Jahon | 08:02 / 17.05.2024
3895
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Rossiya Xarkiv yaqinida strategik muvaffaqiyatga erishishini kutmayapti

Qo‘shinlar sonining yetarli emasligi Rossiya Qurolli kuchlariga strategik muvaffaqiyatlarga erishishga imkon bermaydi va ukrainaliklar G‘arbning harbiy yordamini hisobga olgan holda Xarkiv viloyatida mudofaa chizig‘ini ushlab turadilar, deydi Kristofer Kavoli.

Foto: AP

Rossiya armiyasi Xarkiv viloyatida strategik muvaffaqiyatga erishish uchun yetarli kuchga ega emas, deydi NATO ittifoqdosh qurolli kuchlarining Yevropadagi bosh qo‘mondoni, general Kristofer Kavoli. Rossiya kuchlari «mahalliy muvaffaqiyatlarga erishishga qodir va ular shunday qildilar», biroq ayni paytda «mahalliy yo‘qotishlarga uchradilar», dedi Kavoli 16 may, payshanba kuni. Qolaversa, Rossiya harbiylarida «mahorat va imkoniyatlar» yetishmaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, amerikalik general Ukraina qurolli kuchlarining mudofaa chizig‘ini ushlab turish qobiliyatiga ishonch bildirdi. Hozirda Ukraina harbiylari «katta miqdorda o‘q-dorilar, qisqa masofali havo hujumidan mudofaa tizimlari va zirhli texnikalarni» olmoqda», dedi Kavoli. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO hamkorlari tomonidan Kiyevga taqdim etilgan keyingi harbiy yordam yaqin orada kelib qoladi.

Rossiyaning Xarkiv viloyatiga hujumi

10 may kuni Rossiya armiyasi Xarkiv viloyatini o‘qqa tutishni kuchaytirib, mintaqaga hujum boshladi. Rossiya harbiylari chegaradagi bir qancha qishloqlarni bosib olishga muvaffaq bo‘ldi. AFP ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta ichida Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hududining 278 kvadrat kilometrini egallab olgan. Ukraina mintaqadan tinch aholini evakuatsiya qilmoqda.

16 may kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkivda oliy bosh qo‘mondonlik shtabi yig‘ilishini o‘tkazdi. Xarkiv yo‘nalishi «o‘ta murakkabligicha qolmoqda», Ukraina harbiylari esa o‘z bo‘linmalarini kuchaytirmoqda, dedi davlat rahbari va butun mintaqadagi vaziyat nazorat ostida qolayotganini ta’kidladi. 

Mavzuga oid