O‘zbekiston | 10:51 / 17.05.2024
3847
3 daqiqa o‘qiladi

 “6 milliondan 12 million so‘mgacha”. Kibersport assotsiatsiyasi prezidenti mamlakatdagi kibersportchilarning maoshlari haqida

Kibersport assotsiatsiyasi prezidenti Doniyor Jo‘rayev “Sigma Podkast” loyihasining navbatdagi sonida mamlakatda kibersportning rivojlanishi, unga qaratilayotgan e’tibor, ota-onalarning munosabati va maoshlar haqida ma’lumot berdi.

Assotsiatsiya prezidenti eng yirik o‘yin ishlab chiqaruvchilardan biri Tencent kompaniyasi O‘zbekistonda serverlarini o‘rnatgani mamlakat imiji uchun katta ish bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan ham muzokaralar ketayotganini ma’lum qildi.

Eski davrlarda kompyuter o‘yinlari va kibersportning faqatgina zararli tomonlariga urg‘u berilardi. Turli xil reydlar, nafratga to‘lib toshgan ko‘rsatuvlar tayyorlanardi, lekin hozirda hukumatning kibersportga nisbatan munosabati tubdan o‘zgargan.

Kibersportga kirish oson. Istalgan jismoniy holatdagi va yoshdagi shaxs u bilan professional shug‘ullana oladi. Kibersportda imkoniyatlar hammada teng. Murabbiylar nazorati ostida amalga oshirilsa bundan hech kim zarar ko‘rmaydi. Biz o‘yinchilar uchun barcha sharoitlarni yaratmoqdamiz.

Albatta, ota-bobolarimiz boshqa narsalarga qiziqqan bo‘lishi mumkin, lekin har bir avlodning o‘z qiziqishlari bor va bu yaxshi yoki yomonligini hech kim aytolmaydi. Yoshlarni chegaralash kerak emas” , deydi Doniyor Jo‘rayev.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda kibersportchilar 6 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha maosh oladi.

Shuningdek, assotsiatsiya prezidenti yaqinda bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Esporst Championship” turniriga to‘xtalib o‘tdi. Turnirga O‘zbekiston uchun rekord miqdordagi 350 million so‘m sovrin jamg‘armasi qo‘yilgan. Unda O‘zbekistonning barcha hududlaridan jamoalar qatnashgan.

O‘zbekiston 2026 yil “Kelajak o‘yinlari”ga ham mezbonlik qilishi kutilmoqda va Doniyor Jo‘rayev ushbu yirik turnir uchun tayyorgarlik ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

“Kelajak o‘yinlari” – bellashuvlar bir vaqtning o‘zida sportning an’anaviy turlari va ularning raqamli muqobillarida o‘tkaziladigan yuqori texnologik musobaqadir. Turnirda 100 dan ortiq mamlakat ishtirok etadi va bahslar 21 ta innovatsion yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi.

Doniyor Jo‘rayev shuningdek, PUBG Mobile’ga o‘zbek tilining kiritilishi, ona tilimizning dunyo madaniyati va tarixida qoldirgan raqamli izi bo‘lishi va kelajakda o‘yin ichida O‘zbekistonning tarixiy obidalari, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mashinalar ham paydo bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

“Bu bir kishi tomonidan qilingan ish emas, bu jamoaviy mehnat mahsuli. Bir necha vazirliklar, federatsiyalar va faollarning qilgan harakatlari asosida Tencent kompaniyasi bilan hamkorlik yuzaga keldi. Bu bizning kichik bo‘lsa-da o‘zbek tilini saqlab qolish, uni rivojlantirish uchun qo‘shgan jamoaviy hissamiz” , dedi Doniyor Jo‘rayev podkastda.

Mavzuga oid