Jahon | 23:30 / 15.05.2024
6885
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga 71 yoshli yozuvchi o‘q uzgan - OAV 

Yuray Tsintula Levitsa shahrida yashaydi va adabiyot klubiga asos solgan. Uning nima uchun siyosatchiga suiqasd qilgani noma’lum. 

Foto: Aktuality.sk

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning hayotiga suiqasd mahalliy yozuvchi Yuray Tsintula tomonidan sodir etilgan, deb xabar berdi TV Markiza. Erkak politsiya tomonidan voqea joyida qo‘lga olingan. Hujumchining shaxsi rasman tasdiqlanmagan, uning nima sababdan o‘q uzgani ham noma’lum. 

Tsintula 71 yoshda, u Levitsa shahrida yashaydi va adabiyot klubiga asos solgan. 2015 yildan Slovakiya Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, uchta she’riy to‘plami va ikkita nasriy kitobi nashr etilgan. 

Avvalroq OAV Fitsoni otgan erkakda qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan qurol borligi va undan o‘q uzgani haqida xabar bergan edi. Slovakiya bosh vazirining suiqasddan so‘ng ahvoli og‘ir, uning hayotiga tahdid bor, deb xabar berdi mamlakat hukumati. 

Fitsoga hujum Gandlova shahrida Slovakiya hukumati yig‘ilishi o‘tkazilgan Madaniyat uyi oldida sodir bo‘ldi. Standard nashri xabariga ko‘ra, bosh vazir bino tashqarisida to‘plangan olomon orasidan o‘tayotganda bir kishi unga ism-sharifini aytib murojaat qilgan, so‘ng to‘pponchani chiqarib, yaqin masofadan besh marta o‘q uzgan. Fitsoga uchta o‘q tegdi – ikkitasi oshqozonga, biri yelkasiga. Politsiya zudlik bilan hujumchini qo‘lga olgan. 

TA3 telekanalining xabar berishicha, Fitso operatsiya qilingan, uning ahvoli barqaror. 

Robert Fitso 2023 yil oktyabr oyida Slovakiya bosh vaziri lavozimini egalladi. Ommaviy axborot vositalari Fitsoni rossiyaparast siyosatchi deb ataydi. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining ikki yilligi munosabati bilan qilgan nutqida u Donbassdagi urush «ukrainalik neonatsistlarning avj olgani» tufayli boshlanganini va «Rossiya prezidentining boshqa chorasi bo‘lmaganini» aytdi. NATO sharqqa tomon kengayganida, «Putin bu jarayonni to‘xtatish uchun keng ko‘lamli urushni boshladi», deb hisoblaydi Fitso. 

U, shuningdek, Ukrainani «eng korrupsiyalashgan davlat» deb atadi va Yevropa Ittifoqining Kiyevga yordamini bloklashini aytdi. Biroq, yanvar oyida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bilan Ujgorodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda «yangi pragmatizm» siyosatini boshlash kerakligiga rozi bo‘lgan edi. Fitso Bryusselda Ukraina Qurolli Kuchlariga yordam ajratilishiga to‘sqinlik qilmaslikka va’da berdi va Volodimir Zelenskiyning «tinchlik formulasini» qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid