O‘zbekiston | 21:44 / 18.05.2024
4333
2 daqiqa o‘qiladi

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli tarmoqdan uzilgan iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarida iste’molchilar tarmoqqa qayta ulandi.

Soat 20:00 holatiga ko‘ra, kuchli shamol hamda yomg‘ir tufayli o‘chgan barcha tarmoqlar qayta ulanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Avvalroq, noqulay ob-havo sharoiti tufayli Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarida iste’molchilar «svetsiz» qolgan edi.

Qayd qilinishicha, soat 14:00 holatiga ko‘ra, 210 MVt quvvat bilan o‘chgan 139 ta fider tarmoqqa qayta ulangan. Natijada Buxoro, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari iste’molchilari to‘liq, qolgan hududlarda esa qisman, jami 50 ming 750 ta iste’molchi hamda kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalarining elektr ta’minoti tiklangan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi «Yaypan» podstansiyasida 3 MVt quvvat bilan avariyaviy o‘chgan «T-2» transformatori ham tarmoqqa ulangan.

Soat 15:07 da Jizzax viloyatida o‘chgan barcha tarmoqlar ulanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklangan. Soat 19:10 da Xorazm viloyatida barcha tarmoqlar ulanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.

Soat 20:00 holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida ham kuchli shamol hamda yomg‘ir tufayli o‘chgan barcha tarmoqlar ulanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklangan.

«Shunday qilib, ayni paytda tabiat injiqligi bois o‘chgan barcha tarmoqlar ulanib, aholi iste’molchilari va kichik ishlab chiqarish sanoat korxonalari elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlandi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid