O‘zbekiston | 10:54 / 16.05.2024
3357
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda yer maydonini 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Hududlarda yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Oltinko‘l tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda, fuqaro O.Sh. “Ittifoq” MFY hududidagi 80 sotix noturar yer maydonini fuqaro A.B.ga firibgarlik yo‘li bilan 160 000 AQSh dollariga sotishga kelishib,  go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydonini turar joy sifatida foydalanishi uchun yana 10 000 AQSh dollari berishi kerakligini aytib, kelishilgan pullar hisobidan 50 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, departament, DXX va IIB Samarqand viloyati boshqarmalari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro Sh.E. Payariq tumani Maniobod mahallasida joylashgan ijara huquqi asosida dehqon xo‘jaligini yuritishi uchun ajratilgan 2,1 gektar yer maydonini fuqaro A.A.ga 36 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid