaniya har yili faqat maxsus buyurtma bilan qimmat avtomobillar ishlab chiqaradi.
Dunyoda boylar uchun hamma narsa mujassam. Qimmatbaho kiyim-kechaklar, uylar, shaxsiy yaxtalar va samolyotlar deganday. Ular faqat pulini to‘lashsa bo‘ldi.
Shu jumladan, asosiy avtokompaniyalardan farqli o‘laroq faqat boylar uchun hashamatli avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham bor.
Bunday avtokompaniyalarning ayrimlarini, masalan Ferrari, Lamborghini, Bugatti, Rolls-Royce, Mercedes-Benz kabilarni juda ko‘pchilik biladi.
Faqat maxsus buyurtmalar bilan ishlovchi va o‘ta qimmat mashinalar ishlab chiqaruvchi Pagani Automobili kompaniyasi haqida uncha ko‘p odam eshitmagan.
Pagani Automobili S.p.A. nisbatan yosh bo‘lsa ham hashamatli avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan munosib raqobatlashmoqda.
Bu kompaniya asoschisi italiyalik bo‘lmasa-da taniqli avtomobillar yaratuvchilari singari unda ham italiyaliklar qoni oqadi.
Kompaniya tarixi
Pagani Automobili S.p.A. kompaniyasi asoschisi Goratsio Pagani hisoblanadi. U 1955 yilda Argentinada italiyalik muhojirlar oilasida tug‘iladi.
Goratsio yoshligidan sport avtomobillariga qiziqadi. U o‘zining birinchi avtomobilini yog‘ochdan tayyorlaganda hali 15 yoshga ham to‘lmagandi.
1976 yilda Goratsio 21 yoshda ekanida “Formula-3” avtopoygalari uchun sport avtomobili tayyorlaydi. Biroq mashina uchun kuchli dvigatel topish muammo bo‘ladi.
Shunda Goratsio uni Renault Argentina kompaniyasi xodimlariga ko‘rsatish uchun mamlakat poytaxti Buenos-Ayresga olib boradi. Kompaniya vakillari dvigatel berishga rozi bo‘lishadi. Bu avtomobil 1977 yilda o‘tkazilgan poygalarda qatnashadi.
Shu joyda Goratsio tayyorlagan avtomobil 1950-yillarda besh marta “Formula-1” poygalarida g‘olib chiqqan argentinalik Xuan Manuel Fangioning e’tiborini tortadi.
U 22 yoshli Goratsio bilan tanishadi va unga Italiyaga borib Ferrari, Lamborghini yoki Alfa Romeo kompaniyalaridan biriga ishga kirishni maslahat beradi.
Shu joyda mashhur poygachi Goratsioga tavsiyanoma ham yozib beradi. U oradan besh yil o‘tib Italiyaga keladi va aynan Fangio yozib bergan tavsiyanoma bilan Lamborghini kompaniyasida ish boshlaydi.
Lamborghini kompaniyasi zavodlari Italiya markazida joylashgan va “Motorlar vodiysi” deb atalgan hududda edi. Modena va Bolonya shaharlari joylashgan bu hududda Lamborghini’dan tashqari dunyoga mashhur Ferrari, Maserati, Alfa Romeo, Ducati va Dallara kompaniyalarining ham zavodlari bor.
“Motorlar vodiysi”da Misano, Modena, Riccardo Paletti deb ataluvchi avtodromlar joylashgan bo‘lib, superavtomobillarning sinovlari ularda o‘tkaziladi.
Lamborghini’da ish boshlagan Goratsio avvaliga uning kuzov tayyorlash bo‘limida oddiy ishchi sifatida ishlaydi. Keyinroq kompaniyaning kompozit materiallar tayyorlovchi bo‘limini boshqaradi. So‘ng Automobili Lamborghini S.p.A bosh muhandisi bo‘ladi.
1988 yilda Goratsio Pagani Composite Research kompaniyasini tashkil etadi va unda avtomobillar uchun kompozit materiallar tayyorlab Lamborghini kompaniyasiga sota boshlaydi.
Pagani Composite Research kompaniyasi hanuzgacha o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va Ferrari hamda Renault kabi kompaniyalarga sport avtomobillari uchun karbondan tayyorlangan detallarni yetkazib bermoqda.
Shu bilan birga, Goratsio Lamborghini kompaniyasida ishlashni davom ettiradi va bosh muhandis sifatida Lamborghini Countach, Lamborghini P140 va Lamborghini Diablo kabi qimmat avtomobillar loyihasida ishtirok etadi.
Goratsio Lamborghini kompaniyasi bilan hamkorlik qilar ekan, har doim o‘z avtokompaniyasini ochishni orzu qilardi. U o‘zining ilk superavtomobili C8 loyihasini 1980-yillar oxirida tayyorlaydi.
Goratsio avvaliga C8 avtomobilining nomini o‘zini Italiyaga taklif qilgan Xuan Fangio sharafiga Fangio F1 deb nomlaydi. 1991 yilda u Modena Design kompaniyasini tashkil etadi va Fangio F1 ustida ishlay boshlaydi.
1992 yilda Goratsio Pagani Automobili S.p.A. avtomobilsozlik kompaniyasini tashkil etadi. Ilk avtomobil loyihasi ustidagi ishlar davom ettiriladi.
Birinchi avtomobil
1993 yilda Fangio F1 avtomobili dastlabki sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tadi. 1994 yilda Goratsio o‘z loyihasiga Xaun Fangioning o‘zini ham taklif etadi.
Fangio Mercedes-Benz rahbarlari bilan do‘stona aloqada edi. U nemis kompaniyasini Fangio F1 uchun dvigatel berishga ko‘ndiradi.
Ko‘p o‘tmay Pagani Automobili S.p.A. kompaniyasi Mercedes-Benz bilan shartnoma imzolaydi. Nemislar Goratsio ishlab chiqaradigan sport avtomobillari uchun V12 dvigatellarini yetkazib berish majburiyatini oladi.
Goratsio sotish uchun mo‘ljallangan Fangio F1 avtomobilining dastlabkisini 1995 yilda tayyorlaydi. O‘sha yili Xuan Fangio vafot etadi. Shunda Pagani Fangio F1 nomidan voz kechadi va avtomobilini Pagani Zonda C12 deb nomlaydi.
Zonda so‘zi Janubiy Amerikada joylashgan And tog‘larida esuvchi kuchli shamol nomi. Pagani Zonda C12 ilk bor 1999 yilda Jyeneva avtosalonida namoyish etiladi. Shundan so‘ng bu super avtomobilga buyurtmalar tusha boshlaydi.
1999 yilda Pagani Zonda C12 avtomobilidan 5 dona tayyorlanadi. Uning bittasi kompaniya ko‘rgazmalar zaliga qo‘yiladi, qolgan to‘rttasi sotiladi.
Pagani Zonda C12 avtomobili 6 litr hajmli 480 ot kuchiga ega Mercedes-Benz M120 V12 dvigateli bilan jihozlangan edi. O‘sha paytda bu mashinaning eng oddiysi 400 ming dollar bo‘lgan. Mijozlarning qo‘shimcha talablariga qarab uning narxi oshib boravergan.
O‘sha yildan boshlab kompaniya har yili 10-15 tadan Pagani Zonda C12 avtomobilini tayyorlab sotadi. 2012 yilga kelib kompaniya bu rusumni ishlab chiqarishni to‘xtatadi.
Keyinchalik kompaniya faqat buyurtma asosida Pagani Zonda avtomobillarini tayyorlab berishda davom etadi. Bugungacha Pagani Automobili jami 209 ta Pagani Zonda C12 avtomobilini ishlab chiqarib sotishga muvaffaq bo‘lgan.
Maxsus buyurtma bilan tayyorlangan avtomobillarga alohida nomlar qo‘yiladi. Masalan, 2011 yilda tayyorlab berilgan avtomobilga buyurtmachining istagi bilan Pagani Zonda Rak, 2015 yilda tayyorlanganiga Pagani Zonda ZoZo deb nom berilgan.
2009 yilda Goratsio Pagani Pagani Zonda Cinque giperkari ishlab chiqarilishini e’lon qiladi. Bu avtomobildan bor-yo‘g‘i 5 dona tayyorlanadi.
2010 yilda Jyeneva avtosalonida Pagani Zonda Tricolore nomli yangi avtomobil taqdimoti o‘tkaziladi. Uning boshlang‘ich narxi 1,3 mln yevro edi. Bu avtomobildan birini taniqli futbolchi Messi 4,8 mln dollarga xarid qilgan.
Pagani Huayra
2010 yilda Goratsio Pagani Zonda C12 avtomobillari o‘rnini bosish uchun yangi Pagani Huayra giperkarni tayyorlaydi. Bu avtomobil ilk bor 2011 yilda Jyeneva avtosalonida namoyish etiladi.
Kompaniya Pagani Huayra avtomobilidan yiliga 40 dona tayyorlashni rejalashtiradi. Uning oddiy varianti 1 mln dollarga baholanardi. Bu avtomobil ham Mercedes-Benz kompaniyasining 6 litr hajmli 700 ot kuchiga ega bo‘lgan V12 dvigatellari bilan jihozlanadi.
Pagani Huayra avtomobillari o‘shandan buyon hanuzgacha tayyorlanmoqda. 2016 yilda Jyeneva avtosalonida uning yangilangan Pagani Huayra BC rusumi namoyish etiladi.
Ko‘p o‘tmay Pagani Huayra Roadster rusumi ham ishlab chiqariladi. Bu avtomobildan shu paytgacha 100 dona tayyorlangan va ularning barchasi 2,28 mln dollardan sotilgan.
Kompaniya 2022 yilda maxsus buyurtma bilan narxi 7 mln yevro turadigan Pagani Huayra Codalunga nomli avtomobilni tayyorlab beradi.
Maxsus rusumlar
2012 yilda Jyeneva avtosalonida Pagani Automobili tomonidan tayyorlangan Pagani Huayra Carbon Edition va Pagani Huayra White Edition avtomobillari namoyish etiladi.
Oddiy Pagani Huayra’dan farqli ravishda Pagani Huayra Carbon Edition avtomobilining kuzovi qora rangli ugleplastik materialdan tayyorlangandi. Pagani Huayra White Edition esa oq rangli edi.
Shu avtomobilning Pagani Huayra La Monza Lisa nomi bilan tayyorlangani amerikalik avtomobil kolleksioneri Kris Sinx uchun maxsus ishlab chiqarilgandi.
Kompaniya Pagani Huayra’ni Xitoy bozoriga Pagani Huayra Dinastia nomi bilan olib kiradi. Bu avtomobil kuzovi Xitoy mifologiyasidagi ajdarho surati bilan bezatilgan edi.
Pagani Huayra 730S – bu rusum ham maxsus buyurtma bilan tayyorlangan bo‘lib, undagi 730 avtomobildagi ot kuchining miqdorini, S harfi esa buyurtma bergan odamning familiyasini anglatadi.
Bu avtomobilning dastlabki egasi Aleksandro Solomon bo‘lgan. Keyinchalik u amerikalik milliarder Ferrari avtomobillari kolleksioneri Devid Liga o‘tgan. Devid avtomobil nomini Da Vinci deb o‘zgartirgan.
Pagani Utopia
2022 yilda Pagani Automobili kompaniyasi Pagani Utopia avtomobilini ishlab chiqaradi. Avtomobil o‘sha yili Milandagi Liriko teatrida ommaga namoyish etiladi.
Bu avtomobilga ham Mercedes-Benz kompaniyasining V12 dvigatellari o‘rnatiladi. 964 ot kuchiga teng bo‘lgan bu dvigatelning og‘irligi qariyb 300 kilogrammni tashkil etadi.
Bu rusumni tayyorlash uchun Goratsio Pagani 6 yil vaqt sarflagan. Kompaniya Pagani Utopia avtomobillaridan 99 dona tayyorlanib sotishni rejalashtirgan.
Hozirgacha barcha avtomobillar mijozlarga sotib bo‘lingan va ular navbati bilan yetkazib berilmoqda. Birinchi avtomobil 2023 yil oktyabr oyida buyurtmachiga topshirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra bugun Pagani Automobili S.p.A. korxonalarida ishlovchilar soni 200 nafarga ham yetmaydi. Kompaniyaning aylanma mablag‘i ham juda kamtar – bor-yo‘g‘i 150 mln dollar atrofida.
Shunday bo‘lsa ham qimmat avtomobillar bozorida Pagani’ning o‘z buyurtmachilari bor. Ular Pagani avtomobillarini Ferrari va Lamborghini avtomobillaridan afzal ko‘rishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
21:14 / 22.11.2024
Italiyada ekofaollar norozilik ramzi sifatida IIV binosi qarshisiga go‘ng to‘kdi
16:48 / 17.11.2024
Italiyalik tadbirkor o‘g‘irlab ketilishini uyushtirgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
22:08 / 15.11.2024
Alp tog‘larida turistlar 280 mln yillik qadimiy hayvonlar izlariga duch keldi
18:29 / 12.11.2024